ᅠᅠ

ᅠᅠ

1R.MEDIA

YAHYO ALAYHISSALOM

Yahyo alayhissalom Zakariyyo alayhissalomning oʻgʻillaridir. Bu ikki zot Bani Isroilning oxirgi nabiylaridan boʻlganlar. Ular oʻz qavmlaridan faqat tugʻyon, zalolat va sarkashlik koʻrdilar. Shunday boʻlsa ham, Allohga daʼvat qilishda davom etdilar. Yahyo alayhissalom va Zakariyyo alayhissalom yahudiylar tarafidan vahshiyona qatl etildilar. Yahyo alayhissalom Iyso alayhissalomdan bir necha yil oldin dunyoga kelib, umrlarining koʻp qismini u zot bilan birga oʻtkazganlar. “Maryam” surasida Yahyo alayhissalom haqlarida quyidagilar aytiladi: “Ey Yahyo, kitobni quvvat-la ol!” (dedik). Unga goʻdakligidayoq hikmat berdik” (12-oyat). Alloh taolo Yahyo alayhissalomga: “Tavrotni quvvat bilan ol”, demoqda. Aslida Muso alayhissalomga nozil boʻlgan Tavrotni keyin kelgan paygʻambarlar, jumladan, Zakariyyo alayhissalom va u zotning oʻgʻillari Yahyo alayhissalom ham oʻqib, unga amal qilganlar. Oyatdagi “Unga goʻdakligidayoq hikmat berdik”, degan jumlani ulamolarimiz ilm-u hikmat mazmunida taʼvil qilganlar. “Va Oʻz tomonimizdan mehribonlik va poklik (berdik). Hamda u taqvodor edi” (13-oyat). Yaʼni, Yahyo alayhissalomga kitob, ilm-u hikmat bilan birga, mehribonlik va poklik ham berilgan. Shuningdek, Yahyo alayhissalom juda taqvodor zot edilar. “Va ota-onasiga mehribon boʻlib, dimogʻdor va isyonchi emasdi” (14-oyat). Yahyo alayhissalomning fazilatlaridan yana biri ota-onaga mehribonliklari edi. Xususan, keksalikda koʻrilgan farzandning ota-onaga mehribon boʻlishi katta fazldir. “Unga tugʻilgan kunida ham, oʻladigan kunida ham, qayta tiriladigan kunida ham salomlar boʻlsin” (15-oyat). Alloh taolo Yahyo alayhissalomga inson farzandi eng zaif va yordamga muhtoj boʻladigan uch holatda: tugʻiladigan, oʻladigan va qayta tiriladigan kunlarida salomatlik tiladi. Bu juda ulkan saodatdir. Alloh taolo Yahyo alayhissalomni vasf qilib, Oli Imron surasida shunday marhamat qiladi: “Mehrobda namoz oʻqib turganida farishtalar unga: “Albatta, Alloh senga Allohdan boʻlgan kalimani tasdiqlovchi, boshliq, shahvati tiyilgan, solih nabiylardan boʻlgan Yahyoning bashoratini bermoqda”, dedilar. (39-oyat). Zakariyyo alayhissalom mehrobda namoz oʻqib turganlarida Allohning farishtalari kelib, u zotga suyunchilik xabarini yetkazdilar. Onasi unga hali homilador boʻlmasidan, Alloh taolo Yahyo alayhissalomning vasflarini bayon qilmoqda. Ismi-Yahyo. Bu farzand Allohdan boʻlgan kalimani tasdiqlovchi. Shahvati tiyilgan, yaʼni ayollarga nisbatan boʻladigan ragʻbatini jilovlab yuradi. Shu joyda taʼkidlab oʻtish kerakki, Qurʼoni karim oyatida bu sifat “hasur” lafzi bilan kelgan. Bu soʻz “erkakligi yoʻq” degan maʼnoda ham ishlatiladi. Baʼzi yaxshi tushunmagan odamlar Yahyo alayhissalomga ham ushbu maʼnoni nisbat berishadi. Ulugʻ tafsirchilarimiz esa bu fikr mutlaqo notoʻgʻri ekanini qayta-qayta taʼkidlaganlar, chunki erkakligi yoʻq boʻlish jiddiy nuqson hisoblanib, paygʻambarlar bunday nuqsondan xoli zotlardir. Yahyo alayhissalomda erkaklik xususiyati komil suratda mavjud boʻlgan, biroq Alloh taolo u zotga ayol zotiga nisbatan hosil boʻladigan shahvatni tiyish qobiliyatini bergan.
Yana oyatda boʻlajak Yahyo ismli farzand solih paygʻambarlardan boʻlishining bashorati ham qilingan. Yahyo alayhissalom taqvo va zohidlik bilan hayot kechirganlar. Yahyo alayhissalomning daʼvatlari nozik hikmatlar asosida boʻlgan. Imom Ahmad bu haqda Paygʻambarimiz alayhissalomdan quyidagilarni rivoyat qiladilar: “Alloh Yahyo ibn Zakariyyoni besh narsaga amr qilgan hamda Banu Isroilni ham oʻsha narsalarga amal qilishga buyurishni zimmasiga yuklagan edi. Sal boʻlmasa, u kech qolay dedi. Iyso alayhissalom unga: “Sen besh narsaga amal qilishga va Bani Isroilni ham ularni qilishga amr etishga buyurilgansan. Ularni yetkazadigan boʻlsang — yetkaz, boʻlmasa — men yetkazay”, dedi. U: “Ey birodarim! Agar sen mendan oldin qilsang, azobga qolishdan yoki meni yer yutishidan qoʻrqaman”, dedi.
Soʻng Yahyo Bani Isroilni Baytul maqdisga jamladi. Masjid toʻldi. U balandga chiqib oʻtirdi va dedi: “Alloh azza va jalla meni besh narsaga amal qilishga amr etdi va sizlarni ham oʻshalarga amal qilishga buyurdi. Ular quyidagilar:
Birinchisi - Allohga ibodat qilishingiz va Unga biror narsani sherik qilmasligingiz. Bu xuddi birov oʻzining xos kumushi yoki tillasiga qul sotib olganga oʻxshaydi. U qul ishlab topganini boshqa odamga olib kelib bersa, sizdan qay biringiz oʻzining quli shunday boʻlishini xohlaydi?! Alloh sizni yaratgan va rizq bergan. Unga ibodat qilingiz va Unga biror narsani sherik qilmangiz.
Ikkinchisi — sizlarni namoz oʻqishga amr qildi. Modomiki banda alanglamasa, Alloh unga yuz tutadi. Qachon namoz oʻqisangiz, alanglamang.
Uchinchisi — sizlarni roʻza tutishga amr qildi. Bu xuddi bir toʻp odamlar orasida mushkli xaltani koʻtarib yurgan odamga oʻxshaydi. Ularning hammasi mushk hidini payqarlar. Roʻzador ogʻzining hidi Allohning nazdida mushkning hididan afzaldir.
Toʻrtinchisi — sizlarni sadaqa berishga amr qildi. Bu esa xuddi dushman bildirmay ushlab olgan kishining misoliga oʻxshaydi. Uning qoʻlini boʻyniga bogʻlab, chopish uchun olib borishganida: “Oʻzimga oʻzim toʻlov berib, qutqarib olsam, maylimi?” debdi. Soʻng oz-ozdan koʻpaytirib borib, koʻp mol evaziga olibdi.
Beshinchisi — sizlarni Oʻzini koʻp zikr qilishga amr etdi. Buning misoli xuddi ortidan dushman quvib kelayotgan odamga oʻxshaydi. U oxiri borib, metin qoʻrgʻonga kirib, berkinib olibdi. Banda Allohning zikrida boʻlsa, oʻzini shaytondan qoʻrgʻonlab turgan boʻladi”.
Tarixchilarning taʼkidlashlaricha, Falastin hukmdori shoh Hirod zolim va fosiq odam boʻlgan. U oʻz akasining xotinini yaxshi koʻrib qolib, akasini oʻldirgan va unga uylangan edi. Bu ham yetmagandek, uning qizini, yaʼni oʻz jiyanini yaxshi koʻrib qolib, unga ham uylanmoqchi boʻldi. Qiz va uning onasi ham bu ishga rozi boʻlishdi. Biroq Yahyo alayhissalom bunday nikoh haromligini aytib, qarshi chiqdilar.
Shunda qizning onasi Yahyo alayhissalomni yoʻq qilish payiga tushib qoldi. Qizini yasantirib, hukmdorning oldiga kirgizdi. U raqs tushib, hukmdorning koʻnglini oldi. Shunda u qizga: “Tila tilagingni”, dedi. Qiz: “Yahyoning boshini ushbu tovoqqa solib, oldirib kel”, dedi. U bu ishni bajarishga amr qildi va Yahyo alayhissalomni soʻyib, boshini olib kelishdi.
Yahyo alayhissalomning shogirdlari mashʼum xabarni Iyso alayhissalomga yetkazganlarida, u zot qattiq xafa boʻldilar va odamlarni Yahyo alayhissalomning daʼvatlariga chaqira boshladilar. Iyso alayhissalomga koʻplab odamlar ergashdi. Yahyo alayhissalomning bu tarzda qatl etilishlariga koʻpchilik ilm ahllari qarshi chiqishdi. Shunda zolim hukmdor ularning koʻpchiligini, jumladan Yahyo alayhissalomning otalari Zakariyyo alayhissalomni ham oʻldirdi. Alayhissalomlar shahid boʻlgan holda oʻldilar. Bani Isroilning jinoyatlari yana koʻpaydi, bu bilan ular yana qaytadan azob-uqubatga loyiq boʻldilar. Qilgan ishlari va paygʻambarlarni nohaqlik bilan oʻldirganlari uchun ularga jazo sifatida osmondan Allohning laʼnati yogʻildi. Allohning kalomi ila ularga xorlik va miskinlik bitildi. Bunday boʻlishligi osiy boʻlganlar va haddan oshganlar sababchidir.
Foydalanilgan manbalar.
1. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf QURʼONI KARIM va oʻzbek tilidagi maʼnolar tarjimasi. Toshkent 2017-yil.
2. Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. “Islom tarixi” kitobi.
3. Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Anbiyolar qissasi. Portal islom.uz.
4. Paygʻambarlar qissasi. islom.uz.
5. Afzal Rafiqov — Paygʻambarlar tarixi. www.zamonaviy.com
YAHYO ALAYHISSALOM — Video

Report Page