ᅠᅠ

ᅠᅠ

1R.MEDIA

AL-YASAʼ ALAYHISSALOM

Qurʼoni karimda Al-Yasaʼ alayhissalomning ismlari ikki marta zikr qilingan. Al-Yasaʼ alayhissalom Ilyos alayhissalomning amakilarining oʻgʻli boʻlganlar. U zotning nasablari Yusuf alayhissalomda tutashadi. “Anʼom” surasida: “Va Ismoil, Al-Yasaʼ, Yunus va Lutni ham. Barchalarini butun olamlardan afzal qildik” (86-oyat). Alloh taolo Oʻz paygʻambarlaridan katta guruhini zikr qilish davomida Ismoil, Al-Yasaʼ, Yunus va Lut alayhissalomlarni zikr etgan. Bularning alohida ajralib turadigan sifatlari Allohning Oʻziga ayon. Ammo “Barchalarini butun olamlardan afzal qildik”, deyilishidan ular olamdagi eng afzal zotlar ekani maʼlum boʻlmoqda.
“Sod” surasida: “Ismoil, Al-Yasaʼ va Zulkiflni ham esla. Barchalari axyorlardandir.” (48-oyat). Al-Yasaʼ alayhissalom toʻgʻrisida Qurʼoni karim va hadisi shariflarda boshqa maʼlumot yoʻq. Al-Yasaʼ alayhissalom Bani Isroilning paygʻambarlaridan boʻlib, Ilyos alayhissalomning shariatlariga daʼvat qilganlar. U zotning davrlarida gunoh ishlar va zulm nihoyatda kuchaygan. Ana shunday ogʻir bir sharoitda Al-Yasaʼ alayhissalom Shomning Baʼlabakka shahrida paygʻambarlik qilganlar va ana shu zaminda vafot etganlar.
Rivoyat qilinishicha, Ilyos alayhissalom bir uyga kirganda, u yerda Al-Yasaʼ betob boʻlib yotgan ekan. Uning onasi Ilyos alayhissalomdan oʻgʻliga shifo berishi uchun Allohga iltijo qilib duo qilishni soʻraydi. Ilyos alayhissalomni duolari ijobat boʻlib Al-Yasaʼ shifo topadi. Shundan keyin, Al-Yasaʼ Ilyos alayhissalom bilan birga yuradi. Ilyos alayhissalom qarigan, Al-Yasaʼ esa yosh yigit edilar. Ilyos alayhissalom qissasida, Allohga ibodat qilishdan bosh tortgan qavmni duoʼibad qilinishi sababli qavm yurtida qahatchilik kelib ekinlar, chorvalar qirilib ketganligi bayon etilgan edi. Bir necha yildan soʻng, Alloh taolodan Ilyos alayhissalomga qavmning ibodatga daʼvat etishni davom etish haqida vahiy keladi. Shundan soʻng, Ilyos alayhissalom va Al-Yasaʼ alayhissalom qavmga murojaat qilib, “hech qanday foyda bermaydigan butlarga sigʻinishni bas qilib, Allohga ibodat qilinsagina, qahatchilikdan xolis boʻlasizlar. Siz butlaringizdan soʻrab koʻring, ular zarracha foyda beradimi”, deyishdi. Ilyos alayhissalom va Al-Yasaʼ alayhissalomning bu daʼvatidan soʻng qavm ahli butlariga sigʻinib qahatchilikdan yordam berishni soʻrab iltijo qildilar. Bunday narsalar foyda boʻlmaganidan soʻng, Ilyos alayhissalom va Al-Yasaʼ alayhissalomdan “Allohga yomgʻir yogʻishini soʻrab duo qiling, ijobat boʻlsa, biz Allohga iymon keltiramiz”, deb vaʼda berishdi. Alayhissalomlarning Allohga iltijo qilib qilgan duolari ijobat boʻlib yomgʻir yogʻdi. Maysalar koʻkardi, daraxtlar hosil berdi, chorvalar koʻpaydi. Ammo nobakor qavm yana sanamlariga sigʻinishni davom ettirdi. Bundan Ilyos alayhissalom qattiq ranjib, Allohdan bu xiyonatkor qavmdan uni qutqarishni soʻrab, jonini olishni iltijo qildi. Alloh tomonidan maʼlum bir joyga borishni, u yerda bir otga minish vahiy qilindi. Ilyos alayhissalom va Al-Yasaʼ alayhissalom belgilangan joyga kelishdi, u yerda Ilyos alayhissalom otga minib samoga koʻtarilish oldidan Al-Yasaʼ alayhissalomga oʻzlarini ustki kiyimlarini berdilar. Shundan soʻng, Al-Yasaʼ alayhissalomning oʻzi Bani Isroilni Alloh yoʻliga daʼvat etishni davom etdi. Boshqa bir rivoyatda, Ilyos alayhissalom qavmidan qattiq ranjib, Allohdan jonini olishni iltijo qilganda, Alloh taolo Ilyos alayhissalomni jonini olgan deyiladi.
Foydalanilgan manbalar.
1. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf QURʼONI KARIM va oʻzbek tilidagi maʼnolar tarjimasi. Toshkent 2017-yil.
2. Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. “Islom tarixi” kitobi.
3. Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Anbiyolar qissasi. Portal islom.uz.
4. Paygʻambarlar qissasi. islom.uz.
5. Afzal Rafiqov — Paygʻambarlar tarixi. www.zamonaviy.com
AL-YASAʼ ALAYHISSALOM — Audio
AL-YASAʼ ALAYHISSALOM — ВИДЕО


Report Page