ᅠᅠ

ᅠᅠ

1R.MEDIA

ISMOIL ALAYHISSALOM

Qurʼoni Karimda Ismoil alayhissalomning ismlari oʻn marta tilga olingan. U zot Baqara, Oli Imron, Niso, Anʼom, Ibrohim, Maryam, Anbiyo va Sod suralarida zikr qilinganlar. Ismoil alayhissalom asosan oʻz otalari Ibrohim alayhissalom bilan birga esga olinadilar. Ismoil alayhissalom paygʻambarlar ichida eng nasabi mashhur, yaʼni, ota-onasi mashhur zotlardan desak mubolagʻa qilmagan boʻlamiz. U kishi alayhissalom “Xalilur Rohman”, Ibrohim alayhissalom va Bibi Hojarlardan dunyoga kelgandirlar. Ismoil alayhissalom oʻzlarining zurriyotlari ichidan Muhammad sollallohu alayhi vasallam chiqqanliklari bilan ham mashhurlar. Shundoq qilib Ismoil alayhissalom ota tarafdan ham oʻzlaridan mashhur zotga, zurriyot tarafdan ham oʻzlaridan mashhur zotga bogʻlanadilar. Ismoil alayhissalomning onalari misrlik boʻlib, oʻsha yerning podshohi tomonidan Bibi Soraga, u kishi esa oʻz erlari Ibrohim alayhissalomga hadya qilingan edilar. Alloh taoloning vaʼdasiga binoan, qarib qolgan Ibrohim alayhissalomdan homilador boʻlgan Hojar onamizdan Ismoil alayhissalom dunyoga keldilar. Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Ayollardan birinchi boʻlib belbogʻ bogʻlash Ismoilning onasi tomonidan boʻlgan. U Soraga boʻlgan oʻzining taʼsirini ketkazish uchun belbogʻ bogʻlagan”. (Oʻsha vaqtda faqat xizmatkorlar belbogʻ bogʻlashar edi. Bibi Hojar bibi Soraning oldida oʻzini u bilan teng kundosh emas, balki uning xizmatkori qilib koʻrsatish uchun shunday qilganlar). Keyin Alloh taoloning hikmati asosida goʻdak Ismoilni onasi bilan Ibrohim alayhissalom oʻsimliksiz choʻlda qoldirib ketdilar. U ikkovlarining oldilariga xurmosi bor bir xalta va suvli mesh qoʻydi. Soʻngra Ibrohim ortiga qaytib ketdi. Ismoilning onasi unga ergashib: “Ey, Ibrohim! Bizni biror narsa ham unmaydigan vodiyga tashlab qayoqqa ketmoqdasan?!” — dedi. U buni bir necha marta takrorladi. Ibrohim alayhissalom esa unga oʻgirilib qaramas edi. Shunda: “Alloh seni shunga amr qildimi?” dedilar. Ibrohim alayhissalom “Ha” dedilar. “Undoq boʻlsa bizni zoye qilmaydi” deb ortiga qaytdi. Ibrohim alayhissalom esa oʻz yoʻlida ketayotib oʻzlarining mashhur duolarini qildilar. “Ey Rabbimiz! Men zurriyotimdan (bir qismini — oʻgʻlim Ismoil va uning onasi Hojarni) Sening hurmatli Bayting huzuridagi ekin oʻsmaydigan bir vodiyga joylashtirdim. Ey Robbimiz! (Ular) namozni mukammal ado etsinlar deb shunday qildim. Bas, Sen Oʻzing odamlarning dillarni ularga moyil qilib qoʻygin va ularni (barcha) mevalardan oziqlantirgin, shoyad (shunda) shukr qilsalar”. (Ibrohim surasi 37 oyat). Bibi Hojar Ismoilni emizib, meshdagi suvdan ichib turdi. Meshdagi suv tamom boʻlganda chanqay boshladi. Oʻgʻli ham chanqadi. Unga qarasa, u toʻlgʻanib tipirchilar edi. Unga nazarim tushmasin deb yurib ketdi. U oʻziga eng yaqin boʻlgan togʻ Safoni koʻrdi. Uning ustiga chiqib, biror kishini koʻrarmikanman deb vodiy tomon nazar sola boshladi. Hech kimni koʻrmadi. Keyin Safodan tushdi. Vodiyga yetganida koʻylagining etagini koʻtarib qattiq harakat qilgan insondek saʼyi qilib vodiydan oʻtdi. Soʻngra Marvaga keldi. Uning ustiga chiqib, biror kishini koʻrarmikanman deb vodiy tomon nazar sola boshladi. Hech kimni koʻrmadi. Yetti marta ana shunday qildi. Hozir hojilar xuddi shunday qilib yetti marta yuguradilar. Keyin bir ovoz eshitdi. Oʻziga oʻzi, jim, dedi. Soʻngra quloq osdi. Yana oʻsha ovozni eshitdi. Shunda “Ovozingni eshittir. Agar imkoning boʻlsa menga yordam ber”, dedi. U qarasa farzandini yonida farishta turibdi. Tovoni ila yoki qanoti ila izlayapti. Oxiri suv chiqdi. Hojar suvni toʻsa boshladi. Ikki qoʻli bilan hovuchlab olib, meshga quya boshladi. Hovuchlab olgandan keyin u yana otilib chiqar edi. Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam: “Alloh Ismoilning onasini rahmat qilsin. Agar Zamzamni tek qoʻyganida yoki suvni hovuchlab olmaganida Zamzam koʻrinib turadigan buloq boʻlar edi”, dedilar. U ichdi va bolasini emizdi. Farishta unga: “Zoye boʻlishdan qoʻrqma. Bu yerda Baytulloh bor. Uni manavi bola va uning otasi bino qiladi. Albatta, Alloh Oʻz ahlini zoye qilmaydi”, dedi. Baytning oʻrni tepalikka oʻxshash koʻtarilgan yer edi. Sellar kelsa oʻng va chap tomonlaridan oʻtib ketar edi. Ana shundoq davom etdi. Bir vaqt Jurhumdan yoki jurhum ahli baytidan bir guruh odamlar yoʻldan oʻtib qoldilar. Ular Makkaning past tomoniga tushdilar. Aylanib uchayotgan qushni koʻrdilar. Ular, albatta. Bu qush suv bor joyda aylanadi, bu vodiyda bilishimizcha suv yoʻq edi, deb bir yoki ikki odamni yubordilar. Ular qaytib kelib suvning xabarini berdilar. Ular borsalar, suv oldida Ismoilning onasi turibdi. Ular: “Sening huzuringga tushishimizga izn berasanmi?” dedilar. “Mayli. Lekin suvda sizlarning haqqingiz yoʻq”, dedi. “Xoʻp”, dedilar. Bu narsa Ismoilning onasiga yoqib tushdi. Ular oʻsha yerga tushdilar. Ahllariga ham odam yubordilar. Ular ham keldilar. Ulardan bir qancha ahli baytlar boʻldi. Ismoil yigit boʻldi. Ulardan arabchani oʻrgandi. U yigit boʻlib ularning koʻziga nafis koʻrindi, ularga yoqib qoldi. U voyaga yetganida uni oʻzlaridan bir ayolga uylantirishdi.
Ibrohim alayhissalom farzandi Ismoildan xabar olgani kelib turardi. 
Shunday kelishlarini birida. Alloh unga shu yerga uy qurishni buyurganini aytib, kichik tepalik va uning atrofini koʻrsatdi. Ibrohim alayhissalom farzandi Ismoil alayhissalom yordamida Baytullohning devorini qurdilar. Ismoil tosh tashirdi, Ibrohim qurardi. Ibrohim alayhissalom binoning tepa qismlarini oyoqlari tagiga tosh qoʻyib, uni ustiga chiqib qurganlar. Ushbu tosh hozirgi vaqtda “Maqomi Ibrohim” deyiladi. Alloh taolo, “Baqara” surasida: Eslang: Bayt (Qaʼba)ni odamlar uchun ziyoratgoh va xavfsiz joy qilib qoʻydik “Ibrohim maqomi”ni namozgoh qilib olinglar! Ibrohim bilan Ismoilga: “Tavof, eʼtikof va rukuʼ — sujud qiluvchilar uchun Baytimni poklangiz!” — deb buyurdik. (125 oyat). Bu Ibrohim alayhissalom bilan bir qatorda Ismoil alayhissalomning maqomlari ulugʻ ekaniga dalolatdir.
Ismoil alayhissalomning koʻpgina xabarlari otalari paygʻambar Ibrohim alayhissalomning xabarlari ila chambarchas bogʻliq. Ibrohim alayhissalom qarigan chogʻlarida koʻrgan oʻgʻillarini qurbonlik qilishga uringanlarida Ismoil alayhissalomning qanchalik yuksak odob ila bu ishga bosh egib berganlar. Shuningdek, u zotning Baytullohni bino qilishda otalariga yordam berganlar. Ismoil alayhissalom ham Allohning huzurida yaxshi bandalardan boʻlganlar. “Anbiyo” surasida: “Ismoil, Idris va Zul-kiflni eslang. Barchalari sabr qilguvchilardandir. Biz ularni Oʻz rahmatimizga doxil qildik. Darhaqiqat, ular solih zotlardandir”, deydi. (85-86 oyatlar).
Ismoil alayhissalomning Alloh yoʻlidagi kurashishlaridan, din yoʻlidagi fidokorliklaridan, balo-ofatlarga, mashaqqatlarga sabrlaridan, turli sinovlarga bardosh berishlaridan, oʻrnak olish kerak. Ismoil alayhissalom oʻzlari yashab oʻtgan muhitdagi arablarga paygʻambarlik qildilar.
Ismoil alayhissalom oʻn ikki oʻgʻil va bir qiz farzand koʻrganlar. U zotning oʻgʻillarining barchasi arab qabilalariga ota boʻlganlar. Ismoil alayhissalomdan tarqalgan arablar arabi-mastaʼraba deb nomlanadi. Ismoil alayhissalom oʻz qizlarini ukalarining oʻgʻli al-Iys ibn Isʼhoqqa turmushga berganlar. Ismoil alayhissalom 137-yil umr koʻrib keyin bu dunyoni tark qilganlar. U zot onalari Bibi Hojarning yonlariga, Kaʼba hijriga dafn qilinganlar.
Foydalanilgan manba.
1. QURʼONI KARIM maʼnolarining tarjimasi. Toshkent 2001-yil.
2. Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. “Anbiyolar qissasi”. Portal islom.uz.
3. “Paygʻambarlar qissasi”. islom.uz.
ISMOIL ALAYHISSALOM — Audio

Report Page