ᅠᅠ

ᅠᅠ

1R.MEDIA

SOLIH ALAYHISSALOM.

Qurʼoni Karimda Solih alayhissalomning ismlari toʻqqiz marta tilga olingan. U zotning qissalari Shuaro, Aʼrof, Qamar, Naml, Hud kabi suralarda kelgan. Solih alayhissalomning otalarining ismi Ubayd, bobolariniki Osif boʻlib nasablari Nuh alayhissalomning oʻgʻillari Somga borib taqaladi. U kishi Boida arablardan boʻlmish Samud qabilasiga mansub boʻlganlar. Samud qavmi Arabiston yarim oroli, Hijoz diyorining shimoliy qismida Hijr deb ataladigan yurtda istiqomat qilar edi. U yurt hozir Madoini Solih (Solih alayhissalom shaharchasi), deb ataladi. Alloh taolo Samud qavmiga oʻz ichlaridan Solih alayhissalomni Paygʻambar qilib yubordi. Alloh taolo bu haqda quyidagilarni aytadi: “Va Samudga birodarlari Solihni (yubordik). U: “Ey qavmim, Allohga ibodat qiling. Siz uchun Undan oʻzga iloh yoʻq. U sizlarni yerdan paydo qildi va unga sizni obodligi uchun qoʻydi. Bas, Unga istigʻfor ayting, soʻngra Unga tavba qiling. Albatta, Robbim yaqin va ijobat qilguvchidir”, dedi. (Hud surasi 61 oyat)
Oyatdan koʻrib turibmizki, Solih alayhissalom ham Paygʻambar boʻlib kelib, qavmlariga oʻzlaridan oldingi Paygʻambarlarning gaplarini, yaʼni
Allohga ibodat qilish va Undan oʻzga iloh yoʻqligi haqida aytganlar. Shuningdek, insonning vazifalaridan biri yerni obod qilishligi haqida, Alloh istigʻfor va tavbani yaqindan turib eshitishini va qabul qilishi haqida gapirganlar. Solih alayhissalomning bu gaplariga qavmlari quyidagi javobni berdilar: Ular: “Ey Solih, bundan oldin sen ichimizda orzu qilingan eding. Endi bizni ota-bobolarimiz ibodat qiladigan narsaga ibodat qilmogʻimizdan qaytarasanmi? Albatta, biz sen daʼvat qilayotgan narsa haqida shak-shubhadamiz”, dedilar. (Hud surasi 62 oyat)
Bu odatiy hol. Boshqa qavmlarga oʻxshab Samud qavmi ham, oʻzlarining ichlaridan chiqqan Paygʻambarga, u daʼvat qilayotgan dinga shak-shubha bilan qaramoqdalar. Bu barcha johil qavmlarning bahonasi. Ota-bobosi ibodat qilgan narsaga ibodat qilishni roʻkach qilib, Allohning yuborgan Paygʻambarini inkor qiladilar. Ota-bobolari ibodat qilgan narsa haqmi, nohaqmi ularga baribir. Ota-bobosi ibodat qilgan boʻlsa, boʻldi. Oʻzlaricha aql ishlatib koʻrmaydilar. Samud qavmi ilgari oʻzlari havas qilib yurgan odam Paygʻambar boʻlib kelib, Allohning amrini yetkazsa ham, ota-bobolarining amalini tashlashni ep koʻrmaslikni bahona qilib, Allohning dinini inkor qilyaptilar. Solih alayhissalom ularga bosiqlik bilan haqiqatni tushuntirishga urinib koʻrdilar: Sizlar men daʼvat qilayotgan narsa haqida shak-shubha qilmogʻingiz hech narsani hal etmaydi. Siz har xil narsada shak-shubha qilishingiz mumkin. Lekin dunyoning ishlari, xususan Paygʻambarlik, dinga daʼvat qilish, sizning xohishingiz yoki shak-shubha qilishingizga bogʻliq emas! Ming afsuski, bu gaplarning barchasi Samud qavmiga taʼsir qilmadi: “Samud qavmi Paygʻambarlarni inkor etdi”. “Oʻshanda birodarlari Solih ularga aytgan edi: “(Allohdan) qoʻrqmaysizlarmi?! Albatta, men sizlarga (yuborilgan) ishonchli Paygʻambardirman! Bas, Allohdan qoʻrqinglar va menga itoat etinglar! Men bu (daʼvatim) uchun sizlardan mukofot soʻramayman. Mening mukofotim faqatgina olamlarning Parvardigori zimmasidadir. Sizlar tinchgina bu yerdagi narsalarda, bogʻlaru buloqlarga, ekinlar va novdalari muloyim xurmo daraxtlari ichida mangu qoʻyilurmisiz?!” “Va togʻlardan manmanlik-la uylar yoʻnaverasizmi?!” (Shuaro surasi 141-149 oyat). Samud qavmi oʻzlaridagi dunyo matohlari ila manmanlik qilishni xush koʻrar edilar. Ularning manmanlik qilishlarining koʻzga koʻringan sohasi togʻ yon bagʻrilaridagi toshlarni yoʻnib uy qilish edi. Ular togʻning mujassam toshlarini yoʻnib ich tomoniga kirib uylar, qasrlar qilishar edilar. Ana oʻsha uylari hozirgacha saqlanib qolgan. Arabiston yarim oroli shimolida sayohatchilar tomosha qiladilar. Solih alayhissalom oʻz qavmlariga oʻsha manmanlik uchun toshdan uy yoʻnishlarini ham tanqid maʼnosida eslatdilar. Samud qavmi Solih alayhissalomga agar Paygʻambarlik daʼvoing rost boʻlsa, uni tasdiqlash uchun oyat-moʻjiza keltir, deyishdi. Samud qavmining bu talabiga binoan Alloh taolo Solih alayhissalomga moʻjiza berdi. Alloh taolo tomonidan katta xarsan tosh ichidan boʻgʻoz tuya chiqarildi. Allohning Paygʻambari Solih alayhissalom Samud qavmiga oʻsha moʻjiza tuyani koʻrsatib: “U: “Mana bu tuya. Unga (bir kun) suv ichish va sizga maʼlum bir kun suv ichish. Va unga yomonlik yetkazmanglar, unda sizni ulugʻ kunning azobi tutadir”, dedi. (Shuaro surasi 155-156 oyatlar). Oʻsha moʻjiza tuyaning Samud qavmi ichida turish sharti qoʻyildi. Qavm tuyaga mutlaqo zarar yetkazmasligi kerak. Agar bu shartni buzub tuyaga zarar yetkazadigan boʻlsalar, ularga azob yetishi turgan gap. Bunday moʻjizani koʻrgan aqli bor insonlar Allohga iymon keltirib, Solih alayhissalomga ergashdilar.Ammo, Samud qavmini sardorlari oʻz mavqeyini yoʻqotmaslik uchun iymon keltirmadilar. Ular ikkiga boʻlinib, bir qismi tuyani oʻldirishga qarshi chiqdi. Ikkinchi qismi esa tuyani oʻldirish kerakligini bayon etdi. Samud qavmi tugʻyonga ketib, tuyani soʻydilar. Keyin esa, nadomat cheka boshladilar. Shundan soʻng, Solih alayhissalom Samud qavmiga uch kun ichida Allohning jazosi kelishini bildirdi. Samud qavmi toshdan oʻyilgan qasrlarida jon saqlashni niyat qilib qoldilar. Oʻsha davrda, Solih alayhissalom shaharlari boʻlmish Hijr shahrida toʻqqiz kishidan iborat bir guruh boʻlib, oʻsha guruh aʼzolari buzgʻunchilik, fasod ishlar bilan shugʻullanar edi, yaxshilikka, isloh qilishga qoʻl urishmasdi. Bu Nobakorlar haqida “Naml” surasida quyidagilar aytiladi: “U shaharda isloh oʻrniga yer yuzida buzgʻunchilik qilib yuradigan toʻqqiz nafar kimsa bor edi”. (48 oyat). Ana oʻsha toʻqqiz kishilik buzgʻunchi guruh aʼzolari islohga chaqirayotgan Solih alayhissalomdan dargʻazab boʻldilar. Oʻz jinoyatlari bilan shahar aholisini qoʻrqitib olgan mazkur uyushgan jinoyatchilar oʻzlarining barcha hamkasblariga oʻxshab shaharning kattayu–kichik har bir ishiga aralashib turar edilar. Solih alayhissalomning gaplaridan soʻng ular Allohning nomiga qasam ichishib, Solih alayhissalomni va uning ahlini tunda oʻldirishga, soʻngra vorisiga, biz uning ahlining halokatiga guvoh emasmiz, albatta, biz rostgoʻylardanmiz deyishga kelishib olishdi. Hamma zamondagi buzgʻunchi, zoʻravon, jinoyatchi, iymonsiz guruhlarning uslubi shu, oʻzlarining yoʻliga qarshi boʻlgan, kishilarni fisq-fasoddan qaytarayotgan, xalq-xaloyiqqa buzgʻunchilik, qalloblik, harom-harish nimaligini anglatib, ularning koʻzini ochayotgan shaxsga suiqasd uyushtiradilar. Keyin mazlumning tarafdorlariga, bilmadik, kim qildi ekan bu ishni, deb bez boʻlib turadilar. Solih alayhissalomning ilohiy daʼvati yoqmagan kofir-buzgʻunchi, toʻqqiz kishilik jinoiy guruhdagilar ham xuddi shu uslubni qoʻllash haqida maslahat qilishdi. Eng qizigʻi, Allohga iymoni yoʻq, Allohning diniga qarshi chiqayotganlar, Allohning Paygʻambari va Uning ahlini oʻldirishga ahdlashayotganlar Allohning nomi bilan qasam ichib turib, oʻsha mudhish ishni amalga oshirishga chorlamoqdalar. Allohga kufr keltirib, unga qarshi jihod qilib, uning yoʻlida xizmat qilayotganlarni, unga iymon keltirganlarni oʻldirish payida boʻlib turib, yana Allohning nomi bilan qasam ichdilar. Solih alayhissalomni oʻldirmoqchi boʻlgan mazkur toʻqqiz kishilik jinoiy guruhni, Samud qavmini jazolashdan oldin Alloh taolo osmondan tushgan toshlar bilan parchalab halok qildi.
Samudning qolgan kofirlarini esa turli uslubdagi ashaddiy azoblar bilan halok qildi. Qurʼoni Karim oʻsha halok qilish qanday boʻlganini oʻziga xos uslublar ila turli suralarda bayon etgan. Azobning birinchi turi:
“Biz ularning ustiga bir qichqiriq yuborgan edik, ular xuddi qoʻraning choʻplari kabi (yakson) boʻldilar”. (Qamar surasi 31 oyat). Yaʼni, Samud qavmini Alloh taolo dahshatli, kuchli ovoz bilan halok qilgan. Ular halok boʻlganlaridan soʻng qoʻy boqarlar qoʻyxona qurish uchun ishlatadigan quruq shox-novdalarga oʻxshab qolgan edilar. Hozirgi paytda ham sirli suratda halok boʻlganlarni qattiq ovozdan qoʻrqib oʻlgan boʻlsa kerak, deb taxmin qilishmoqda. Azobning ikkinchi turi: “Bas, ularni mudhish zilzila tutdi va oʻz yurtlarida (oʻtirganlaricha) gum boʻldilar”. (Aʼrof surasi 78 oyat). Azobning uchinchi turi: Samud (qabilasi) esa, bas, ularni (toʻgʻri yoʻlga) hidoyat qilgan edik, ular hidoyatni qoʻyib, koʻrlikni (zalolatni) ixtiyor qildilar. Bas, oʻz qilmishlari sababli ularni xor etuvchi azob chaqmogʻi urdi”. (Fussilat surasi 17 oyat). Samud qavmi kasb qilgan kufri va gunohlari tufayli chaqmoqqa uchrab halok boʻldi. Bu chaqmoq xorlik azobi chaqmogʻidir.
Barcha qavm halok boʻlib Solih alayhissalom bilan birga bir yuz yigirma nafar moʻmin salomat qoldilar. Solih alayhissalom umrlarining oxirigacha tinch omon yashadilar. U zot Falastinning Ramla shahri yaqinida dafn qilinganliklari haqida rivoyatlar bor.
Foydalanilgan manba.
1. QURʼONI KARIM maʼnolarining tarjimasi. Toshkent 2001-yil.
2. Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Anbiyolar qissasi. Portal islom.uz.
3. Paygʻambarlar qissasi. islom.uz.
SOLIH ALAYHISSALOM - Audio
SOLIH ALAYHISSALOM - VIDEO

Report Page