Jizzaxda Rossiya Federatsiyasi Qozon federal universitetining birinchi xorijiy filiali tantanali ochildi

Jizzaxda Rossiya Federatsiyasi Qozon federal universitetining birinchi xorijiy filiali tantanali ochildi


Tadbirda amaliy tashrif bilan mamlakatimizda boʻlib turgan Rossiya Federatsiyasining Tatariston Prezidenti Rustam Minnixanov, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari – energetika vaziri Joʻrabek Mirzamahmudov, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri Abduqodir Toshqulov, Jizzax viloyati hokimi Ergash Soliyev, hududdagi oliy taʼlim muassasalar rahbarlari ishtirok etdi.

Soʻzga chiqqan Tatariston prezidenti Oʻzbekistonda filial ochilishi ramziy maʼnoda mamlakatlarni koʻp yillik samarali hamkorlik anʼanalari bogʻlab turishini, u tufayli yoshlar oʻz mamlakatidan chiqmasdan yuqori sifatli taʼlim olish imkoniyatiga ega boʻlishini taʼkidladi.

Qozon universiteti Rossiyadagi eng qadimiy universitetlardan biri boʻlib, 1804-yili Qozon shahrida tashkil etilgan. Universitet matematika, fizika, geologiya, kimyo, biologiya, tarix, geografiya, huquq, filologiya, ekologiya va boshqa ixtisosliklar boʻyicha mutaxassislar tayyorlaydi. Tarkibida bir qancha ilmiy-tadqiqot institutlari va boshqa ilmiy muassasalar, muzeylar, nashriyot, 5 millionga yaqin asar jamlanmasidan iborat ilmiy kutubxona fondi bor. Unda bugungi kunda 11 mingdan ziyod talaba taʼlim oladi, 1000 dan ortiq oʻqituvchi va ilmiy xodim faoliyat yuritadi, – deydi oʻz nutqida davom etgan R. Minnixanov.

Shuningdek, vazir A.Toshqulov ushbu yangi filial samarali faoliyat yuritishiga vazirlik ham, albatta har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga tayyor ekanini taʼkidlab, filial nafaqat Oʻzbekistonda, balki xalqaro darajada ham nufuzli oliygohlardan biri boʻlishiga ishonch bildirdi va filial jamoasiga muvaffaqiyat tiladi.  

 Ishonamanki, Qozon federal universiteti oʻzining Jizzax filialida taʼlim jarayonini huddi oʻzidagi sifat va akademik darajada tashkil qilinishiga barcha kuch va salohiyatini safarbar etadi, – dedi vazir A.Toshqulov.

KFU rektori Lenar Safin, oʻz navbatida, filialni tashkil etishdan maqsad Oʻzbekiston uchun Qozon federal universitetining zamonaviy taʼlim dasturlari asosida chuqur fundamental va ilmiy-amaliy bilimlarga ega boʻlgan, xalqaro standartlarga javob beradigan yuqori malakali kadrlarni tayyorlashdan iboratligini taʼkidladi. Bu qadam Rossiya va Oʻzbekiston oʻrtasida taʼlim va ilm-fan sohasidagi uzoq muddatli hamkorlikni yanada mustahkamlash va rivojlantirish, akademik faoliyatni shakllantirishga xizmat qilishini bildirdi.

Shundan soʻng, mehmonlar filialda talaba va professor-oʻqituvchilar uchun yaratilgan shart-sharoit va dars jarayoni bilan tanishishdi.

Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarori bilan Qozon federal universitetining Jizzax filiali bundan bir yil oldin tashkil etilgan edi.

Filial kampusi 1 088 oʻrinli oʻquv hamda 384 oʻrinli yotoqxona (shundan 44 oʻrin horijiy oʻqituvchilar uchun mexmonxona tipida) binosidan tashkil topgan. Hozirda 10 ta yoʻnalish boʻyicha 400 ga yaqin talaba tahsil olmoqda.

Taʼlim maskani mashinasozlik, geologiya, dasturiy injiniring, iqtisodiyot, axborot tizimlari va texnologiyalari, jurnalistika, tibbiy biokimyo, davolash ishi, farmatsiya, stomatologiya, texnologik jarayonlar va ishlab chiqarishni avtomatlashtirish yoʻnalishlari boʻyicha kadrlar tayyorlaydi, shuningdek, fundamental, ilmiy, amaliy va innovatsion tadqiqot loyihalarini amalga oshiradi.

2021/2022 oʻquv yilida Oʻzbekiston milliy universitetining Jizzax filiali Qozon universiteti bilan birgalikda dasturiy taʼminot injiniringi, farmatsiya va iqtisodiyot yoʻnalishlari boʻyicha qoʻshma taʼlim dasturlari asosida kadrlar tayyorlashni boshlagan edi. Ushbu taʼlim dasturlarida tahsil olayotgan talabalar joriy oʻquv yilidan boshlab yangi filialda oʻqishni davom ettiradi.


Shuningdek, abituriyentlarning 30 foizga yaqini davlat granti asosida qabul qilinadi. Bunda bitiruvchilar oʻqishni tugatgandan soʻng kamida uch yil majburiy ishlab berish sharti bilan davlat tashkilotlariga ishga joylashtiriladi.

Oʻqituvchilar tarkibiga kelsak, professor-oʻqituvchilarning kamida 40 foizi chet eldan, shu jumladan Qozon federal universitetidan jalb qilinadi.

Bundan tashqari, kampusda kelgusida simmuliyatsion markaz va sport zal qurilishi rejalashtirilgan.




Report Page