Oʻzbekiston Respublikasining “2023-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisida”gi Qonuni loyihasiga SHARHLAR

Oʻzbekiston Respublikasining “2023-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisida”gi Qonuni loyihasiga SHARHLAR

MoliyaPress

Qonun loyihasi Oʻzbekiston Respublikasi Budjet kodeksining 83-moddasiga muvofiq ishlab chiqilgan boʻlib, unda:

2023-yil uchun asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlar prognozi;

2023-yil uchun konsolidatsiyalashgan Davlat budjeti daromadlari va xarajatlari prognozi hamda 2024–2025-yillar uchun budjet moʻljallari;

birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchilar uchun Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetidan 2023-yilda ajratilayotgan mablagʻlarning cheklangan miqdorlari;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlarining daromadlari va xarajatlari prognozlari;

Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetidan mahalliy budjetlarga ajratilayotgan tartibga soluvchi transfertlar;

Davlat maqsadli jamgʻarmalari, Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasining 2023-yilgi tushumlari va xarajatlari prognozlari hamda 2024–2025-yillar uchun budjet moʻljallari;

Oʻzbekiston Respublikasi nomidan va Oʻzbekiston Respublikasining kafolati ostida olinadigan davlat qarzining cheklangan hajmlari belgilangan.

Oʻzbekiston Respublikasining “2023-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisida”gi Qonuni loyihasi 17 ta modda va 10 ta ilovadan iborat.

2023-yil uchun Davlat budjeti loyihasi va 2024–2025-yillar uchun budjet moʻljallari asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlar prognozi asosida ishlab chiqilgan.  

Xususan, 2023-yilda yalpi ichki mahsulotning 5,3 foiz oʻsishi prognoz qilingan. Yalpi ichki mahsulotning koʻzlangan oʻsish surʼatlari sanoatda ishlab chiqarishni 5,1 foizdan yuqori boʻlishi, xizmatlar sohasida 6,7 foizga, qishloq xoʻjaligida 3,5 foizga oʻsishi hisobiga taʼminlanishi prognoz qilinmoqda.

Inflyatsiya darajasining pasayish tendensiyasi davom etib, 2023-yilda 9,5 foiz atrofida boʻlishi prognoz qilinmoqda.

Mazkur rivojlanish koʻrsatkichlariga har bir sohada boshlangan tarkibiy islohotlarni sifatli davom ettirish orqali erishish maqsad qilingan.

2022–2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning Taraqqiyot strategiyasida belgilab berilgan ustuvor yoʻnalishlarga muvofiq ravishda soliq-budjet siyosatining amalga oshirilishi koʻzda tutilgan boʻlib, ustuvor yoʻnalishlari sifatida quyidagilarni belgilash mumkin:

1) budjet siyosatining ijtimoiy yoʻnaltirilganligini, jumladan, taʼlim, sogʻliqni saqlash va ijtimoiy himoyani rivojlantirish;

2) hududlar, ayniqsa, mahallalarning dolzarb muammolarni hal qilish, suv va yer resurslaridan oqilona foydalanish, atrof-muhitni va tabiatni muhofaza qilishni taʼminlash;

3) yoshlar va xotin-qizlarni qoʻllab quvvatlashni kengaytirish;

4) tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash, tadbirkorlik faoliyatida sof raqobat muhitini yaratilishiga zamin yaratish, bosqichma-bosqich soliq va bojxona imtiyozlarini bekor qilish;

5) birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchilarga budjet mablagʻlaridan samarali foydalanish yuzasidan javobgarligi, hisobdorligi va vakolatlarini, davlat budjeti barqarorligini taʼminlash maqsadida, ilgʻor xorijiy tajribadan hamda xalqaro moliya institutlari ekspertlarining tavsiyalaridan kelib chiqqan holda budjet xarajatlari samaradorligini oshirish ustuvor vazifalar sifatida belgilab olindi.

Ushbu maqsadlardan kelib chiqib, 2023-yil uchun Davlat budjeti daromadlari (Davlat maqsadli jamgʻarmalariga transfertlarni inobatga olmagan holda)

232,1 trln. soʻm, xarajatlari esa (Davlat maqsadli jamgʻarmalariga transfertlarni inobatga olmagan holda)  227,9 trln. soʻm miqdorida (Qonun loyihasining

1-ilovasi);

Davlat maqsadli jamgʻarmalari daromadlari 41,3 trln. soʻm miqdorida, xarajatlari esa 70,2 trln. soʻm miqdorida rejalashtirilmoqda. Bunda Davlat maqsadli jamgʻarmalariga Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetidan 29,9 trln. soʻm transfertlar ajratish belgilangan (Qonun loyihasining 3-ilovasi).

Xususan, budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi daromadlari 37,8 trln. soʻm, xarajatlari 53,5 trln. soʻmni tashkil etgan holda Davlat budjetidan 15 trln. soʻm miqdorida transfert ajratilishi rejalashtirilmoqda (Qonun loyihasining 3-ilovasi 3-pozitsiyasi).

Davlat moliyasini boshqarishning xalqaro standartlariga muvofiq budjet qamrovini oshirish hamda toʻliqligini taʼminlash maqsadida, 2021-yildan boshlab tashqi qarz hisobidan davlat dasturlariga rejalashtirilayotgan xarajatlar konsolidatsiyalashgan budjet tarkibiga kiritildi. 2023-yilda ushbu xarajatlar 7,8 trln. soʻm miqdorida boʻlishi prognoz qilinmoqda (Qonun loyihasining 1-ilovasi).

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, 2023-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining konsolidatsiyalashgan budjeti taqchilligining (Davlat budjeti, Davlat maqsadli jamgʻarmalari, Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi, tashqi qarz hisobidan davlat dasturlariga amalga oshirish bilan bogʻliq xarajatlar bilan birga) yuqori chegarasi 32,5 trln. soʻm yoki yalpi ichki mahsulotga nisbatan 3 foiz miqdorida belgilanmoqda. Bunda Davlat budjeti va Davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlari 24,7 trln. soʻm yoki prognoz qilinayotgan yalpi ichki mahsulotga nisbatan 2,3 foiz miqdorida taqchillik bilan rejalashtirilgan (Qonun loyihasining 1-ilovasi). Davlat budjeti va Davlat maqsadli jamgʻarmalarining taqchilligi Davlat ichki va tashqi qarzlarini jalb qilish hamda budjetlarning yil boshiga qoldiq mablagʻlari hisobidan qoplanadi.

3. Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetining xarajatlari Qonun loyihasining 5-ilovasida 65 ta birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchilari (vazirlik va idoralar) kesimida tasdiqlanmoqda.

Bunda Davlat dasturlarining rejalashtirilgan davlat xarajatlari bilan uygʻunligini taʼminlash, ularning ijrosi boʻyicha jamoatchilik va Parlament nazoratini kuchaytirish maqsadida, Qonun loyihasida birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchilari budjetida Davlat dasturlari uchun ajratilayotgan mablagʻlar alohida koʻrsatilgan.

Misol uchun, Sogʻliqni saqlash vazirligi joriy xarajatlari qatorida 22 ta, Sportni rivojlantirish vazirligida 7 ta Davlat dasturlari uchun ajratilgan mablagʻlar alohida koʻrsatilgan.

Shu bilan birga, vazirlik va idoralarning budjet sohasidagi vakolatlarini oshirish maqsadida, birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchilarga oʻzlarining joriy xarajatlarini qayta taqsimlash va uning tarkibidagi tarmoqni rivojlantirish davlat dasturlarini amalga oshirish uchun ajratilgan mablagʻlarni bir rivojlantirish dasturidan boshqa rivojlantirish dasturiga qayta taqsimlash vakolati berilmoqda (Qonun loyihasining 2-moddasi).

Budjet mablagʻlaridan foydalanishda samaradorlikni va hisobdorlikni oshirish maqsadida, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi tomonidan birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchilarning ularga respublika budjetidan ajratiladigan mablagʻlardan foydalanish holati boʻyicha hisobotlarini eshitib borish tartibi joriy qilinmoqda (Qonun loyihasining 2-moddasi).

Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlarining daromad va xarajatlari Qonun loyihasining 6-ilovasiga muvofiq maʼlumot uchun qabul qilinmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Budjet kodeksining 27-moddasiga muvofiq, mahalliy budjetlarning xarajatlari hududiy budjet mablagʻlarini taqsimlovchilari kesimida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan mustaqil ravishda shakllantiriladi hamda tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari tomonidan tasdiqlanadi.

4. Moliya yili yakuniy sanasi holatiga Oʻzbekiston Respublikasi nomidan va uning kafolati ostida jalb qilingan davlat qarzi qoldigʻining miqdori joriy yil yalpi ichki mahsulotiga nisbatan 60 foizdan oshmasligi belgilab qoʻyilmoqda (Qonun loyihasining

10-moddasi).

Bunda 2023-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasi (Oʻzbekiston Respublikasi hukumati) nomidan va Oʻzbekiston Respublikasining kafolati ostida tashqi qarzni jalb qilish boʻyicha yillik imzolanadigan yangi bitimlarning cheklangan hajmi 4,5 mlrd. AQSh dollari, shundan Davlat budjetini qoʻllab-quvvatlash uchun – 2,0 mlrd. AQSh dollari, investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun – 2,5 mlrd. AQSh dollari miqdorida belgilash rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, 2023-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasi nomidan chiqariladigan davlat qimmatli qogʻozlarining cheklangan sof hajmini – 17 trln. soʻm miqdorida belgilash, bunda moliya yili davomida chiqariladigan hamda joriy yilda soʻndiriladigan Oʻzbekiston Respublikasi davlat qimmatli qogʻozlarini cheklangan sof hajmga kiritmaslik taklif etilmoqda.

5. Qonunning 12-moddasida oʻtgan yilgi kabi mahalliy budjetlarning daromad manbalari koʻrsatilgan. Jumladan:

tuman va shaharlar budjetlariga quyidagi soliq turlari toʻliq hajmda oʻtkaziladi:

jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk soligʻi;

jismoniy shaxslardan olinadigan yer soligʻi;

jismoniy shaxslarga tegishli mol-mulkni ijaraga berishdan oladigan yillik daromad toʻgʻrisidagi deklaratsiya asosida toʻlanadigan soliq, shuningdek, yakka tartibdagi tadbirkorlar toʻlaydigan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi;

suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq, bundan elektr stansiyalari tomonidan toʻlanadigan soliq mustasno;

noruda qurilish materiallari boʻyicha yer qaʼridan foydalanganlik uchun soliq.

Qoraqalpogʻiston Respublikasining respublika budjetiga, viloyatlarning viloyat budjetlariga va Toshkent shahrining shahar budjetiga quyidagilar toʻliq hajmda oʻtkaziladi:

yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq;

yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻi;

elektr stansiyalari tomonidan toʻlanadigan suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq;

benzin, dizel yoqilgʻisi va gazni yakuniy isteʼmolchilarga realizatsiya qilishdagi aksiz soligʻi;

aylanmadan olinadigan soliq;

qonunchilikda belgilangan miqdorlardagi davlat bojlari (patent bojlaridan va litsenziyalar berganlik uchun davlat bojlaridan tashqari);

qonunchilikda belgilangan miqdorlarda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetiga undiriladigan jarimalar;

ayrim turdagi tovarlarning chakana savdosiga doir huquq uchun yigʻimlar;

qonunchilikda belgilangan miqdorlarda Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjetiga undiriladigan boshqa yigʻimlar (bojxona organlari tomonidan undiriladigan yigʻimlardan, gʻildirakli transport vositalari, oʻziyurar mashinalar va ularning tirkamalari uchun undiriladigan utilizatsiya yigʻimidan, shuningdek, avtotransport vositalari oynalarining tusini oʻzgartirishga (qoraytirishga) ruxsatnoma berish uchun toʻlovdan tashqari);

qonunchilikda davlat daromadiga oʻtkazilgan mol-mulkni realizatsiya qilishdan Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlariga tushgan tushumlar hamda mahalliy davlat hokimiyati organlarining ulushi boʻyicha dividendlar (daromadlar) va ajratmalar;

davlat aktivlarini joylashtirishdan, foydalanishga (ijaraga) berishdan va sotishdan qonunchilikda belgilangan normativlar boʻyicha olingan daromadlar;

mobil aloqa xizmatlari, tamaki va alkogol mahsulotlari, shu jumladan, pivo uchun aksiz soligʻi boʻyicha tushumlar tegishli moliya yilidan oldingi yilning 1-iyul holatiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasidan olingan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri aholisi sonining respublika aholisi sonidagi ulushiga muvofiq. Bunda mazkur tushumlar boʻyicha prognozning bajarilmagan qismi Qoraqalpogʻiston Respublikasining respublika budjeti, viloyatlarning viloyat budjetlari va Toshkent shahrining shahar budjetiga respublika budjetidan qoplab beriladi, prognozning oshirib bajarilgan qismi esa respublika budjeti ixtiyorida qoldiriladi.

Bunda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar, Toshkent shahar Kengashlariga:

tegishli darajadagi mahalliy budjetlarga ajratiladigan soliqlarni va boshqa turdagi daromadlarni hamda budjetlararo transfertlarni taqsimlash;

yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq hamda yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻi tushumlarini tumanlar va shaharlar budjetlariga yoʻnaltirish;

daromadlarning prognozini oshirib bajarishdan olingan mablagʻlarning bir qismini tumanlar va shaharlar budjetlariga hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarini amalga oshirish uchun berish huquqi berilgan. 

4-ilovaga muvofiq 2023-yil uchun respublika budjeti daromadlari prognozi maʼlumot uchun qabul qilinmoqda.

Jumladan, 2023-yilda qoʻshilgan qiymat soligʻidan tushumlar 63,8 trln. soʻm miqdorida (2022-yilda – 52,4 trln. soʻm) yoki 21,6 foiz oʻsish bilan prognoz qilinmoqda.

6. Qonun loyihasining 13-moddasiga koʻra 2023-yilda Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti xarajatlarini amalga oshirishning oʻziga xos xususiyatlari belgilanmoqda. Bunda:

Mahalliy davlat hokimiyati organlarining tashabbusiga koʻra amalga oshiriladigan qoʻshimcha tadbirlarni moliyalashtirish faqat Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjetining, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar mahalliy budjetlarining qoʻshimcha manbalari hisobidan amalga oshirilishi;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar hokimliklari tegishli budjetlarini birinchi navbatda ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlar, oziq-ovqat, dori-darmon va kommunal xizmatlar xarajatlari rejalashtirilishini nazarda tutgan holda shakllantirilishi;

2023-yilda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlari, maktabgacha taʼlim tashkilotlari, sogʻliqni saqlash muassasalari obyektlarini loyihalashtirish, qurish (rekonstruksiya qilish), mukammal taʼmirlash va jihozlash, shuningdek, sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash tadbirlari doirasida obyektlarni loyihalashtirish, qurish (rekonstruksiya qilish), mukammal taʼmirlash hamda taʼmirlash-tiklashga doir xarajatlar tegishli mahalliy budjetlardan moliyalashtirilishi belgilanmoqda.

Moliya vazirligi

Axborot xizmati



Report Page