O‘zbekiston Davlat tabiat muzeyi tomoshabinlarni yangi manziliga chorlaydi

O‘zbekiston Davlat tabiat muzeyi tomoshabinlarni yangi manziliga chorlaydi


O‘zbekiston Davlat tabiat muzeyi 1876 yilda Toshkent muzeyi sifatida tashkil etilgan bo‘lib, Toshkentda va O‘rta Osiyoda ochilgan birinchi muzey hisoblanadi. O‘zbekiston Davlat tabiat muzeyi hayvonlar va o‘simliklar dunyosi, O‘zbekiston tabiati va uning iqtisodiy maqsadlarda rivojlanishi bilan bog‘liq 400 mingga yaqin eksponatlarni to‘plagan. Ekspozitsiyalarning aksariyati hasharotlar (300 000), juda kam sonli gerbariy varaqalari (11 000), shuningdek, ekspozitsiyalarda geologiya va zoologiyaga oid materiallar namoyish etilgan.

Muzeyga har yili minglab tomoshabinlar tashrif buyuradi. Muzeyning asosiy maqsadi, har bir tomoshabinni O‘zbekiston tabiati, noyob, nodir eksponatlarni avaylab-asrashga o‘rgatish, boyitib borish, yaqindan tanishtirish, qishloq xo‘jaligida erishilayotgan ilg‘or yutuqlarni, tabiatda bo‘layotgan hodisalarni, eng muhimi insonlarning tabiatga bo‘lgan mehrini shakllantirish va ularni tabiatimizni asrab avaylashga o‘rgatishdir.

Zoologiya bo‘limining zaxirasidagi umurtqali hayvonlar bo‘limida 4000 ortiq noyob hayvonlar tulumlari, Oologiya bo‘limida qushlar tuxumlari kolleksiyasi, shuningdek, skelet va ho‘l preparatlar saqlanadi.
Muzeyning geologiya bo‘limida respublikamizning turli konlaridan keltirilgan mineral va foydali qazilmalarning kolleksiyasi bor. Paleontologik kolleksiyalarni asosan Qoratov tog‘ va Qizilqumdagi Itemir soyidan yig‘ilgan namunalar tashkil etadi. Bular baliq, hasharot, o‘simlik barglarining izlari, toshga aylanib qolgan daraxt tanalarining bo‘laklari, boshoyoqli va qorinoyoqli, mollyuskalarning toshga aylangan namunalari, dinozavrning toshga aylangan suyaklaridan iborat.

Muzeyning entomologiya zaxirasi muzey tashkil topgandan boshlab vujudga kela boshladi. Bu 350000 dan ortiq hasharotlar namunasi bo‘lgan Markaziy Osiyodagi eng katta entomologiya kolleksiyasidir. 1918 yilda A.A.Mel tomonidan muzeyga inʼom qilingan 1290 ta namunalardan iborat bo‘lgan tropik kapalaklar kolleksiyasi ham katta ahamiyatga ega.

Turli xil tabiat hodisalarining o‘zaro bog‘liqligini vizual ravishda namoyish etish uchun muzey mamlakatda birinchilardan bo‘lib ekspozitsiyaning landshaft uslubini qo‘lladi. Ushbu uslub yordamida o‘simlik va hayvonot dunyosining batafsil landshafti ishlab chiqildi. Bundan tashqari, landshaftlar sayyoradagi hayotning tarixi haqida ham maʼlumot beradi. Shunday qilib, siz quyosh tizimini, dinozavrlar jangini, ibtidoiy odamning mamontga qilgan ovini ko‘rib chiqishingiz mumkin.

Muzeyning asosiy vazifalari aholining keng ommasi o‘rtasida tabiatni o‘rganish, o‘quvchilarning tabiatshunoslik sohasidagi bilimlarini chuqurlashtirish, jumladan o‘lka tabiatini o‘rganish ishida yordam ko‘rsatishdan iboratdir. Ko‘rsatib o‘tilgan vazifalar muzey ichida mavsumiy ekspozitsiyalar tashkil etish va muzeydan tashqarida keng ilmiy-maʼrifiy ishlarni olib borish yo‘li bilan amalga oshiriladi.

Davlat tabiat muzeyining yangi manzili: Toshkent shahar, Olmazor tumani, Zarqaynar ko‘chasi, 1 uyda joylashgan.



Toshkent shahar Turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi Matbuot xizmati 


Report Page