Xovos tumanida OTBning kredit mablag‘i hisobidan yirik loyiha amalga oshiriladi

Xovos tumanida OTBning kredit mablag‘i hisobidan yirik loyiha amalga oshiriladi

@xovos_uzb
Umumiy ko‘rinish

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 7 iyuldagi "Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida "O‘zbekiston Respublikasida shaharlarni rivojlantirish loyihalarini tayyorlashni moliyalashtirish" loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi 426-sonli qaroriga muvofiq Xovos tumanida zamonaviy istirohat bog‘i tashkil etish rejalashtirilgan edi.

Bosh reja

Yaqindagina xabar qilinganidek, OTB ushbu yirik loyihaga ham kredit mablag‘larini ajratdi. 79 mlrd. so‘mlik ushbu istirohat bog‘i tuman markazidagi 6 gektar yer maydoniga bunyod etilishi ko‘zda tutilgan hamda barcha ehtiyoj va imkoniyatlardan kelib chiqgan holda qurilish uchun yer tanlangan.

Bosh reja

Mazkur bog‘ konsepsiyasida milliy me'morlik an'analari va zamonaviy shaharsozlik talablari uyg‘unligiga alohida e'tibor qaratilgan bo‘lib, bu yerda ko‘ngilochar maskanlar, zamonaviy atraksionlar, qishki bog‘, charxpalak, musiqali favvoralar, velosiped yo‘laklari, madaniyat markazi, kovorking binosi qurilishi rejalashtirilgan.

Binolarning ko‘rinishi chizmasi

Ushbu bog‘dagi ko‘ngilochar maskanlar yilning to‘rt faslida ham odamlar hordiq chiqarishi uchun keng imkoniyat yaratadi. Bog‘ hududiga quyosh energiyasi yordamida ishlaydigan yoritish ustunlari va zamonaviy soyabonlar o‘rnatiladi. Hudud musaffoligini ta'minlash maqsadida boqqa kashtan, qarag‘ay, yapon saforasi, magnoliya, dub, qayin kabi havoni tozalovchi va kislorod bilan boyituvchi daraxtlar, turli butalar ekiladi.

Istirohat bog‘ida umumxalq bayramlari, ommaviy tomoshalar, konsert dasturlari, ko‘rgazma va forumlar, sport musobaqalari o‘tkazish imkoniyati yaratiladi.

Tuman hokimligi Axborot xizmati

Report Page