Bola tarbiyasida allaning o`rni

Bola tarbiyasida allaning o`rni

@XovosXabarlari
foto: Google images

Bu vazifani bajarish barchamizga qator masʼuliyat yuklaydi. Birinchidan, yosh avlodni maʼnaviy-axloqiy tomondan komil shaxs qilib tarbiyalashda uning ongi, tafakkuriga milliy istiqlol gʻoyasini singdirish zarur. Ikkinchidan, ushbu gʻoya asosida yoshlar ongida oʻz ona-Vataniga, xalqiga cheksiz mehr-muhabbat tuygʻusini shakllantirish, milliy gʻururni yuksaltirish, milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, mustaqilligimiz tufayli erishilayotgan muvaffaqiyatlar zamirini toʻgʻri anglash va qadrlash hissini paydo qilish, milliy ong va tafakkurni oʻstirish zarur.

foto: Google images

Darhaqiqat, oila har bir inson uchun dastlabki tarbiya oʻchogʻi sanaladi. Oilada amal qilinadigan tartib-intizom, maʼnaviy-axloqiy qadriyatlar bola ulgʻaygach jamiyat manfaatlari bilan uygʻunlik kasb etadi. Albatta, bunday mukammal tarbiya qanchalik erta boshlansa, samarasi shunchalik yuqori boʻladi.

 Oila tarbiya oʻchogʻi sifatida bolalarga maʼnaviy-axloqiy tarbiya berishda asriy tajribaga ega. Bular quyidagilar:

– oilada bolalarga alla qoʻshiqlari vositasida maʼnaviy axloqiy tarbiya berishning oʻz milliy tajribasi bor;

– oilada bolalarga alla qoʻshiqlari vositasida maʼnaviy axloqiy tarbiya berish muhim oʻrin tutadi;

– bolalarga maʼnaviy-axloqiy tarbiya berishda alla qoʻshiqlari tuganmas manba;

– bolalarning ilk nutqiy koʻnikmasi alla qoʻshiqlari vositasida shakllanadi;

– oila manfaatlari jamiyat manfaatlariga mos keladi.

Aynan, oila maʼrifati bola shaxsining shakllanishida muhim rol oʻynaydi.

Tevarak-atrofdagi insonlarga munosabat bolaning shaxs sifatida shakllanishi uchun katta ahamiyatga ega. Onaning farzandiga oila aʼzolarini tanishtirish, bolani qurshab turgan ashyolar nomini atash, ularga nisbatan maʼlum munosabatni shakllantirish yoʻlidagi harakatlariga ham qoʻshiq koʻmakdosh. Bolaga qoʻshiq vositasida yetkaziladigan maʼlumotlar, taʼkidlar shunchalar koʻp va rang-barangki, bizning nazarimizda, allalarda farzandga beriladigan oilaviy tarbiyaning barcha nizomiy tushunchalari qamrab olinganday. Darhaqiqat, alla qoʻshiqlariga insonparvarlik, vatanparvarlik, mehnatsevarlik, ota-onani qadrlash kabi tuygʻular singdirilgan. Ularda axloq-odob, tarbiyaviy mezonlar xalqona, sodda tilda, ravon singdirilgan.

Ona oʻzining mehr-muhabbati, samimiyati orqali bola shaxsining shakllanishida hissa qoʻshadi. Bolalarning aqliy, ruhiy, maʼnaviy, axloqiy kamol topishi ona allasi bilan ham chambarchas bogʻliq. Allalardagi vatanparvarlik, insonparvarlik, mehnatsevarlik, xushaxloqlik kabi fazilatlarni yuqori oʻringa koʻtaruvchi satrlar bola shaxsining tarbiyalanishida muhim rol oʻynaydi. Bola bu qoʻshiqni eshitib, Vatanni sevishga oʻrganadi, insonparvar, mehnatsevar, xushaxloqli boʻlishga intiladi. Albatta, bolaning tarbiyasi alla qoʻshiqlari bilangina nihoyasiga yetmaydi.

Allalarda onaning mehr-u muhabbati, farzandiga yaxshi tilaklari, undan kutadigan umidlari aks etadi. Bolaning maʼrifatli allalar tinglab voyaga yetishi kelgusida uning maʼnaviy-axloqiy yetuk shaxs boʻlib kamol topishiga yordam beradi. Oila muhitida bolalarga singdiriladigan axloq tamoyillarining asosiylari – odamlarga yaxshilik qilish, ezgu ishlar bilan nom chiqarish, dilozorlikdan yiroq boʻlishdir. Demak, ona farzandida ana shunday insoniy xislatlarni shakllantirishda pedagog vazifasini ham bajaradi.

Allalarda tinchlik bevosita va bilvosita ulugʻlanadi. Ona tinchlikning qadrini, qimmatini, uning inson hayotidagi ahamiyatini oddiy soʻz bilan emas, balki alla qoʻshiqlarida ham ifodalaydi. Xalqimiz tinchlikni, millatlar, elatlar oʻrtasida oʻzaro totuvlik, doʻstlikni qadrlaydi.

Oilada bolalarga alla qoʻshiqlari vositasida tarbiya berilar ekan, bu uning yuksak maʼnaviyatli, axloqli shaxs boʻlib shakllanishida omil boʻladi. Demak, alla qoʻshiqlari tarbiya jarayonida zaruriyatga aylanishi kerak. Bunda xalqning asriy qadriyatlari va hozirgi zamon talabidan kelib chiqqan holda yondashiladi. Chunki bola ertaklar, maqollar, matallarning magʻzini intellektual darajada tushunadigan boʻlgunicha, uning ongida boʻshliq boʻlmasligi, bu ruhi alla qoʻshiqlari bilan toʻyintirilishi kerak. Sababi, allalarda xalq hayotining eng kichik qirralarigacha aks etadi. Ona alla kuylash chogʻida oʻz orzu-umidlarini, armonlarini, dard-hasratlari, farzandiga boʻlgan mehrini namoyon etadi. Ahamiyatli tomoni shundaki, alla oʻz tabiiy musiqasi, ohangi, sodda tizilgan soʻzlar orqali bolaga ona nafasini yetkazib turadi. Taʼkidlash oʻrinliki, har bir onaning oʻz allasi boʻladi. Bu alla onaning hayot tarzi, koʻrgan-kechirganlari, hayotdan chiqargan sabogʻi asosida paydo boʻladi. Lekin, allalarda bir butun yaxlitlik, umumiylik borki, bu – mehr-muhabbatning aks etishidir. Taʼkidlash joizki, alla bolaning tarbiyasida tamal toshini qoʻyuvchi kuch ekan, u, albatta, bolada maʼnaviyaxloqiy fazilatlarni tarkib toptirishga xizmat qilishi kerak. Unda Vatanga muhabbat, milliy gʻurur, mehnatsevarlik, insonparvarlik, tinchlikni asrash, ota-onaning qadrini baland tutish kabi insoniy tamoyillar aks etishi zarur. Ona oʻz allasi orqali bolani yaxshiliklarga yoʻllay olishi darkor. Ana shundagina, oila va jamiyat oʻz oldiga qoʻygan maqsadiga erisha oladi, alla oʻz tarbiyaviy taʼsir kuchini koʻrsatadi. Bunday alla aytgan ona chinakam xalq pedagogi hisoblanadi.

Ona kuylaydigan alla qoʻshiqlarining oʻz oldiga qoʻygan maqsadi, faqat bolani uxlatish emas, balki uning ruhini, qalbini, ichki dunyosini uygʻotish hamdir.

Axloq maʼnaviyatning asosi hisoblanadi. Bu ikki tushuncha bir-birini toʻldiradi, ularni birbirisiz tasavvur etish mushkul. Maʼnaviyat va axloq shaxs faoliyatida, uning jamiyatdagi voqea-hodisalarga munosabatida xulq qoidasi boʻlib xizmat qiladi. Bolaning ana shunday xislatlar egasi boʻlib shakllanishi allalar tufayli tarkib topadi. Albatta, bola bugun alla tinglab, ertaga maʼnaviy-axloqiy yetuk shaxs boʻlib qolmaydi. Buning uchun allalar vositasida boshlangan tarbiya pogʻonama-pogʻona olib borilishi kerak. Bu onadan juda katta eʼtibor, matonat va oʻziga xos pedagoglik mahoratini ham talab qiladi.

foto: Google images

Alla qoʻshiqlari filologiya ilmida folklor janri sifatida oʻrganilsa, xalq pedagogikasida tarbiyaning muhim vositasi sanaladi va oila muhitida rivojlanadi. Xullas, oila – alla qoʻshiqlari – maʼnaviy-axloqiy tarbiya birbiri bilan chambarchas bogʻliq. Demak, biz alla qoʻshiqlarining oilada bolalarga maʼnaviyaxloqiy tarbiya berishdagi oʻrnini ham mukammal oʻrganamiz.

Respublika Ma`naviyat va ma`rifat markazi

Xovos tuman bo`linmasi


Report Page