Uzb

Uzb

@uzbekiistanofficial

Islom Karimovning ota-onasi, aka-opalarining tarixiy surati va oila haqida yangi ma’lumotlar e’lon qilindi

Islom Karimov fondi O‘zbekiston Birinchi Prezidentining oilasiga daxldor yangi fotosurat va ma’lumotlarni e’lon qildi. Surat fondning Facebook’dagi sahifasiga joylashtirilgan.

Karimovlarning ushbu oilaviy fotosurati 1928-yilda — Islom Karimov tavalludidan 10 yil avval olingan. Suratda Birinchi Prezidentning otasi Abdug‘ani ota (1894-yilda tug‘ilgan) va onasi Sanobar aya (1902) hamda opa-akalari — Mehriniso (1920), Amonullo (1922), Ibodullo (1926) aks etgan.

Foto: Facebook / Karimov fondi

Bu oilada sakkiz farzand o‘sib ulg‘aygan: bir qiz — Mehriniso va yetti aka-uka: Amonullo, Ibodullo, Arslon, Quddus, Ikrom, Islom, Xurshid.

Fondning yozishicha, xizmatchi bo‘lib ishlagan Abdug‘ani ota vazminfe’l, o‘ziga ham, boshqalarga ham qattiqqo‘l, talabchan edi. “Avvalo o‘zi qat’iy intizom va tartib-qoidaga rioya etgan ota farzandlaridan ham shuni talab qilar edi. Mahalla-ko‘yning ehtiromini qozongan edi”, — deyiladi Facebook’dagi xabarda.

Sanobar aya esa uy bekasi bo‘lgan. U kishi nasl-nasabli oilada tavallud topgan bo‘lib, padari buzrukvorlari mulla-sharif — o‘z davrining mo‘’tabar ulamolaridan edi. Fond xabarida qo‘shimcha qilinishicha, “bilimga chanqoqlik, kuchli xotira, zukkolik va sabr-toqat kabi fazilatlar butun umr Sanobar ayaga yo‘ldosh bo‘ldi”.

Karimovlar oilasida barcha o‘g‘il farzandlar oliy ma’lumot olgan, ulardan uch nafari maktabni oltin medalga bitirgan, uch nafari — Ibod G‘aniyevich, Quddus G‘aniyevich va Islom Abdug‘aniyevich fan nomzodi bo‘lgan. Keyinroq Islom Karimov akademik darajasini oldi.

“Barcha aka-ukalar juda kuchli xotiraga ega edilar. Bu qondan qonga o‘tib kelgan fazilat bo‘lsa ne ajab. Aka-ukalar o‘zaro musobaqalar o‘tkazishar, masalan, biror matn o‘qilib, uni yoddan aytib berish borasida bellashilar edi. Keyinroq aka-ukalardan biri oliy o‘quv yurti o‘qituvchisi, biri sudya, boshqalari xizmatchi, olim va… Prezident bo‘ldi”, — deyiladi fond xabarida.

Fond xabari quyidagi so‘zlar bilan yakuniga yetgan: “Ziyoli bu oilada o‘g‘illarning munosib ta’lim olishiga birlamchi vazifa sifatida e’tibor qaratilgan edi. Vaqtning o‘zi bu hayotiy tutum qanchalar to‘g‘ri bo‘lganini ko‘rsatdi”.


Report Page