​​#uzb

​​#uzb

Lutfiddin Sag‘dullayev



​#uzb


AMIR TEMURNING QILICHI QAYERDA?


Cohibqiron oʻz “Tuzuklar”ida shunday yozgan: “Qilich koʻtarib jang maydoniga otildim va shu tariqa dunyoda nom chiqardim”. Toshkentdagi Temuriylar tarixi davlat muzeyida damashqiy qilichning surati bor, uning tagiga “Amir Temurning qilichi” deb yozilgan. Suratda damashqiy qilichning sopi va bir qarichcha qismi aks etgan. Sohibqiron yoshligidan qilich kuchi ustuvor boʻlgan muhitda oʻsib-ulgʻaygan. Ammo islomiy taʼlimotni chuqur oʻzlashtirgan Amir Temur Amir Kulol va Abubakr Toyobodiy kabi piri komillarning nasihatlariga amal qilib harbiy qudratni adolatga xizmat qildirgan: “Qaysi ishni chorayu tadbir bilan bitirishning iloji boʻlsa, unda qilich ishlatmadim”. Amir Temur qilich oʻynatish mahorati tufayli hayotidagi juda qaltis vaziyatlardan sogʻ-omon chiqishga muvaffaq boʻlgan. 1362-yili rafiqasi Oʻljoy Turkon bilan Alibek Joniqurboniy navkarlari tomonidan tutqunlikka mahkum etiladi. Oʻshanda boʻlajak jahongir 26 yoshda edi. Oltmish ikki kunlik tutqunlikdan soʻng soqchilardan birining qoʻlidan qilichini tortib olib ularga hamla qilgan va ozodlikka chiqqan.

“Qilichim oʻtkir boʻlsa-da, oʻylab qinidan chiqardim, shirin soʻz aytib, gʻanimning imon topmogʻiga yoʻl ochdim”, — deya taʼkidlagan Sohibqiron hayotida oʻzi bevosita dushmanga yuzma-yuz kelib, bahodirona jang qilgan damlar ham koʻp boʻlgan. 1379-yili uchinchi marta Xorazmga yurish chogʻida Xorazm hokimi Yusuf Soʻfining boshiga qiziq fikr keladi.U ikki taraf kishilarining qoni toʻkilmasligi uchun oʻzi Amir Temur bilan yakkama-yakka olishmoqni istaydi. Sohibqiron bu taklifga rozi boʻladi. Ammo undan tahlikaga tushgan raqib oʻz daʼvatidan tonib, jang maydoniga chiqmaydi. Shunda Amir Temur unga Termizdan keltirilgan qovunni joʻnatadi, chunki azaldan Termizga “Mardlar shahri” degan taʼrif berilgan. Bu ishorada mardlar shahridan kelgan qovunni yeb, senga ham ozgina mardlik yuqsin, degan maʼno yotgan. Ammo Yusuf Soʻfi uni ariqqa uloqtirgan.

1405-yil 18-fevralda Amir Temur vafot etgach, qabri ustiga qimmatbaho liboslar yopilgan, xonaning devorlariga esa jangovar yaroq-aslahalari osib qoʻyilgan. Baʼzi tarixiy hujjatlarda yozilishicha, 1740-yili Eron shohi Nodirshohning qoʻshini Samarqandga bostirib kelganida qoʻlga kiritilgan oʻljalar qatorida Amir Temurning qilichi, sovuti, Amir Temur jomeʼ masjididagi yetti xil maʼdan qotishmasidan yasalgan darvoza va hatto qabriga oʻrnatilgan toshi ham Mashhadga olib ketilgan. Ingliz olimi Jekson 1903-yilda Amir Temur qilichini Tehrondagi saroy muzeyida koʻrganligini yozib qoldirgan. Boshqa bir manbaga koʻra Gerasimov Samarqanddagi ekspeditsiyasi davomida, “Goʻr Amir” maqbarasida oʻtkazilgan qazilma ishlarida qoʻlga kiritilgan Amir Temur va uning sulolasiga oid barcha ashyolarni Rossiyaga olib ketgan. Olib ketilgan tarihiy qiymatga ega boʻlgan ashyolar ichida Amir Temurning qilichi ham boʻlganligi aytilgan. SSSR xukumati tomonidan Oʻzbekistonda oʻtkazilgan arxeologik qazilmalardan topilgan qimmatbaho mulklarning asosiy qismi sotuvga qoʻyilishi, bahosi kelishilmagan ashyolarni esa muzeylarga topshirilishi toʻgʻrisida qaror qabul qilingan.


Shuningdek, Stalinning Amir Temur qilichini afsonaviy rus sarkardasi Budyonыyga sovgʻa qilganligi, u 1973-yilda vafot etganidan soʻng esa qilich SSSR Inqilobiy markaziy muzeyiga topshirilganligi qayd etilgan. Oʻsha davrdan buyon Temur qilichini izlab topish ishlari hech qanday samara bermagan va uni izini hech kim xanuzgacha topa olmagan. Mazkur voqeaga aloqador hujjatlar, xozirgacha Rossiya FSB arxivida “oʻta mahfiy” belgisi ostida saqlanishi toʻgʻrisida maʼlumotlar mavjud.



Report Page