TYUTORLAR OTM FAOLIYATINING ASOSIY "GENERATORI"GA AYLANMOQDA

TYUTORLAR OTM FAOLIYATINING ASOSIY "GENERATORI"GA AYLANMOQDA



#Tyutor_faoliyati

Talabaning darsdagi va undan keyingi bo‘sh vaqti, davomadi nazorati, o‘zlashtirishi, orzu-umidlari va qiziqishlari, muammoli holatlari, yashash sharoiti, ularning ota-onalari bilan doimiy hamkorlik... Bu oliy ta'lim muassasalarida faoliyat olib borayotgan tyutorlar nazoratidagi muhim vazifalardandir.

Samarqand davlat universitetining Kattaqo‘rg‘on filiali Pedagogika va tillarni o‘qitish fakulteti O‘zga tilli guruhlarda rus tili 1-, 2- va 3-kurslardagi 7 ta guruhning 163 nafar talabasi menga biriktirilgan. Faoliyatimning dastlabki kunlaridan yuqorida sanab o‘tilgan vazifalar nuqtayi nazaridan ish boshladim.

Guruhlarimda jami 148 nafar talaba qizlar mavjud. Axborot va tyutorlik soatlarida fakultet dekanining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi L.Kalkonova bilan uchrashuv va muloqot tashkil qilindi. Qizlarimizning istalgan vaqtda mutaxassisga murojaat qilish imkoniyati yaratildi.

Talabalarimning 102 nafari ijara xonadonlarida, 10 nafari talabalar turar joyida yashaydi. Xuddi shunday Axborot va tyutorlik soatida dekan o‘rinbosari J.Abduraxmonov hamda talabalar muloqoti o‘tkazildi. Talabalar ijara shartnomasi, filialning ichki tartib va odob-axloq qoidalari, kiyinish madaniyati haqida ma'lumotga ega bo‘ldi.

Ijarada yashayotgan talabalar xonadonlari bosqichma-bosqich nazoratga olinmoqda. Yashash, dars tayyorlash, bo‘sh vaqtni mazmunli o‘tkazish hamda hayot uchun xavfsizlik masalalari, ijarachi bilan munosabat dastlabki e'tibor markazida bo‘lmoqda.

Xuddi shunday, TTJda yashovchi talabalar ham doimiy nazorat qilib borilmoqda.

Talabalarning ota-onalari va yaqinlari bilan doimiy hamkorlik, bevosita yoki bilvosita muloqot o‘rnatilmoqda. Birinchi navbatda, ularga talabaning o‘zlashtirishi, o‘zini tutishi, davomadi haqida ma'lumot berilib, takliflari tinglanmoqda, savollariga javob berilmoqda.

2023-2024-o‘quv yilining ikkinchi yarmida sababsiz dars qoldirganligi tufayli intizomiy jazo chorasi olgan talabalar mavjud emas. 18 soatdan ortiq sababsiz dars qoldirgan 10 nafardan ortig‘i dekan farmoyishi bilan ogohlantirildi.

Har hafta tavsiya etilgan mavzular doirasida talabalar bilan Axborot va tyutorlik soatlari tashkil qilinmoqda. Ma'naviy-ma'rifiy, ijtimoiy-siyosiy bilimlari mustahkamlanib borilmoqda.

Faoliyatning ko‘lami va dolzarbligidan kelib chiqqan holda aytish mumkinki, oliy ta'lim muassasalarida tyutorlik faoliyatining izchil yo‘lga qo‘yilishi hamda ularni har tomonlama moddiy va ma'naviy qo‘llab-quvvatlanishi, eng muhimi, sohada haqiqiy mutaxassislarning mehnat qilishi OTM tizimining yanada ravnaq topishiga xizmat qiladi.


Abduxoshim Ziyatov,

SamDU KF Pedagogika va tillarni o‘qitish fakulteti tyutori.

Report Page