O‘zbekistonda faoliyat ko‘rsatayotgan 1985 masjidda, xususan Sirdaryo viloyatidagi 69 ta masjidlarda Qurbon hayiti namozi o‘qildi (video)

O‘zbekistonda faoliyat ko‘rsatayotgan 1985 masjidda, xususan Sirdaryo viloyatidagi 69 ta masjidlarda Qurbon hayiti namozi o‘qildi (video)

@Sirdaryo
Foto: Sirdaryo Xabarlari

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tomonidan Milliy Matbuot Markazida Qurbon hayitini nishonlash yuzasidan brifing tashkil etildi. Mazkur brifingda xabardor.uz muxbiri ham ishtirok etdi. Anjumanda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o’rinbosari Muzaffar Komilov quyidagilar to‘g‘risida axborot berdi. Xususan:

Hayit namozi bo‘yicha

Bugun, soat tonggi 05:35 daqiqadan to 06:25 daqiqagacha bo‘lgan vaqtlarda Respublikamiz mintaqalari kesimida Iyd al-Adho – Qurbon hayiti namozi ado etildi.

Mavzuga doir: LIVE: Viloyatimiz masjidlarida Qurbon hayiti namozi o‘qildi (foto).

Respublikada faoliyat ko‘rsatayotgan 2063 ta masjidlardan 1985 tasida 2 million 239 ming 505 nafar fuqarolarimiz hayit namozini o‘qidilar. Jumladan, Andijon viloyatida 172 ta, Namangan viloyatida 184 ta, Farg‘ona viloyatida 189 ta, Sirdaryo viloyatida 69 ta, Toshkent viloyatida 221 ta, Toshkent shahrida 103 ta, Jizzax viloyatida 168 ta, Surxondaryo viloyatida 109 ta, Samarqand viloyatida 271 ta, Buxoro viloyatida 101 ta, Navoiy viloyatida 70 ta, Qashqadaryo viloyatida 181 ta, Xorazm viloyatida 97 ta va Qoraqalpog‘iston Respublikasida 50 ta masjidda Hayit namozi ado etildi.

Toshkent shahrida 103 ta masjidda 465 ming nafar hamyurtlarimiz Hayit namozida ishtirok etdilar.

Xususan, Hazrati Imom majmuasida 17 ming nafar, “Minor” masjidida 16 300 nafar, Shayx Zayniddin masjidida 31 200 nafar, “Suzuk ota” masjidida 5 800 nafar va “Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf” masjidida 5 ming nafardan ortiq fuqarolarimiz jam bo‘ldilar.

Namozlarda mamlakatimizda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalik, mustaqillik tufayli islomiy qadriyatlarning tiklanishi va rivojlanishi, diniy e'tiqod erkinligi va diniy bag‘rikenglikni ta'minlash hamda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va ezgulik ishlari uchun Yaratganga shukronalik bildirdilar va bu ishlarda bosh bo‘layotganlar haqiga duolar qildilar.

Xavfsizlikni ta'minlash uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida Hayit namozini joylarda tartibli, tinch-osoyishta o‘tishi ta'minlandi.

Jumladan, 22 450 nafardan ziyod ichki ishlar xodimlari bayram o‘tadigan ob’yektlarga jalb etilgan.

Barcha katta masjidlarga tez tibbiy yordam mashinalar biriktirildi (1150 dan ortiq tez yordam mashina, 1985 ta tibbiyot punkti) va aholidan hech qanday shikoyatlar bo‘lmadi.

Yana bir ma'lumot, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 16-apreldagi “Diniy-ma'rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan tashkil etilgan O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi “Vaqf” xayriya jamoat fondiga shu bugun, Hayit bayrami kuni dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, 5 mlrd. 990 mln. 217 ming so‘mdan ziyod mablag‘ kelib tushdi. Mazkur mablag‘larning tasarrufi shaffoflik asosida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Bu yil “Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan Qurbon hayiti munosabati bilan yangilik aksiyasi amalga oshirilmoqda. Bugun soat 11.00 gacha Fond tomonidan 15 tonna 410 kg. ya'ni, 739 mln. 680 ming so‘mlik go‘sht mahsuloti tarqatildi.

Bugungi kunda Islom arkonlaridan sanalmish Haj ibodatini ado etish uchun kuzatilgan 7200 nafar O‘zbekistonlik ziyoratchilarimiz sog‘-salomat. Haj safari davomida yaratilgan sharoitlar, xususan, yuqori darajadagi xizmatlar, Madina va Makka shaharlarida 5 va 4 yulduzli mehmonxonalar, Arafot va Mino vodiysida yaratilgan qulay sharoitlar hamda o‘tgan yilga nisbatan muborak safar uchun 1000 AQSh dollariga teng miqdorda arzonlashtirilgan narxlar va boshqa shu kabi yuksak e’tibor uchun shukronalik bildirib, Yurtimiz tinchligi va omonligi yo‘lida duolar qilib, ko‘tarinki kayfiyatda Haj amallarini bajarishda davom etmoqdalar.

Ziyoratchilar Haj safaridan joriy yil 17-avgust – 1-sentyabr kunlari maxsus jadvalga muvofiq qaytishlari rejalashtirilgan.

Report Page