“O’zbekiston Respublikasida sud-ekspertlik tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 5 iyuldagi PF–6256-sonli Farmoni qabul qilindi.

“O’zbekiston Respublikasida sud-ekspertlik tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 5 iyuldagi PF–6256-sonli Farmoni qabul qilindi.

@sardobatumani_uz
Google Images

 Farmonda quyidagilar nazarda tutilgan:

O’zbekiston Respublikasida sud-ekspertlik faoliyatini rivojlantirishning 2021–2025 yillarga mo’ljallangan kontseptsiyasi tasdiqlandi. Kontseptsiya quyidagi vazifalarni o’z ichiga qamrab olgan:

sud ekspertlarining xolisligi va mustaqilligini ta’minlash, sohadagi normativ-huquqiy bazani muntazam takomillashtirib borish;

sud-ekspertlik amaliyotini kengaytirish hamda sud ekspertizalarining sifati va ishonchliligini oshirish;

sud-ekspertlik faoliyatida ilmiy-tadqiqot ishlarini rivojlantirish, shu jumladan uslubiyot va reglamentlarini takomillashtirish hamda sohaga fan va texnika yutuqlarini joriy etish;

nodavlat sud ekspertiza institutini rivojlantirish;

Sud-ekspertlik faoliyati sohasida xalqaro hamkorlikni ta’minlash va rivojlantirish;

sud-ekspertlik faoliyatining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash.

O’zbekiston Respublikasida sud-ekspertlik faoliyatini rivojlantirishning 2021–2025 yillarga mo’ljallangan kontseptsiyasi bo’yicha 2021-2023 yillarda amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan “yo’l xarita”si va uni amalga oshirish bo’yicha Kengash tarkibi tasdiqlandi.

X. Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazi tuzilmasida yuridik shaxs tashkil etmagan holda 15 ta shtat birligidan iborat Sud-ekspertlik ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etilmoqda.

Institutning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:

sud ekspertizasi sohasida ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish;

davlat sud-ekspertiza muassasalari va nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlariga ilmiy-uslubiy ko’mak berish;

sud-ekspertlik vazifalarini hal qilishning ilmiy asoslarini takomillashtirish va yagona ilmiy-metodik yondashuvlarini ishlab chiqish;

sud, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, ta’lim muassasalari

va ilmiy tashkilotlarga uslubiy yordam ko’rsatish;

sud-ekspertlik faoliyatiga fan va texnika yutuqlarini joriy etish bo’yicha choralarni ko’rish;

sud ekspertizasi sohasidagi tizimli muammolarni kompleks o’rganish va ularni hal etishga doir ilmiy asoslangan takliflar

va ta’sirchan mexanizmlarni ishlab chiqish;

huquqni muhofaza qiluvchi organlar va sudlarning malakali sud ekspertiza xulosalariga bo’lgan ehtiyojlarini doimiy ravishda o’rganish orqali sud ekspertizasining yangi turlari hamda uslubiyotlarini ishlab chiqish va bosqichma-bosqich amaliyotga tatbiq etish bo’yicha takliflar kiritish va boshqalar belgilandi.

Farmon bilan davlat va nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlariga shartnoma asosida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlariga muvofiq sud ekspertiza tadqiqotlarini o’tkazish huquqi berilmoqda.

Bunda, o’tkazilishi mumkin bo’lgan sud ekspertiza tadqiqotlari ro’yxati Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi va tadqiqot natijalariga ko’ra mutaxassis fikri beriladi.

Farmon bilan iqtisodiy, fuqarolik va ma’muriy ish yuritishda advokatga advokat so’rovi bilan ekspertiza o’tkazish tashabbusi huquqi berilmoqda.

2022 yil 1 martdan aholiga va vakolatli organlarga

sud-ekspertlik faoliyatiga doir ma’lumotlar etkazish va axborot hamkorligining barcha turlarini ta’minlash uchun mo’ljallangan “E-ekspertiza” yagona elektron axborot tizimi joriy etiladi.

Sud-ekspertiza sohasida kadrlarni tayyorlash oliy ta’lim muassasalarida dual ta’lim printsipiga muvofiq bakalavr yoki magistratura bosqichlarida ta’lim olayotgan davrda olti oylik ekspertlar tayyorlash kurslarida amalga oshirish imkoniyati yaratilmoqda.

2021–2025 yillarda qo’shimcha 16 ta sud-ekspertiza turlarini joriy etish vazifasi yuklatilmoqda.

Adliya vazirligiga nodavlat sud-ekspertiza organlari faoliyatini muvofiqlashtirish va tartibga solish borasida vakolatli organ sifatida quyidagi qo’shimcha vazifalar yuklatilmoqda:

nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari sud ekspertlari tomonidan o’tkaziladigan sud ekspertizalarining murakkablik darajasini aniqlash, sud ekspertizalarining murakkablik darajasiga qarab ularni amalga oshirish muddatlarini hisoblash tartibini, sud ekspertlari yuklamalarining normativlarini belgilash va ularga rioya etilishi yuzasidan nazorat olib borish;

nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari, ularning sud ekspertlari

va sud ekspertlik tadqiqotlari uslublarining davlat reestrlarini yuritish;

nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari tomonidan o’tkaziladigan har bir sud ekspertiza turlari bo’yicha moddiy-texnik bazaning jihozlanishiga qo’yiladigan minimal talablarni tasdiqlash;

nodavlat sud ekspertlarini attestatsiyadan o’tkazish hamda sud eksperti kasb etikasi qoidalarini belgilash va ularga rioya etilishi yuzasidan nazorat olib borish.

Adliya vazirligi huzurida yuridik shaxs tashkil etmagan holda Sud-ekspertlik faoliyatini rivojlantirishni qo’llab-quvvatlash jamg’armasi tashkil etilmoqda.

Jamg’armaning mablag’lari:

“E-ekspertiza”yagona elektron axborot tizimini joriy etish;

nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari bilan davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshiriladigan loyihalarni moliyalashtirish;

nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlariga subsidiyalar ajratish;

sud ekspertiza sohasidagi ilmiy tadqiqotlarga ko’maklashish, sud ekspertizasining yangi turlari va tadqiqot ishlarini qo’llab-quvvatlash uchun grantlar ajratish;

sud ekspertlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish dasturlarini amalga oshirish;

sud ekspertlik faoliyatiga ilg’or fan va texnika yutuqlarini joriy etish;

davlat sud-ekspertiza muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga sarflanishi belgilandi.

Xusanov Qosim,  

Oqoltin tumanlararo iqtisodiy sudi devonxona mudiri  

Report Page