Sport

Sport

Chiroqchi24
Chiroqchi24

Bugun Chiroqchi tumanida maktab yoshidagi 30 ming bola sportning 17 turi bilan muntazam shug‘ullanib kelmoqda. 90-yillarda 4 mingga yaqin bola sportga jalb qilingan, xolos. O‘shanda hududda sportning 4 turi bilan shug‘ullanish uchun sharoit bor edi. So‘nggi yillarda mamlakatimizda bolalar sportini rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor samarasida Chiroqchi tumanida ham ko‘plab sport inshootlari bunyod etildi, sportga oshno tutinish uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratildi.

Birgina misol. O‘tgan yili tumandagi 1-sonli bolalar va o‘smirlar sport maktabining yangi binosini qurish uchun   2 milliard 600 million so‘mdan Iko‘proq mablag‘ yo‘naltirildi. Muassasa 70 turdagi sport anjomlari bilan ta’minlandi. Endilikda maktab tasarrufida 18x42 metr, 12x30 va 12x24 metr o‘lchamdagi yopiq sport zallari mavjud. Bu yerda o‘quvchilar sportning futbol,  voleybol, basketbol, yengil atletika, badiiy gimnastika, sport gimnastikasi, boks, dzyudo, belbog‘li va milliy kurash, shaxmat kabi turlari bilan mashg‘ul bo‘lishmoqda. Ularga malakali murabbiylar saboq berayapti. Iqtidorli o‘quvchilar esa viloyat, respublika va xalqaro miqyosda o‘tkazilayotgan musobaqalarda faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritishayapti.

- Shaxmatga qiziqishim juda yuqori, - deydi ushbu maktab tarbiyalanuvchisi Xolida Nomozova. – Shaxmatdagi kombinatsion yurishlar, hayajonli lahzalar, g‘oliblik nashidasi menga juda yoqadi. Joriy yilda maktab o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan O‘zbekiston chempionatida 3-o‘rinni oldim. Endilikda shu yil dekabrda Fransiyada maktab o‘quvchilari o‘rtasida o‘tadigan jahon chempionatiga tayyorgarlik ko‘rayapman. Ustozim men bilan alohida ishlayapti, kamchiliklarimni tushuntirayapti. Ushbu xalqaro musobaqada ham yuqori natijani qo‘lga kiritishimga ishonaman.

Aytish joizki, Chiroqchidan ko‘p polvonlar yetishib chiqqan. Boisi, bu elning to‘ylari sira kurashsiz o‘tmaydi. Nafaqat chiroqchilik o‘g‘il bolalar, balki qizlar ham milliy kurashimiz bo‘yicha O‘zbekiston chempioni, xalqaro turnirlar g‘olibi bo‘layotgani shundan.


Report Page