"SHIZOFRENIYA"

"SHIZOFRENIYA"

  Ne darkor zanjirband etmoq..?

  Sensiz yetim qolgan ag'yorni...

  Ne uchun tug'ilmoq..,yashamoq...

  Ketmoq...

  Yelkalab gunohni..,quchib ozorni...

MasturaBaxt

 "SHIZOFRENIYA"


  To'yxonaga yetib borganimda amakim to'yxona hovlisidagi favvora yonida yerda dumalab yotardi.Har doim kiyib yuradigan ohorli,kulrang kastyum-shimi changga belangan,oyog'idagi bitta tuflisi yo'q edi.Ham xo'rligim keldi,ham jahlim chiqdi.Tuflisini topish uchun u yon,bu yonga sinchiklab nazar soldim.Nihoyat,to'rt-besh qadam naridan topdim.Sudrab olib kelishgan shekilli,zinada tushib qolibdi.

  Amakimni usti-boshini qoqar ekanman,beixtiyor ko'zlarimga yosh keldi.Shunday aqilli-xushli,xushchaqchaq inson qanday qilib bu ahvolga tushdi?!Kim yoki nima majbur etdi shu holatga tushib qolishiga?!Savollar ko'p...Ammo,javoblari mavhum bu savollarning...

  Amakimni yelkamga suyab olib ketar ekanman,u tinmasdan g'o'ldirardi:

    -Tentaklaar..,axmoqlaar...Men emas senlar jinnisanlar.Hammangni boshingdagi miya emas balchiq!Ruhlaring badbo'y senlarni...Yana nima emish,men tentak emishman.Jalol jinni deyishdi meni,Masrurjon!Ustimdan kulishdi,masxara qilishdi.Ehh,adabiyotni,san'atni tushunmaydigan axmoqlar,ongsizlar to'dasi.Biror marta qo'lingga kitob olgansanlarmi dedim ularga... Masrur,-amakim g'am-qayg'u in qurgan,ichkilik ta'siridan qizargan ko'zlarini menga tikdi,-Otang qayerda?Ishdami?Otang..,akam juda yaxshi inson!Chin inson!Hozir meni chin dildan yaxshi ko'radigan yagona odam akam!Kel..,she'rlaringni olib kel...Kitob chiqaramiz dedi...Ehh...Meni oqko'ngil akajoniim...Ehh,bu manfaatlar ustiga qurilgan yolg'on dunyoda kitobga,qalb ishiga na hojat..?

  Ne darkor zanjirband etmoq..?

  Sensiz yetim qolgan ag'yorni...

  Ne uchun tug'ilmoq..,yashamoq...

  Ketmoq...

  Yelkalab gunohni..,quchib ozorni...

  Amakim yengilgina gandiraklar,menga suyanib olgan bo'lsada og'irligini tashlamasdi.Ichkilikning badbo'y hidi ham unchalik sezilmasdi.Tez-tez ichib tursalarda,doim toza,ozoda yurardilar.Hozir ham mayin va achchiqroq atir hidi kelib turibdi.Gaplari ham binoyidek.Amakim gapirayapdimi,demak,kam ichgan.Agar ko'p ichsa,oyog'ida zo'rg'a turib,bor og'irliklarini menga tashlardi.Bir og'iz ham gapirmasdan,boshlarini ham qilganicha kelaverardi.

  Men amakimni hech ham tushunmaganman.Huddi bir tanada ikki odam yashayotgandek go'yo.Bir qarasangiz siz bilan ochilib,shavq-zavq bilan gaplashib o'tiradi.O'qimagan kitobi yo'q.Hoh o'zbek,hoh jahon adabiyoti..,teran fikr-mulohazalar yuritadi.Ahyon-ahyonda qog'oz qoralab turishimni biladilar.Ko'p maslahatlar so'rab turaman.Shu sababli bunday paytlarida ko'plab tavsiyalar berib turadi.Yonginamda o'tirib,men bilan suhbat quradi,ammo hayollari uzoq-uzoqlarda uchadi.Amakimning hardamhayol o'tirishi,ko'zlarimga emas,uzoqlarga boqib gapirishi,huddiki ruhi bulutlar aro charx urib uchib yuribdi-yu,tanasi vaqt oralig'ida to'xtab,yonimda turgandek tasavvurni o'yg'otadi menda.Atrofdagilar amakimni o'zga dunyodan kelgan,odamovi deyishadi.Kim nima desa desin.Ikkimiz juda yaxshi kelishamiz.Qachonlardir amakimni umuman tushunmay qolgan paytlarim ham ko'p bo'lgan.Lekin,yaxshigina amaki-jiyan bo'lishib gurung qilib o'tiramiz.Ijodkor insonning o'z dunyosi bo'ladi,nazarimda.

  Bunday suhbatlar amakim o'zligida payti bo'lardi.Ayni vaqtda amakim hovlisida ishlar,xushchaqchaq insonga aylanardi.Boshqa vaqtlarda esa hovli chetidagi ijod xonasiga qamalib olar,gohida rubob chalib qo'shiq hirgoyi qilgani eshitilib qolmasa,umuman ovozi eshitilmasdi.Hech kim bilan gaplashishni istamas,odamovi,indamas bo'lib qolardi Menimcha,to'xtamasdan she'r yozardi.Ijod davri bahor,kuz oylariga to'g'ri kelardi.Qahraton qishda esa ayiq kabi uyquga ketar,uch-to'rt kunda bir ovqatlanishi oqibatida bahorga chiqib ozib-to'zib ketardi.Ammo,kayfiyati yaxshi,hovli ishlari,dehqonchilik bilan band bo'ladi.Yoz kelishi bilan og'ir-vazmin,mulohazali bo'lgan amakim tajovuzkor,bebosh,bo'ysunmas bir odamga aylanib qolardi.

  Mana bugun ham ayni yoz chillasida,qoq peshinda qo'ng'iroq bo'ldi.Aytishlaricha,amakim kimningdir to'yda qo'shiq kuylagan,she'rlar aytgan.Oxirida janjal ko'tarib,to'yxonadan olib chiqib tashlashgan.Bir hafta oldin kimnidir mashinasini urib pachoqlagan.O'tgan kuni bir odamni urib ko'zini ko'kartirgan...Go'yoki,amakimni ichida azob-uqubatlardan nafratga to'lgan,hayotdan to'ygan,norozi va tajovuzkor bir ruh yashaydi-yu,erkinlikka chiqish,his-tuyg'ularini nomoyon etish uchun o'zini har yonga urayotganga o'xshaydi...

  Mahalla oralab kelar ekanmiz,ikkimiz ham charchadik.Saratonning qaynoq jaziramasi holdan toydirgandi bizni.Soy bo'yidagi ulkan daraxt ostiga o'tirdik.Soyning shijoat bilan shovullashi,o'ynoqi to'lqinlaridan ajralib vujudimizga urilayotgan salqin havosi terga botib,chirsillab turgan tanimizni yayratdi.Amakim yig'ilgan tizzalariga qo'llarini solintirib,ancha vaqt soyga termulib o'tirdi.Ko'p e'tibor bermagan ekanman,amakimning qop-qora,quyuq sochlari duvva oqaribdi.Ozib,faqatgina ustixoni qolibdi.Qorayib,ko'zlari kirtayib,bir ahvolda hayol surib o'tiribdi.Ko'pchilik amakimni shoir Muhammad Yusufga o'xshatishardi.Ha,shu tobda amin bo'ldimki,ularning ko'zlari quyib qo'ygandek o'xshar ekan.Dardli,mungli shoir ko'zlari...

  -Masrur,men sezib turibman.Kun kelib,sen ham ijod yo'lini tanlaysan,-dedi amakim hali kayfi tarqab ulgurmagan xumor ko'zlarini uzoqlarga tikib,-O'sha men aytgan tanlov yo'ling kelganida,men kabi o'zingni abgor qiluvchi xato yo'lni tanlama.Yuraginga quloq sol.Hayotingni o'zing hal qil!Axir bu sening hayoting.Unda sendan boshqa hech kim yashamaydi.Sevdingmi ahdingda qattiq tur,toki ota-onang "beshik ketti"qilib,tanlab qo'ygan qarindoshing bilan bir umr yashashga majbur bo'lma!Bu shunday azobki,uni ayblay olmaysan,ammo cheksiz nafrating tufayli,bir og'iz so'zingni ham ravo ko'rmaysan.Umring bo'yi qahratonda yashaysanu,isinishga joy topolmaysan.Yuragingni bir umrga oshiyon etgan ayriliq azobi esa uning har zarbasida,shusiz ham ado bo'lgan ruhingni g'ajiydi.Azob bersada ko'nglingdagini yoningdagiga alishtirolmaysan.

Davomi bor...

Report Page