RO'ZA

RO'ZA

🍁SoG'iNDiiM YoR🍁

  Mo‘min va mo‘mina banda Ramazon oyi ro‘zasini tutishga amr qilingan. Bu bir yilda o‘ttiz yoki yigirma to‘qqiz kunni tashkil qiladi. Ramazon ro‘zasini tutgan banda ulug‘ ajrlarga sazovor bo‘ladi. Uni tark qilgan banda esa katta gunohga botadi. Rivoyatlarda Ramazon ro‘zasini uzrsiz qoldirgan kimsa butun umr ro‘za tutsa ham, o‘sha qoldirgan kunning qazosini o‘tay olmasligi ta’kidlangan. Demak, yilda bir oy tutiladigan Ramazon ro‘zasini alohida e’tibor bilan tutish kerak. Zero ro‘za bandaning moddiy va ma’naviy jihatdan poklanishida muhim ahamiyat kasb etadi.

Ro‘za lug‘atda – siyom deb atalib, o‘zini bir narsadan tiyishni bildiradi.


 Shariat istilohida esa: “Tong otgandan to quyosh botgunicha niyat bilan ro‘zani buzuvchi narsalardan o‘zini tiyishdir”.


 Ramazon ro‘zasi hijratdan bir yarim yil keyin, ya’ni ikkinchi hijriy sanada farz qilindi. Uning farzligiga quyidagi oyat dalil bo‘ladi.

“Ey iymon keltirganlar! Sizlardan avvalgilarga farz qilganidek, sizlarga ham ro‘za farz qilindi. Shoyadki taqvodor bo‘lsangiz”. Baqara surasi 183 - oyat


Abu Said al - Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:


 Islom besh narsaga bino qilingan: “Laa ilaaha Illallohu Muhammadun Rasululloh”, deb shahodat keltirish, namozni to‘kis ado etish, zakot berish, haj qilish va Ramazon ro‘zasini tutish”, dedilar.           


 Buxoriy, Muslim, Termiziy va Nasaiy rivoyat qilishgan

 

Report Page