Profilaktika

Profilaktika


Tegishli shaxsning ma'lum yoki taxmin qilinayotgan statusidan qat'i nazar, qon va har bir inson organizmining biologik suyuqliklariga OIV va boshqa viruslar bilan zararlangan sifatida qaraladi.

Asosiy yo‘nalishlar.

1.     OIVning jinsiy aloqa yo‘li bilan yuqishini quyidagi usullar orqali oldini olish mumkin:

•      o‘zini tiyish – jinsiy aloqa vaqtida OIV yuqmaganligiga 100 foiz ishonch hosil qilish uchun jinsiy aloqalardan o‘zini tiyish afzal;

•      sodiqlik – infeksiya yuqmagan sheriklar o‘rtasidagi monogam munosabatlar ham o‘zini, ham sherigini himoya qiladi;

•      to‘siq usullaridan foydalanish – shaxsiy himoya vositalarini to‘g‘ri qo‘llash. Shu jumladan, diskordant juftliklar holatida (ya'ni, sheriklardan biri OIV bilan yashovchi shaxs bo‘lsa).

2.     OIVni parenteral yo‘l bilan yuqishini quyidagi usullar orqali oldini olish mumkin:

•      qon va uning komponentlari xavfsizligini ta'minlash (qon xavfsizligi standartlari (ularga muvofiq, qon va qon preparatlari OIVga tekshirudan o‘tadi) va ularga so‘zsiz rioya etish);

•      sog‘liqni saqlash tizimi xodimlari tomonidan universal ehtiyot choralarining ko‘rilishi (o‘tkir tig‘li jihozlardan ehtiyot bo‘lib foydalanish, qo‘llarni to‘g‘ri yuvish, qon va organizmning boshqa biologik suyuqliklari bilan bevosita ishlashda himoya vositalaridan foydalanish, qon va organizmning boshqa biologik suyuqliklari bilan ifloslangan chiqindilarni xavfsiz utilizasiya qilish, asboblar va boshqa ifloslangan uskunalarni tegishli tartibda dezinfeksiya qilish va hokazo);

•      individual tartibda, agar siz tatuirovka tushirmoqchi yoki pirsing qo‘ymoqchi bo‘lsangiz, tatuirovka yoki pirsing ustasi universal ehtiyot choralarini ko‘rayotganligiga ishonch hosil qilishingiz kerak;

•      shpritslarni ayirboshlash dasturi – OIV yuqishini oldini olish maqsadida in'eksiya orqali giyohvand moddalarni iste'mol qiluvchilar uchun dastur.

3.     OIV onadan bolaga yuqishi xavfini kamaytirish:

•      medikamentoz choralar – homiladorlik, tug‘ish vaqtida va tug‘ishdan keyingi davrda retrovirusga qarshi preparatlarni qabul qilish;

•      nomedikamentoz choralar – OIV bolaga yuqishi xavfini kamaytirishga yo‘naltirilgan tug‘ish jarayonini olib borish taktikasi hamda bolaga ko‘krak suti o‘rniga faqat sun'iy sut berish.

4.     Qo‘llab quvvatlash bo‘yicha xizmatlar kasalliklar hamda OIV bilan yashovchi shaxslar orasida o‘lim holatlarining kamayishiga yordam beradi, shuningdek ularning xotirjamligi yaxshilanishiga sabab bo‘ladi. Barcha OIV bilan yashovchi shaxslar uchun zarur bo‘lgan ushbu xizmatlar quyidagilardan iborat:

•      yaqin kunlarda “OIV infeksiyasi” tashhisi qo‘yilgan shaxslarga retrovirusga qarshi terapiyani mumkin qadar tez boshlash, shuningdek klinik va laborator kuzatuvini muntazam ravishda amalga oshirish uchun tibbiy yordam bilan aloqa o‘rnatish;

•      OIV bilan bog‘liq infeksiyalar profilaktikasi va ularni davolashni yaxshilash;

•      bemorlarni tibbiy yordam sohasida ushlab turish va ularning retrovirusga qarshi terapiyaga bo‘lgan sodiqligini mustahkamlashga yordam beruvchi klinik va noklinik xizmatlar.

5.     Aholini OIV/OITS muammosining turli jihatlari bo‘yicha keng va o‘z vaqtida xabardor etish hamda tushuntirish va targ‘ibot ishlarini olib borish.

 

 


Report Page