Farhod Umarov Buxoro viloyati hokimi vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlandi

Farhod Umarov Buxoro viloyati hokimi vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlandi

Buxoro TV

Bugun, 28-avgust kuni Buxoro viloyati hokimligi majlislar zalida faollar yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z. Nizomiddinov, viloyat hokimi o‘rinbosarlari, shahar va tumanlar hokimlari, Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatlari, Oliy Majlis Senati a’zolari, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar, viloyat korxona va tashkilotlari rahbarlari hamda OAV vakillari ishtirok etishdi.

Yig‘ilishda so‘z olgan Prezident Administratsiyasi rahbari Buxoro viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi, kamtarin inson, davlat va jamoat arbobi Karim Kamolovning vafoti nafaqat buxoroliklar, balki butun mamalatimiz uchun juda katta yo‘qotish bo‘lganini ta’kidladi. Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Karim Kamolovning sog‘ligini muhofaza qilish uchun qanchalik jon kuydirganliklari, vafoti munosabati bilan ta’ziya marosimlarida ishtirok etish uchun Buxoroga kelib, hamdardlik bildirganliklari Karim Jamalovichning xalq va davlat oldidagi xizmatlariga berilgan munosib baho ekanligi e’tirof etildi. Shu bilan birga Buxoroda boshlangan keng miqyosli islohotlarni jadal davom ettirish zarurligi aytib o‘tildi. Bunda asosiy e’tibor bugungi murakkab sharoitda aholini ish bilan ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish, pandemiya sababli zarar ko‘rgan iqtisodiyot tarmoqlarini tiklash, “temir daftar”, “yoshlar daftari” va “ayollar daftari” tizimlarida bajarilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalarga qaratilishiga urg‘u berildi.

Yig‘ilishda tashkiliy masala ko‘rildi.

Ayni paytda Buxoro viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘alchilikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat olib borayotgan Farhod Umarov Buxoro viloyati hokimi vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlanganligi to‘g‘risidagi Prezident Farmoni o‘qib eshittirildi.

Yig‘ilishda viloyat faollari so‘zga chiqib, kun tartibidagi masala yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirishdi.

Buxoro viloyati hokimligi Matbuot xizmati


Report Page