Buxoro viloyati hokimi nega Toshkentda davolanmoqda?

Buxoro viloyati hokimi nega Toshkentda davolanmoqda?

Buxoro TV

Koronavirus dunyo bo‘ylab tarqalishda davom etmoqda va hech kimni chetlab o‘tayotgani yo‘q. Yurtimizda ham kun sayin taniqli insonlar, davlat va hukumat a’zolari COVID-19 virusini yuqtirganliklari haqidagi xabarlar ortib bormoqda. Xususan, viloyatlar hokimlarining ham. Aytmoqchi bo‘lganimiz, ko‘zga ko‘rinmas bu balo mansab, mavqe, lavozim tanlayotgani yo‘q. Biroq hozir gap boshqa masala haqida. 


Aniqrog‘i, keyingi kunlarda Buxoro viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Karim Kamolovning kasallikka chalinib, ayni paytda Toshkentdagi shifoxonada muolaja olayotganligi ijtimoiy tarmoqlarda turli munozalarga sabab bo‘lmoqda. Xo‘sh, nega Karim Kamolov viloyatda emas, poytaxt shifoxonasida davolanyapti, bu holat viloyatdagi shifokor-mutaxassislarga ishonchsizlik emasmi, mazmunidagi savollar o‘rtaga tashlanmoqda.


Viloyat hokimligi Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Ilhom Narziyevning ma’lum qilishicha, Buxoro viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Karim Kamolovda joriy yilning 25-iyul kuni koronavirus infeksiyasi tasdiqlangan. Shu kundan boshlab viloyat rahbari Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro viloyat filialida muolaja olishni boshlagan. (Agar Karim Kamolov mahalliy shifokorlar va shifoxonalarga ishonchi bo‘lmaganida o‘sha zahotiyoq poytaxtga borgan bo‘lardi!) 


Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, viloyat hokimlari hukumat qoshidagi Tibbiyot Bosh boshqarmasi ro‘yxatida turib, zarur holatlarda tibbiy diagnostika qilish, davolash, umuman olganda, ularning salomatligini muhofaza qilish mazkur boshqarma zimmasida. Shunga muvofiq, ushbu Tibbiyot Bosh boshqarmasining talabiga ko‘ra, Karim Kamolov 29-iyul kuni davolash muolajalarini davom ettirish uchun Toshkent shahridagi klinikaga ko‘chirib o‘tkazildi. Viloyat hokimi o‘tgan 3 kun davomida malakali tibbiyot mutaxassislari tomonidan Sog‘liqni saqlash vazirligi tavsiyalariga muvofiq ishlab chiqilgan standartlar asosida davolash kurslarini o‘tamoqda. Hozirda Karim Kamolovning ahvoli yaxshi. U yaqin kunlarda to‘liq tuzalib, o‘z faoliyatini davom ettiradi.  


 Viloyat hokimligi Matbuot xizmati

Report Page