Ona.

Ona.

G`azalxon Tajiboyeva


  Qo‘l telefonining chaqiruv musiqasining ovozidan uyg‘ongan Nodira opa shoshib soatga ko‘z yugurtirdi: soat 03 : 30. Kim bo‘ldi ekan? Telefonining ekraniga shu hayol bilan qaragan Nodira opaning yuragi bezovtalandi. Qizi Gulnora ekan. Tinchlikmikan? Saharlab telefon qilishiga qaraganda bir gap bor.

   - Allo, Gulnora, tinchlikmi?

   - Ha, oyi, tinchlik. Nabirangizni isitmasi yana ko‘tarilib ketibdi. Hozir dori ichirib qo‘ydim. Kuyovingiz ham yo‘q edi o‘chashkanday.

   - Dori ichirgan bo‘lsang xijolat bo‘lma qizim. Sal turib tushib qoladi isitmasi. Kechagi emlatma isitma kirgizadi-da- Nodira opa tasalli bergan bo‘ldi.

   Shundan keyin uyqusi qochgan Nodira opa yuz-qo‘lini yuvib uyni yig‘ishtirishga kirishdi. Turmush o‘rtog‘i Ulug‘bek aka ham Rossiyaga ishlagani ketganiga bir yarim yil bo‘ldi. Qizi Gulnoza o‘qishda. O‘g‘li Umidjon hali-beri o‘rnidan turmaydi.

    Ish bilan ovunganday ko‘rinsada, dam-badam soatga qarab qo‘yadi: “ - Gulnoraga qo‘ng‘iroq qilsammikan? Yoki bolasini isitmasi tushgan bo‘lsa, o‘zi ham uxlab qoldimikan-a? “. Bo‘lmadi. Telefonni qo‘liga oldi. Hali Gulnoraning raqamini terib ulgurmay, o‘zi qo‘ng‘iroq qilib qoldi:

   - Oyi, nabirangizni isitmasini o‘lchasam 35 ga tushib ketibdi- yig‘lamsiradi qizi.

   - Voy mangina o‘lay, yig‘lama. Tezda bolangni kiyintirib olib kel. Tez yordamga olib chiqamiz.

   Nabirasini bag‘riga bosib tezda qishloq ambulatoriyasiga yugurdi ona-bola. Birinchi yordam ko‘rsatildi. Nodira opa qizi bilan nabirasini uyiga olib kelganda quyosh qizdira boshlagandi. Shoshilibgina choy damlab qizining oldiga qo‘ydi: - Ol, bolam, qizing uxlab turganda qorningni to‘ydirib ol.

   Shiringina uxlab yotgan nabirasiga razm soldi: - Yana rangi oqarganga o‘xshab ketibdimi? Qizining yuragiga vahima solgisi kelmay, asta termometrni qo‘liga oldi. Nabirasining isitmasini o‘lchagach, Gulnoraga boqdi: - Yana harorati tushib ketibdi-yu?

   Tuman markaziy shoshilinch tibbiy yordam bo‘limiga kelishganiga uch soat bo‘ldi. Nabirasi hali ko‘zini ochgani yo‘q. Nodira opaning iltijoli boqqan ko‘ziga qarab shifokor dedi:

-         Opa, hijolat bo‘lmang. Barcha choralarni ko‘rdik. Nabirangiz kamquvvat ekan. Dorini ta’siri hali tarqamagan. Shuning uchun ko‘zini ocholmayapti.

-         Voy doktor uka. Qanday dori-darmon kerak bo‘lsa yozib bering. Olib kelaman. Nabiraginam yaxshi bo‘lib qolsa bo‘ldi.

   Bir haftadan beri Nodira opa har kuni ikki mahaldan tuman markaziga qatnaydi. Na isiqni sezadi, na qorni ochganini. Tushgacha nabirasi yotgan xona derazasi tagida turadi. Ichkariga qo‘ymaydi-da eshik oldidagi navbatchi qiz. Kechga tomon yana issiq ovqat ko‘tarib shifoxonaga shoshadi. Ollohga shukur. Nabirasi ancha yaxshi. Avvalgiday o‘ynab qolgan, buvisiga qarab qiqirlaydi. Shunda butun charchoqlari yodidan chiqadi. Faqat... Faqat shu qizining qaynonasini ikki kundan beri nabirasini ko‘rgani kelmagani sal dilini og‘ritganday. Hay mayli, nabirasi yaxshi bo‘lib qolsa bo‘ldi. Hayollar bilan tong yorishayotganini ham sezmay qolibdi. Oshxona chirog‘ini yoqqanida soat millari sahar 03:00 ni ko‘rsatar edi. Oftob nurlari osmonni yoritayotganda Nodira opa oshxonadagi stolda boshini qo‘liga qo‘ygancha uxlab qolgandi.


Report Page