O‘zbekistonda 2020-yil 1-yanvardan elektron mehnat daftari joriy etiladi

O‘zbekistonda 2020-yil 1-yanvardan elektron mehnat daftari joriy etiladi

🌐OLTIARIQ_TV

•••

Pic

O‘zbekiston Prezidenti “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Unga ko‘ra, O‘zbekistonda 2020-yil 1-yanvardan boshlab elektron mehnat daftari joriy etiladi, deb xabar qildi O‘zA.

O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining 2020-yil 1-yanvardan quyidagilarni ta’minlovchi “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksini (“YaMMT” IDAK) joriy qilish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullandi.

Qarorda belgilanishicha:

  • 2020-yil 1-yanvardan boshlab yangi mehnat shartnomalarini tuzish, amaldagi mehnat shartnomalariga o‘zgartirish kiritish, shuningdek, ularni tugatish holatlarini “YaMMT” IDAKda majburiy ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi joriy etiladi. Bunda 2020-yil 1-yanvarga qadar tuzilgan amaldagi mehnat shartnomalari 2020-yil 1-sentabrdan kechiktirmasdan “YaMMT” IDAKda ro‘yxatdan o‘tkazilishi shart. Mehnat shartnomalarini “YaMMT” IDAKda ro‘yxatdan o‘tkazish belgilangan tartibda ish beruvchi tomonidan amalga oshiriladi;
  • 2020-yil 1-yanvardan boshlab, ro‘yxatdan o‘tkaziladigan mehnat shartnomalaridagi ma’lumotlar asosida “YaMMT” IDAKda avtomatik tarzda shakllantiriladigan xodimning mehnat faoliyati to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga oluvchi elektron mehnat daftari joriy etiladi;
  • Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi “YaMMT” IDAKning balansda saqlovchisi hisoblanadi;
  • “YaMMT” IDAKdan foydalanish barcha yuridik va jismoniy shaxslar uchun bepul hisoblanadi. “YaMMT” IDAKni ishlab chiqish, kuzatib borish, ta’minlash va takomillashtirish Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi hisobidan amalga oshiriladi.

Xodimning mehnat staji, jumladan, O‘zbekistonning “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonuniga muvofiq pensiya tayinlashda xodim tomonidan amalga oshiriladigan mehnat faoliyati davriga asosan:

  • 2020-yil 1-yanvardan so‘ng – “YaMMT” IDAKda mavjud ma’lumotlar asosida (qonun hujjatlarida belgilangan alohida hollardan tashqari);
  • 2020-yil 1-yanvarga qadar – “YaMMT” IDAK joriy qilingungacha o‘rnatilgan tartibda belgilanadi.

Report Page