Martin Iden

Martin Iden

Jasurova Navruza Namangoniy


Kunlardan bir kuni paromda 20 yoshlarda bo‘lgan dengizchi Martin Iden Artur Morz ismli yigitni bezorilar to‘dasidan himoya qiladi.




 U Martin bilan bir yoshda, ammo badavlat va o‘qimishli odamlardan. Minnatdorlik belgisi sifatida Artur Martinni oilasi bilan tanishtirish uchun kechki ovqatga taklif etadi. Uy atmosferasi – devorlarga chizilgan rasmlar, kitoblar, royal Martinni zavqlantiradi, hayratga soladi. Arturning singlisi Ruf unda alohida taassurot qoldiradi. Uning nazarida u poklik, go‘zallik va hatto ilohiylik timsoli edi. Martin qizga munosib bo‘lishga qaror qiladi. U Ruf, Artur va shularga o‘xshash o‘qimishli odamlar safiga qo‘shilish uchun kutubxonaga boradi.Martin iqtidorli va chuqur tabiatli inson edi. U adabiyotni, tilni o‘rganishga g‘ayrat bilan kirishadi. U Ruf bilan tez-tez aloqada bo‘lib turadi, qiz esa o‘qishida unga yordam beradi. Ruf – konservativ va juda tor qarashlarga ega qiz – Martinni ham atrofidagi odamlar qolipiga solishga harakat qiladi, ammo muvaffaqiyatga erisha olmaydi.So‘nggi dengiz safarida olgan barcha pulini sarflab, Martin dengizchilikka yollanadi va dengizga yo‘l oladi. Sakkiz oylik uzoq suzish davomida Martin o‘qib-o‘rganib, so‘z boyligini va aqliy salohiyatini boyitadi hamda o‘zini yaxshiroq anglay boshlaydi. U o‘zida juda katta kuch his etadi va to‘satdan yozuvchi bo‘lishni xohlayotganini anglaydi. Shunda Ruf u bilan birga dunyoning go‘zalligini anglashi mumkin.Oklendga qaytib, xazina qidiruvchilar haqida hikoya yozadi va qo‘lyozmani “San-Fransisko sharhlari” gazetasiga yuboradi. Keyin kit ovlovchilari haqidagi hikoyani yozishni boshlaydi. Ruf bilan uchrashib, rejalarini u bilan baham ko‘radi, lekin, afsuski, qizga (Martin bilan sodir bo‘layotgan o‘zgarishlardan mamnun bo‘lsa-da) uning rejalari yoqmaydi.Ruf Martinni sevib qolgan, lekin uning hayot haqidagi g‘oyalari qizga buni tushunish imkoniyatini bermaydi. Ruf Martin o‘qishini xohlaydi, natijada yigit o‘rta maktabga imtihon topshiradi, ammo grammatikadan tashqari barcha fanlar bo‘yicha muvaffaqiyatsizlikka uchraydi.Martin muvaffaqiyatsizligidan unchalik tushkun emas, lekin Ruf xafa bo‘ladi. Martin jurnal va gazetalarga yuborgan asarlarining hech biri chop etilmagan, hammasi pochta orqali hech qanday izohsiz qaytarilgan edi. Martin o‘ylaydiki, ular qo‘l bilan yozilgani uchun qabul qilinmagan. U yozuv mashinkasini ijaraga oladi va unda yozishni o‘rganadi. Martin tinmay ishlaydi. U o‘zida o‘ylagan narsalarini yoza olish qobiliyatini topadi. Uning orzulari va uzoq yillar davomida yashab kelgan go‘zallik haqidagi barcha fikrlari qaytarib bo‘lmas, qudratli va jo‘shqin oqimni keltirib chiqaradi.Martin o‘zi uchun Gerbert Spenserning kitoblarini kashf etadi va bu unga dunyoga yangicha nazar tashlash imkoniyatini beradi. Rufga esa uning Spenserga bo‘lgan ishtiyoqi yoqmaydi. Martin hikoyalarini unga o‘qib beradi; Ruf ularning kamchiliklarini osongina payqaydi, lekin ular yozilgan kuch va iste’dodni ko‘ra olmaydi. Martin Rufga tanish burjua madaniyati doirasiga mos kelmaydi. Suzishda ishlab topgan puli tugaydi va Martin kir yuvish shirkatiga kiyimlarni dazmollash uchun yollanadi. Uni bu qiyin ish charchatadi. U kitob o‘qishni to‘xtatadi va ilgarilari bo‘lgani kabi dam olish kunlari spirtli ichimlik icha boshlaydi. Bu ish nafaqat mashaqqatli, balki ahmoqona ekanini anglab, kir yuvish shirkatini tark etadi.Navbatdagi dengiz safariga bir necha hafta qolgandi; Martin bu kunlarni sevgisiga bag‘ishlaydi. U Ruf bilan tez-tez uchrashadi, ular birga kitob o‘qiydi, velosiped haydaydi. Bir kuni Ruf Martinning quchog‘ida bo‘ladi... Ruf sevgining jismoniy tomoni haqida hech narsa bilmaydi, lekin Martinning jozibadorligini his etadi. Martin qizning pokligini buzishdan qo‘rqadi. Ammo Rufning ota-onasi uchun u Martin bilan unashtirilgani haqidagi xabar quvonchli emas edi.Martin pul uchun yozishga qaror qiladi. U portugaliyalik Mariya Silvaning uyidan kichkina xona ijaraga oladi. Kuchli sog‘ligi unga kuniga besh soatgina uxlashga imkon berardi. Qolgan vaqt davomida u ishlaydi: notanish so‘zlarni yozadi, o‘rganadi, turli yozuvchilarning adabiy usullarinitahlil qiladi, “hodisaga asoslangan tamoyillar”ni izlaydi. U hali birorta satr chop etmaganidan hijolat tortmaydi. “Yozish u uchun murakkab aqliy jarayonning yakuniy bo‘g‘ini, shaxsiy fikrlarni birlashtirish, to‘plangan faktlar va pozitsiyalarni to‘plash bilan bog‘liq bo‘lgan oxirgi tugun edi”.Ammo muvaffaqiyatsizlik davom etardi. Martinning puli tugab, palto, keyin soat, keyin velosipedini garovga qo‘yadi. U faqatgina kartoshka yeb, ochlik bilan kurashar va vaqti-vaqti bilan singlisi yoki Ruf bilan birga ovqatlanardi. To‘satdan – deyarli kutilmaganda – Martin qalin jurnaldan xat oladi. Jurnal uning qo‘lyozmasini nashr etmoqchi, ammo besh dollargina to‘lashga tayyor, garchi, hisob-kitoblarga ko‘ra, aslida 100 dollar pul to‘lashlari kerak bo‘lsa-da. Zaiflashgan Martin qattiq gripp bilan kasallanadi. Keyin uning omadi chopa boshlaydi – jurnallardan birma-bir cheklar kelishni boshlaydi.Birmuncha vaqt o‘tgach, muvaffaqiyat to‘xtaydi. Noshirlar Martinni laqillatishga urinadi. Ulardan nashr uchun pul olish oson emas edi. Ruf Martinni otasining qo‘lida ishlashga chaqiradi, u yozuvchi bo‘lishiga ishonmaydi. Tasodifan Morzlar xonadonida Martin Ress Brissenden bilan tanishib qoladi. Brissenden kasal, u o‘limdan qo‘rqmaydi, lekin hayotni uning barcha ko‘rinishlarida ehtiros bilan sevadi. Brissenden Martinni adabiyot va falsafa bilan shug‘ullanadigan “haqiqiy odamlar” bilan tanishtiradi. Yangi o‘rtog‘i bilan Martin sotsialistlar mitingida qatnashadi, u yerda spiker bilan bahslashadi, lekin tezkor va vijdonsiz muxbir tufayli gazetalar sahifalariga sotsialist va mavjud tizimni o‘zgartirmoqchi bo‘layotgan shaxs sifatida kirib qoladi. Gazeta nashri ayanchli oqibatlarga olib keladi – Ruf Martinga unashtiruv bekor qilingani to‘g‘risida xat yuboradi.Martin yashashda davom etmoqda va u hatto jurnallardan olingan daromaddan ham mamnun emas –yozgan deyarli barcha narsalari endi nashr etilayotgan edi. Brissenden o‘z joniga qasd qiladi. Uning o‘limidan so‘ng Martin tomonidan nashr etilgan “Efemerida” deb nomlangan she’riy doston qattiq tanqidlarga sabab bo‘ladi. Martin do‘sti buni ko‘rmaganidan xursand bo‘ladi.Martin Iden nihoyat mashhurlikka erishadi, ammo bularning barchasi endi unga qiziq emas edi. Martin uni bir paytlar masxara qilgan, uni bekorchi deb bilgan odamlardan taklifnomalar oladi, ba’zan esa ularni qabul qiladi. Markiz orollariga bosh olib ketish va u yerda qamishli kulbada yashash g‘oyasi unga tasalli beradi. U o‘z yaqinlariga va taqdiri u bilan bog‘langan odamlarga saxiylik bilan pul tarqatadi. Endi unga na yosh ishchi Lizzi Konollining samimiy sevgisi va na endi mish-mishlarga beparvo munosabatda bo‘lib, Martin bilan qolishga tayyor bo‘lgan Rufning kutilmagan tashrifi ta’sir qila oladi. Martin orolga suzib ketadi. U uchun endi hech qanday yo‘l yo‘qligini tushunadi. Bir necha kun suzgandan so‘ng o‘zini dengizga tashlaydi. Yashash irodasini aldash uchun o‘pkasiga to‘ldirib havo yutadi va katta chuqurlikka sho‘ng‘iydi. Havo tugagach, endi sirtga ko‘tarila olmaydi. U yorqin, oq nurni ko‘radi va qorong‘u tubga uchayotganini his qiladi, shunda ongi uni abadiy tark etadi...


@jasurova



Report Page