Квартет

Квартет

Перевод 🇺🇿🇺🇸🇷🇺 Таржима саньати

KVARTET
Иван Андреевич Крылов
Sh. Sa’dulla tarjimasi


Echki bilan
Eshakvoy
Va sho`x bir Maymun,
Yalpoq panjali Ayiq o`tloqda bir kun –

Mashq qilmoqchi bo`lishdi, atrof daraxtzor,
To`rt xil g`ijjak va nota qo`llarida bor.
Qoyil qilmoq bo`lishdi olamni butun.
Kamonlarni tortdilar, - kuy chiqmas nechun.

Shu vaqt qichqirdi Maymun:
“To`xtangiz bir oz!
Biz bu xilda o`ltirsak durust chiqmas soz!
Sen, Echkiga ro`baro` o`ltir,
Ayiqvoy,
Men bo`lsam Eshak bilan turay yonma-yon.
Shunda chiqib mashqimiz, albatta, ravon,
Muqom qilar bizlarga tog`u tosh, o`rmon!”

Almashtirib joylarin, boshladilar soz,
Baribir hech chiqmasdi yoqimli ovoz.
Shunda Eshak hangrab der:
“Shoshmang, bir gap bor!
Yaxshi chiqar kuyimiz, o`ltirsak qator!”

Ma’qul tushib, bo`ldilar to`rtov yonma-yon,
Baribir, kuy chiqmadi bu gal ham ravon.
Endi yana kuchaydi tortishuv, janjal:
Kim qayerda va qanday o`ltirsin bu gal?

O`rmondagi bu shovqin, g`avg`o, to`polon,
Bulbulni jalb ayladi o`ziga shu on,
Shunda iltimos bilan Bulbulga ular:
“Andakkina quloq sol, ey qush! – dedilar.
Bizda nota ham cholg`u – ja’mi narsa bor,
Yangramog`i kerakdir bulardan navo.
Yalinamiz, jon qushcha, bo`l bizga hamkor,
Faqat aytgin, qay taxlit o`ltirmoq darkor?

Bulbul dedi:
“Bo`lmoq-chun sozanda – mashshoq.
O`quv bilan kerakdir nozikroq quloq.

Siz-chi, aziz do`stlarim, qanday o`ltirmang,
Mashshoq bo`la olmaysiz, ovora bo`lmang”.

Манба: Крилов И.А. Масаллар / Тупловчи М. Худойкулов. – Т.: Адабиёт ва санъат нашриёти, 1980.

Report Page