Kristina

Kristina

Maftuna Aliyeva

Stefan Sveyg

Kristina


 Hayotdan to‘yish bilan hayot qiyinchiliklaridan to‘yishning o‘rtasida farq katta. Hayotdan rosttakamiga to‘ygan kishi uchun yashashga hech qanday sabab qolmaydi. Hayot qiyinchililaridan to‘ygan kishi uchun esa yashashga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan go‘zalliklardan bahramand bo‘lish muammo. Aksariyat vaziyatlarda esa bu ikki holat bittadek tuyuladi. Yashashni butkul xohlamaslik va hayot qiyinchiliklariga ortiq chiday olmaslik chalkashtirib yuboriladi. Natijada bu chalkashlik katta xatoga sabab bo‘ladi.


 Stefan Sveyg ayol qalbining mohir tarjimoni ekanligi “Notanish ayol maktubi” va yana shu kabi asarlari orqali ko‘pchilikka ma’lum. Uning “Kristina” si esa  yuqorida aytilgan hayotdan to‘yish chalkashligi tufayli xato qilishiga bir bahya qolgan ayolning  o‘ziga xos dunyosi haqida.


 O‘zi yashab yurgan hayotdan bir pog‘ona baland hayotni ko‘rgan kishining yana bir pog‘ona quyi qatlamga tushib qolishi chidab bo‘lmas hodisadir. Yuqoriroq bosqichdagi hayotga ko‘tarilganda  moslashish,  uni seva olish qancha oson kechsa, quyi darajadagi hayot tarziga yana qaytib tushishning ruhiy mashaqqatlariga chidash ham shunchalik qiyin kechadi. Kristina Xoflener ham yosh umri qiyinchiliklar, odatiy rangsiz fondagi hayotdan iborat ayol edi. Biroq  unda yaxshiroq hayotdan bahramand bo‘lib ko‘rish imkoniyati paydo bo‘ladi va u bu imkoniyatdan foydalanib ko‘rish evaziga hayot uni nimalardan mahrum etganligini anglab qoladi. O‘zining eski hayotiga qaytganida esa, shu hayotdan boshqasini bilmaydigan, yashashni faqat kun o‘tkazishdan iborat deb o‘ylaydigan  kimsalarga achinish bilan qaray boshlaydi. Yana mana shu odamlarga va shu hayotga ko‘nikish Kristina uchun bir qadar qiyin kechadi.

  Kunlarning birida esa xuddi o‘zi kabi atrofdagilar uni tushuna olmasligidan qiynalgan insonni uchratadi. Bu tanishuv Kristinaning ruhiyatida o‘zgarishlarga sabab bo‘ladi. Kristina hayotining qiyinchiliklari (“Bir qiyinchilik odatda boshqa bir qiyinchilikni yetaklab keladi” degan edi kimdir.) hatto o‘zi kabi shu inson bilan bir-biridan kutganlarini olishga ham imkon bermaydi. Ular hayotdan to‘ygan ekanliklarini anglagan chog‘larida bu aslida hayotdan to‘yish emas, hayot qiyinchiliklaridan to‘yish ekanligini ham anglab yetadilar. Va vaziyat ularning oldiga  shu qiyinchiliklardan qutulishning o‘limdan boshqa bir usulini ko‘ndalang qo‘yadi. Biroq, bu yo‘lning ham “vijdon bilan to‘qnashuv” degan  jarimalari bor edi. Asarning so‘nggi qismidan o‘rin olgan bu voqealarda inson vijdoni nimalardan qiynalishi adolatdan-u, nimalardan qiynalishi adolatdan emasligi haqida Sveyg g‘oyalari o‘z aksini topgan. Bir inson taqdiridan hatto eng kichik baxtni olishiga yo‘l qo‘ymaydigan dunyodan qanday qasos olish mumkinligi, bu qasosdan o‘zini aybdor his qilmasligi, u shunchaki uni shu ko‘yga solganlarga  qilmishlari uchun javob qaytarayotganligi haqida fikrlar, va shu fikrlar aytilayotgan paytda aqlga bo‘ysunmaydigan vijdonning qayerdadir simillab turishi, buning natijasida insonda  kontras ruhiyat vujudga kelishi mahorat bilan yoritilgan.

  Har qanday jinoyat, jinoyat jabrlanuvchisi shu jinoyatning amalga oshirilishiga loyiq bo‘lsa, demak jinoyatni sodir etuvchining vijdoni qiynalmasligi kerak.

 Kristina o‘qib ko‘rishingizga arziydigan asar. 


Report Page