Izabella

Izabella

From

Rober MERL

Gersog Brachchano, yaʼni Paolo Orsini xotinining vafotidan soʻng gʻalati hunarlar chiqara boshladi. U Toskan gersogining yigirma bir yoshli qizi Izabella Medichiga uylandi. Bu nikohning boshida kuyov va kelinning ota-onalari turishdi. Toʻy uzil-kesil aniq boʻlgandan soʻng keksa Orsini oʻgʻlini chaqirtirdi-da, balandparvoz va taʼsirli soʻzlar bilan bu nikohning nechogʻliq manfaatli ekanini dalil-isbotlar bilan uning miyasiga quydi. Paolo tishini tishiga qoʻyib, uning gaplarini oxirigacha tingladi. Nima balo, deb oʻyladi u, otam qandaydir yassikoʻkrak, sariqmashak, miyasiga xurofot in qurgan bir rohibani menga xotinlikka olib bermoqchimi deyman. Paolo hamma gapni u qulogʻi bilan eshitib, bu qulogʻidan chiqardi-da, keksa Orsiniga boshini egib minnatdorchiligini bildirdi, soʻng toʻp oʻynagani chiqib ketdi.


Izabellani koʻrishga Paoloni majbur qilishmaguncha u hali qizni mutlaqo koʻrmagandi va koʻrishga ham orzumand emasdi. Bu paytlarda u, allaqachonoq suyuqoyoq Lukretsiyaning tuzogʻiga ilinib, maishatparastlikdan boshi chiqmay qolgandi. Lukretsiya endigina oʻn besh yoshga toʻlgan boʻlsa-da, binoyidek aql-farosatiyu xush tabiati bilan gersogni oʻziga rom etgandi. U aynan Izabella bilan uchrashuv belgilangan oqshomda, kechki ovqat mahali Lukretsiyaning huzurida boʻlishni koʻngliga tugib qoʻygandi va bu rejaga dabdurustdan qoʻyilgan toʻsiqdan qoni qaynab, boʻlajak xotinining yoniga yoqimsiz kayfiyatda kirib bordi. Gʻazabini yashirishni eplolmaganidanmi yo buni istamaganidanmi, xullas, figʻoni falakka chiqqanini berkitib ham oʻtirmadi, yerga boqqancha qizning yonida hozir boʻldi, boshini koʻtarib qaradi-yu, qarshisida turgan oʻrta boʻyli, koʻhlikkina, xushbichim, koʻzlari tiyrak, yigitni yaxshiroq bilish ilinjida unga ayyorona tikilib turgan sohibjamol qizni koʻrib hayratdan tong qotib qoldi. Yigit bosh egib salom berdi. Qiz ham, garchand uning nigohlari buning aksini aytib turgan boʻlsa-da, baribir yigitning izzatini joyiga qoʻydi – unga taʼzim bajo qildi. Bu ishvadan yigitning yuragi “jiz” etib ketdi va u bir zumga Lukretsiyani unutdi.


– Muhtaram janob, – deb soʻz boshladi Izabella, ularni bazoʻr yolgʻiz qoldirishgandan soʻng namoyishkorona samimiylik bilan, – tan olib aytishimiz kerakki, ikkimizni ham pichoqsiz soʻyishdi. Ota-onalarimiz tuygʻularimizni nazar-pisand qilmay, boshimizni qovushtirishmoqchi, ayting-chi, bunday nikoh bizni baxtli qila olarmikan? Hamonki, oʻzga ilojimiz yoʻq ekan, nasroniylarga xos itoatkorlik bilan peshonamizda borini koʻraveramiz-da. Menga kelsak, hayotingizni buzish niyatim yoʻq, toʻydan soʻng meni oʻzingizga qarashli yer-mulkka joʻnatib yuborib, bu dunyoda mendek qiz borligini unutib yuborsangiz ham sizdan zarracha ranjimasdim, qaytanga bundan oʻzimni baxtiyor his etgan boʻlardim…


Shunday kayfiyatda, biron marta ham adashmay-netmay, odob-axloq doirasida Izabella Medichi suhbatdoshiga teshib yuborgudek tikilgancha, rosa oʻn daqiqa gapirdi. Gersogning ogʻzi lang ochilib qolgandi. U Italiyaning eng ketvorgan yigitlari safidan joy olgani uchun ham shunday zebo qiz undan umrbod yiroqda yashash istagini bildirganidan juda ham hayron qolgandi.


– Oyimqiz, – dedi yigit, nihoyat tilga kirib, – odam boʻlajak turmush oʻrtogʻiga ham shunday deydimi! Meni endi koʻrib turgan boʻlsangiz-u, darrov qochib qolishni oʻylayapsizmi?


Izabella “nasroniylarga xos itoatgoʻylik”ni dam-badam tilga olib, yana oʻzining uzundan-uzoq nutqini boshladi. Gersog oxiri qiz uni kalaka qilayotganini payqab qoldi. Uchrashmaslaridan avval bu nikohga hushi yoʻqligini, hozir esa fikri oʻzgarganini va qizning yonida boʻlishdan baxtiyor ekanini u takallufsiz, mugʻombirlik qilmay, aql-hushini bir joyga qoʻyib, aytib qoʻya qoldi.


– Yoʻgʻ-ey, – dedi Izabella ochiqdan-ochiq uni masxaralab, – rostdan-a? Nahotki Lukretsiya xonim bilan birga boʻlishdan koʻra, men bilan suhbat qurishni afzal koʻrsangiz?


Darhol oʻrtadagi xafagarchilikni yumshatish maqsadida, oʻz haziliga oʻzi birinchi boʻlib kuldi-da, suhbatdoshiga yoqimli qarash qilib, uning qoʻliga suyandi.


Ilk uchrashuv binoyidek anchagacha choʻzildi. Paolo hayratining cheki yoʻq edi: Izabella asilzodalardan boʻlsa-da, aslida ham oqsuyaklar ichida kuymalanib yuruvchi qandaydir suyuqoyoq ayoldan aqli ancha ziyrak chiqib qolgandi.


Unashtirilganlar suhbatlashayotgan xonaga uni yollagan ashaddiy gʻalamis – keksa Orsiniga barini oqizmay-tomizmay yetkazib turuvchi aygʻoqchi yashirinib olgandi. Ishlar oʻzi istagandek tus olayotganidan xabar topgan Orsinining ogʻzi qulogʻida edi. Paoloning battol feʼlidan boxabar boʻlgan qariya, nasl-nasabi uchun manfaatli bunday nikohdan quruq qolishdan choʻchir, oʻgʻli yosh gersoginyani va qiz orqali uning oilasini ranjitib qoʻyishidan xavotirda edi. Qariya Orsinini bir necha yillardan beri ogʻir dard azoblab kelardi, shu tufayli u butunlay holdan toyib qolgandi; otaning birdan-bir armoni mana shu nikohni koʻrib qolish edi. Izabella oʻgʻlining aql-hushini olib qoʻyganiga ishonch hosil qilgan qariya chuqur mamnuniyat hissini tuydi-da, oʻzining bosh kotibi va sinashta boʻlgan vakiliga: “Endi oʻlsam armonim yoʻq”, – dedi va oradan bir hafta oʻtar-oʻtmay dunyodan oʻtdi.


Izabella Paologa oʻgʻil hadya etish baxtiga muyassar boʻldi. Bolaga Virjinio deb ism qoʻyishdi va Izabellaning akasi, Toskan gersogi Franchesko Medichi chaqaloqning choʻqintirgan otasi boʻldi. Franchesko singlisi Izabellaga favqulodda boshqacha mehr qoʻygandi va hamisha qizga qattiqqoʻllik bilan munosabatda boʻlib kelardi. Bir kuni Izabella jilmayganicha eri Brachchanoga agar Franchesko gersog unvonini ular turmush qurmaslaridan avval olganida, akasi biron nimani bahona qilib ularning toʻyini toʻxtatishi va singlisini cherkovga haydab solgan boʻlishi mumkinligini aytib qoldi.


Er-xotinning oʻn sakkiz yillik turmushlari mobaynida Brachchanoning gersoginiyaga muhabbati shunday kuchli boʻldiki, hech bir ayolning gersogni uzoq muddat ushlab turishga qurbi yetmasdi. Biroq gersog askar edi, u olis yurtlarda jangda boʻlardi. Izabella oʻzini tashlab ketilgan ayoldek his etardi. Erining xiyonatlaridan xabar topganida alamini ichiga yutardi. Bir kuni Paolo sakkiz oylik harbiy safardan qaytgach, rashk oʻtida yongan Izabella erini sovuq kutib oldi va ogʻziga kelgan har xil piching gaplarga Paoloni koʻmib tashladi. Xudo uni aql-farosatdan qismagandi.


– Jin ursin, xonim! – dedi izzat-nafsi ogʻrigan gersog. – Menga boʻlmagʻur ayblarni taqashni bas qiling! Nahotki siz meni yoʻl boʻyida tasodifan duch kelib qolgan qandaydir qishloq qizidan qizgʻansangiz? Nima, ochdan oʻlay deb turganimda, sizningcha, oʻz nasibamdan voz kechishim kerakmi?


– Men boʻlsam, janob, – magʻrur eʼtiroz bildirdi Izabella, – duch kelgan yerdan qornimni toʻygʻazishdan koʻra ochdan oʻlishni afzal koʻrgan boʻlardim.


Bu javob gersogga ayil botdi. U lom-mim demay rangi-quti oʻchgancha xonadan chiqdi-da, otga minib, bir badar ketgancha naq bir yilgacha qorasini koʻrsatmadi. Agar otasining ustomonligidan unga zarracha yuqqanida edi, u bironta xizmatkorga gersoginyani kuzatishni topshirardi-da, erining suratidan boʻsa olmaguncha, uxlagani yotmasligidan darak topgan boʻlardi. Odam boʻyi baravar qilib ishlangan bu surat devorga osilmagandi, balki yerga qoʻyib, chekkasidan devorga mahkamlangandi, shuning uchun u xuddi xotinining xonasiga kirib kelayotgandek taassurot uygʻotardi. Har kuni kechqurun Izabella tungi koʻylakda yalangʻoch yelkalariga sochini yoyib, erining suratiga yopishgancha, bor ovozila oh-voh qilib koʻz yosh toʻkardi. Uning boʻyi uncha baland boʻlmagani bois rasmdagi odamning labiga labini tekkizish uchun oyoq uchida turib choʻzilishiga toʻgʻri kelardi.


Gersog Izabella bilan 1576 yilning bahorida yana uchrashdi. Xotinimning mendan koʻngli qolgan, deb uni unutish uchun bechora nimalar qilmadi. U oʻz surati yoniga oʻtirib oldi-da, iloji boricha unga qaramaslikka harakat qildi va gersoginyaning hurmatini joyiga qoʻyib bir-ikki ogʻiz gapirdi. Izabella bu manzarani xayolida butunlay boshqacha tasavvur qilgandi. Ushbu uchrashuvdan ilgariroq Brachchano Lukretsiya bilan boyagi-boyagi eski aloqalarini boshlab yuborgani va ikki kun avval kechki ovqatni u bilan yegani Izabellaning qulogʻiga yetib kelgandi. Buni eshitgan gersoginya battar qaygʻuga botdi. Xizmatkor bekalardan birining aytishicha, Lukretsiya Izabelladan biroz kichik boʻlib, oʻrtadagi arzimagan bu tafovut ham uning nazdida alohida ahamiyatga ega edi. Izabellaning yoshi endi oʻttizdan oshgan, hali oʻn gulidan bir guli ochilmagan boʻlsa-da, lekin men qarib, soʻlib, jozibamni yoʻqotganman deb oʻzini ishontirishga urinardi.


Unga tinchlik bermay qoʻygan oʻy-xayollardan Izabellaning rang-roʻyi bir holatda edi, xotinini kelib koʻrgan Brachchanoning xayoliga boshqa fikr kelgandi. Muhabbatini gersogning suratiga qarab qayta-qayta izhor etishdan charchamagan Izabella, endi oʻsha rasmning asl nusxasi yonida oʻngʻaysiz bir holatda sukut saqlab oʻtirardi. Uning xayoli Lukretsiyada edi va u gersogni haqorat qilib yuborishdan choʻchib, gap boshlashga yuragi dov bermayotgandi. Endi ayol barcha koʻngilsizliklarga duchor qilgan oʻzining fahm-farosatiga ishonmay qoʻygandi. Kishiga azob berishdan nariga oʻtmaydigan bu zoʻraki samimiylikdan toqati toq boʻlgan Izabella oʻrnidan qoʻzgʻaldi. Brachchano uni bu taxlit tez kuzatib qoʻyishayotganidan juda ranjidi va ketishga taraddudlanib, Izabellaning qoʻlidan beparvogina oʻpdi-da, teskari oʻgirildi. Eshik oldiga yetganida, suratga koʻzi tushdi. Oʻn yil avval hali gersoginya uni sevgan paytlarda oʻzining qanday boʻlganini alam bilan esladi. Gersog birdan toʻxtadi-da, suratga sinchiklab razm soldi va birdan suratdagi kulib turgan, samimiy bu yigitning endi sharti ketib, parti qolgan shoʻrpeshona erkakka gʻijinib qarayotganini his etdi. U gersoginyaga oʻgirildi-da:


– Suratim bu yerda juda koʻp joyni egallabdi, uni bu yerdan olib ketishlarini aytaman, – dedi roʻyxush bermay.


U xiyol burilgancha yerdan koʻz uzmay bir oz kutdi. Ayoldan sado chiqmagach, unga nazar ham tashlamay, chiqdi-ketdi. Xotini oʻzi istaganda ham ogʻiz ochishga majoli qolmagandi: Izabella karavotga suyangancha jim, hissiz qotib turardi.

* * *

Ertasiga gersog joʻnab ketdi. Izabella uni bir talay mulozimlar hamrohligida saroydan chiqayotganini derazadan kuzata turib, gersogni goʻyo soʻnggi bor koʻrayotgandek bir hisni tuydi. U sakkiz yil avval gersog unga hadya qilgan olmos bezakli ixchamgina xanjarni oldi-da, yuragiga sanchishiga bir bahya qoldi. Oysha uning qoʻlidan tutib qoldi. Izabellani oʻgʻlidan ajratganlaridan beri u shu qizga bogʻlanib qolgandi. Akasi Virjinioni saroyning ishonchli xizmatkorlariga topshirgandi. Hali oʻn beshga ham toʻlmagan mavr qizining gersoginyaning qoʻlidan xanjarni tortib olishga kuchi yetmasdi, shunday boʻlsa-da, qizcha xonimni yana bir bemaʼni urinishdan toʻxtatib qolish uchun uni tishlab, yumdalab joni boricha harakat qildi. Oysha birdan nobop oʻgirilgandi, tigʻ uning betiga tegib yorib yubordi, qizginaning yuzidan qon tirqirab oqa boshladi. Gersoginya qoʻrqqanidan qichqirib yubordi. U xizmatkorni oʻldirib qoʻydim degan xayol bilan xanjarni itqitdi-da, mushtdekkina choʻrini bagʻriga bosdi, uning tirik ekanini koʻrganidan soʻng sal-pal erkin nafas ola boshladi. Bu koʻrgiliklar undagi bor gʻam-anduhlarni ham tarqatib yubordi va Oyshaning jarohatini yaxshilab yuvib-tozalab boʻlganidan soʻng oʻlim toʻgʻrisidagi bemaʼni xayollarga boshqa berilmaydigan boʻldi.


Besh yildan buyon gersoginyaning uyida boʻy-basti, aft-angori, hatto feʼl-atvori bilan ham quyib qoʻygandek gersogning oʻziga oʻxshash, uning uzoq qarindoshlaridan Troilo Orsini degan kimsa eshik ogʻasi boʻlib xizmat qilardi. Bu odamning gersogdan yagona farqi, oʻziga topshirilgan vazifani sidqidildan halol ado etishida edi, gersogdek baxtli boʻlib tugʻilish nasib etmagach, nimayam qilsin. Izabella eri yoʻq paytlarda oʻzi boshqarishiga toʻgʻri keladigan hovli-joyda oʻlgudek zerikardi, vaholanki, vaqtini chogʻ oʻtkazish uchun abjirlik, kuch talab etuvchi koʻngilochar oʻyinlar uning uchun muhayyo edi, u soatlab ot chopardi, tirmashib qoyalarga ham chiqardi, soʻng qizib ketganidan togʻning muzdekkina soyiga oʻzini tashlab hovurini bosib ham olardi. Troilo Orsini yonidan jilmay unga hamrohlik qilardi. Bu saroy xizmatkori unga koʻngil qoʻygandi va Izabella bularni garchi sezmasa-da, Orsini vazifasidan foydalanib, gersoginya oʻzini yolgʻiz his etmasligi uchun ayolga ancha-muncha mayda xizmatlar koʻrsatib turardi. Troiloning tuygʻularini Izabella mutlaqo payqamasdi; u bor-yoʻgʻi xizmatkor edi, xolos, Izabella unga oʻzining sodiq iti yoki otiga qaragandek qarardi, undan ortiq emas. Ayol sekin-asta uni oʻziga yaqinlashtirishga jurʼat etib, dam-badam uning qoʻliga suyanar, uni oʻz xonasida qarshi olib, uning oldida yechinardi ham…


Troilo bir paytlar gersogning qoʻshinida xizmat qilgandi, xizmat qilganda ham mardlarcha jang qilib, oʻng qoʻlidan yaralangandi, shu-shu u butunlay yaroqsiz boʻlib qolgandi. Bu majruhlik uni jangovar qahramonliklardan voz kechishga majbur etgandi. Shundan soʻng gersog Orsinining gardaniga xoʻjalikni boshqarish vazifasini yuklab qoʻygandi, garchand bu ish uning koʻnglidagidek boʻlmasa-da, biroq u oʻziga topshirilgan ishni sidqidildan ado etishga oʻrganib ketgandi. Gersoginya Orsinining oʻziga yaqinlashishga izn berganda, boshda halovatning avj pallasiga erishganini his etdi-yu, biroq keyinchalik bundan qattiq koʻngli qoldi. Bir tarafdan ehtirosdan esi ogʻay derdi, boshqa tomondan sevgan ayolining unga jonsiz buyumdek munosabatda ekani uni iztirobga solardi.

* * *


Brachchano joʻnab ketgandan soʻng ikki oy oʻtib, gersoginya Troiloni chaqirishni buyurdi. Ertalab kun odatdagidan issiq, yarim yalangʻoch Izabella Oyshaning yonida sochini taratib oʻtirardi. Xizmatkor kelganida ayol boshini ham koʻtarmay, oʻlib qolgan toʻtining ahvolini surishtira ketdi. Troilo bir lahza tildan qoldi. U bir vaqtning oʻzida ham xohish, ham gʻazab oʻtida qiynayotgan uning goʻzal yelkalaridan koʻz uzolmay qoldi. “Bu qanday bedodlik, – oʻyladi u, – nima, men erkak emasmanmi, ayollar tap tortmay mening yonimda yechinaveradi?” “Erkak emas” degan soʻzdan uning battar figʻoni falakka chiqsa-da, baribir tishini tishiga bosdi.


– Shunday qilib, Troilo, toʻti… – dedi gersoginya sabrsizlik bilan oʻsha-oʻsha boshini koʻtarmay.


– Shunday qilib, xonim, – choʻrt kesib dedi Troilo, – toʻtilaringizga qarash uchun endi saroydan boshqa xizmatkor yollaysiz. Ertadan boshlab men sizning xizmatkoringiz emasman.


Bunday ohang gersoginyani hayron qoldirdi, chunki Troilo unga har doim oʻta odob bilan murojaat etib kelardi. Ayol boshini koʻtardi, ikki oy avval Brachchanoning surati qoʻyilgan joyda Troilo Orsini devorga suyanib turardi. U qoʻllarini koʻkragiga chalishtirib, gʻazabli nigohini ayolga qadagandi. Gersoginya seskanib tushdi. Bu naq gersogning nigohi edi.


– Troilo, nima gap oʻzi? – dedi xizmatkorning shartakiligidan oʻziga kelolmay ayol. – Sizni xafa qilishdimi deyman?


– Ha, xonim, – dedi muloyim ovozda Troilo hamon ayoldan dargʻazab koʻzlarini uzmay, – meni ayovsiz tahqirlashdi.


U qaltirab turgan qoʻllari bilan Izabellaning oʻzini koʻrsatdi.


– Hali menmi, Troilo? – azbaroyi hayratdan qichqirib yubordi gersoginya. – Hali menmi sizni tahqirlagan? Nima qilib tahqirlabman?


– Mana, xonim, nima qilib, – dedi u qoʻli bilan ayolning yarim yalangʻoch tanasini koʻrsatib.


Gap nimada ekanligini dafʼatan Izabella tushunmadi. Tushungandan soʻng yuzi choʻgʻday qizarib ketdi. Troiloning birgina ishorasi unga jonsiz buyumdek qarashlarini chippakka chiqarib yuborgandi. U oʻzini chetdan yarim yalangʻoch, buning ustiga erkaklarning koʻz oldida kishining gʻashini keltiradigan qiyofada koʻrdi. Sharm-hayo, gʻazab va nafrat bir boʻlib uning koʻnglini shunaqangi algʻov-dalgʻov qilib yubordiki, sal boʻlmasa hushdan ketayozdi.


– Yaramas! – qichqirgancha sapchib oʻrnidan turib ketdi Izabella. – Hali sen oʻz bekangga koʻz olaytiradigan boʻldingmi! Sen-a?! Xizmatkor boʻla turib-a?!


U yugurib toʻshagi yoniga keldi-da, yostiq tagiga yashirib qoʻygan xanjarni olib, Troiloga tashlandi. Troilo bor boʻyicha qaddini rostladi-da, oʻsha-oʻsha qoʻlini qovushtirgancha tek qotib turaverdi. Xizmatkor hali bu darajada gersogga oʻxshab ketmagandi.


– Itvachcha! – dedi ayol teskari qarab, jahd bilan xanjarni xonaning narigi burchagiga uloqtirarkan. – Yoʻqol! Bundan keyin qorangni koʻrmay!


– Shunday boʻlgach, men bu dargohdan hoziroq ketaman, – sovuqqina dedi Troilo.


– Ertaga! – baqirdi gersoginya nima deyayotganini oʻzi ham anglamay. – Oʻzing “ertaga” dedingmi, demak faqat ertaga ketasan! Agar itoat etmasang, seni qamab qoʻyishlarini buyuraman!


Troilo ayolga gʻalati qaradi.


– Men nima ham derdim! – dedi u mutlaqo xotirjam ohangda. – Ixtiyor sizda. Ertaga desangiz, ertaga-da.


U taʼzim qildi-da, chiqib ketdi. Gʻazabdan koʻzlari yongan gersoginya qattiq tugilgan mushtumlarini tishlagancha xonaning u yogʻidan-bu yogʻiga borib-kelardi. Bu telbalikdan u uzoq vaqt xalos boʻlolmadi.


– Nega jahling chiqyapti? – dafʼatan soʻradi Oysha mavritancha taomilga koʻra unga “sen” deya murojaat etib, – u erkak boʻlsa, sen esa koʻzga yaqin ayol boʻlsang.


– Eshik ogʻasi! – qichqirdi gersoginya. – Mening xizmatkorim!


Davom ettirishga endi ayolning holi qolmagandi. Boshqa soʻz ham topolmayotgandi.


– U axir erkak boʻlsa, – takrorladi Oysha unga maʼnoli koʻz tashlab.


Bu nigoh gersoginyani taajjubga soldi. U oʻta ziyrak ayol edi, shu bois Orsini ikkalasi oʻrtasidagi mujmal munosabatni fahmlamasligi mumkin emasdi. Oʻzini sarkashlikdan tiyolmay, evaziga topgan huzur-halovat uchun oʻzini laʼnatlardi. Mening badanimni tomosha qilganidan qanchalik huzurlanayotganini bilmas darajada ovsar emasman-ku.


– Oh, qabohat! – dedi gersoginya baland ovozda yana xonaning u burchidan bu burchiga borib kelarkan. – Uning erkakligini goʻyo bilmagandek oʻzimni goʻllikka soldim… Borib turgan tannozu eng past suyuqoyoq ham bunday… – davom etdi ayol zoʻr hayajon bilan va gapi oxiriga yetmadi. – Orsini shunday oliyhimmat asilzodalardan boʻlsa, buning nimasi ajablanarli…


Ayol birdan Orsinini oqlayotganini fahmlab qoldi va uning qoʻpolligi oʻzini koʻpam haqoratlamaganini xavotir aralash sezib qoldi.


– Haqoratlangan emishman, biroq kimning oldida? – dedi va birdan kulib yubordi. – Oʻzimni oʻzim aldashdan nima foyda? Men oʻzi kimman – gersoginya Brachchanomi yo tashlab ketilgan ayol? Ustiga-ustak endi yosh emasman, – qoʻshib qoʻydi u, oynada unga hafta mobaynida tinchlik bermay kelayotgan ajinga boqarkan.


Yuzidagi ajinga koʻzi tushishi bilanoq uning kayfiyati tushib ketdi. Oʻringa oʻzini tashladi-da, yuzini yostiqqa burkadi.


– Nima boʻpti! – dedi u kechqurun bir oz oʻzini bosib olgach. – Men toʻgʻri yoʻl tutdim. Orsini ertaga joʻnab ketishi birdan-bir toʻgʻri yoʻl… Qanaqasiga! – baqirib yubordi u yana oʻsha zahoti. – Demak, u ham meni tashlab ketar ekan-da?


“U ham-a” degan soʻzni tilga olganida, qattiq uyat yuragini oʻrtab yubordi. Ayol birdan Orsinini gersogga tenglashtirib xato qilayotganini payqab qoldi.


– Xizmatkor! – dedi u ovozini chiqarib. “Xizmatkor” soʻzi uncha-muncha boʻlsa-da, shoʻrlik gersoginya istasa qoʻl siltashi mumkin boʻlgan ular orasidagi birdan-bir yagona mustahkam toʻsiq edi. Shafqatsiz gʻam-gʻussa uni azoblashdan charchamasdi. Gersoginya Orsini joʻnab ketgandan keyingi hayotini koʻz oldiga keltirdi-da, undan yuz oʻgirgan gersogdan soʻng ayolni oʻz gʻamxoʻrliklari bilan qoʻllab-quvvatlab turgan yagona inson ekanligini tushunib yetdi. U beixtiyor qachonlardir Brachchanoning surati turgan joyga nazar tashladi va suratni u yerdan olib ketishgani yodiga tushdi. Soʻng ancha vaqtgacha karaxt bir holda oʻz toʻshagida qimirlamay oʻtirdi.


– Ketsa ketaversin! – dedi u oxiri boshini koʻtarib. – Or-nomusli ayol shunday yoʻl tutadi… Or-nomusli… – tezda takrorladi u alamnok kulgi bilan. – Erimni ushlab qolish uchun oʻsha or-nomus deganlari menga nima qilib berdi?

Kech soat oʻn birlarda gersoginyaning yoniga chopar keldi. U gersogni kuzatish maqsadida gersoginya tomonidan tayinlangan odam boʻlib, shu topda yangi mujda bilan tashrif buyurgandi: Brachchano mavritan qaroqchilariga qarshi flotni safarga hozirlayapti ekan. Uning oʻzi Venetsiyada boʻlib, Lukretsiya ham unga ergashib oʻsha yerga ketgan. Brachchano har oqshomni ayol bilan birga oʻtkazarkan.


– Oysha, – qichqirdi gersoginya, – Troilani chaqir bu yerga! Zudlik bilan huzurimga kelsin! Bu mening amrim!


Bir payt rang-quti oʻchgan, ammo xotirjam holda Orsini kirib keldi. Ayol hamon aygʻoqchi keltirgan chaquv maktubini titroqli qoʻlida ushlab turgancha unga nazar tashladi. Soʻng Izabella maktubni gʻijimladi-da, burchakka uloqtirdi va Orsinining yoniga keldi.


– Janob, – dedi gersoginya, xizmatkorga deyarli yopishib, – men oldingizda gunohkorman va bu aybimni yuvishga tayyorman…


II

Ikki oy oʻtgach, Izabella akasining Florensiyadagi qasriga joʻnab ketdi. Akasi bir yildan beri uni chaqirgani-chaqirgan edi, garchi Franchesko unda mehrdan koʻra koʻproq qoʻrquv hissini uygʻotsa-da, oʻz akasiga itoat etishdan uzoq vaqt oʻzini olib qochishning iloji yoʻq edi: oʻsha paytlar akasiga deyarlik eridek saltanatga egalik qilish nasib etgandi.


Ayolning sayohatdan asl maqsadi Franchesko saroyida xizmat qiluvchi oʻn toʻrt yoshli oʻgʻli Virjinio bilan koʻrishish edi. Troilo Orsini esa bu safarda unga xizmatkor sifatida hamrohlik qilardi, biroq gersoginya negadir Oyshani nomaʼlum sabablarga koʻra oʻzi bilan olib kelmagandi. Ehtimol, bu hol mavritanlik qizni bevaqt ajaldan yoki, jilla qursa azob-uqubatdan saqlab qolgan boʻlsa, ajab emasdi.


Franchesko Brachchanoning izzatini joyiga qoʻygandek, Izabellani ham qora sarupoda, dabdabali mulozimlar hamrohligida, otga minib, alohida hurmat-ehtirom bilan kutib olishga chiqdi. Shunga qaramay, ular arang yolgʻiz qolishdi va aka taʼrifga sigʻmas qahrli nigoh bilan singlisiga yeb qoʻygudek tikildi-da:


– Mabodo Brachchano haqida mening qulogʻimga chalinayotgan uzunquloq gaplar rost boʻlsa, bundan oʻn sakkiz yil burun gapimga kirib, cherkovga ketganingizda oqilona yoʻl tutgan boʻlardingiz, – dedi.


Bularning bari gersoginyani ranjitish niyatida oldindan oʻylab qoʻyilgan uzundan-uzoq nutqning debochasi edi. U gapni ayolning tashqi koʻrinishiga istehzoli tahsin oʻqishdan boshladi, soʻng gersoginya oʻzini qiynoqda qolgandek his etib azob chekishi uchun ularni nafrat toʻla nigohi bilan kuzatgancha singlisini haddan ziyod iltifotga koʻmib tashladi. Francheskoning jagʻi bir zum tinmas, qop-qora kiyimga burkanib olib, bukchaygancha ayolning atrofida parvona edi, toʻgʻrirogʻi, u yoqdan-bu yoqqa tinmay borib kelar va akasining har bir harakati zamirida allaqanday vahimali, yovuz nimadir bor edi. Shoʻrlik gersoginya koʻz ochib-yumguncha burda-burda qilishga shay turgan yirtqichlar ichiga tushib qolgandek his etardi oʻzini. Nihoyat Franchesko yoʻlga tushib ostonaga yetganda mutlaqo beparvolik bilan gersoginya oʻgʻlini koʻrolmasligini maʼlum qildi: oʻgʻli va yana bir qancha saroy aʼyonlari kechagina Brachchano uchun Venetsiyaga pul olib ketishgandi. Gersoginya oʻz xonasiga qaytganidan soʻng oʻsha zahoti Troilo Orsiniga odam joʻnatdi. U saroy hovlisida Izabellaning buyumlari ortilgan aravani boʻshatishga koʻz-quloq boʻlib turgandi: Orsini oʻz ishining jonkuyari, chaqqon bir inson sifatida aynan gersoginyaning qimmatli yuklarini qasrning ayol uchun ajratilgan joyiga tashiyotgan bir paytda zarurat yuzasidan boʻlsa-da, birrovga chiqib ketish ham uni ranjitdi. Troilo Izabellaning ayni yigʻlab turgani ustiga kelib qoldi; ayol Florensiyaga yaqinlashib qolgan bir paytda, oʻgʻli Virjinio akasining buyrugʻi bilan Venetsiyaga yoʻl olgandi. Francheskoning bu nayrangi Orsinini ozmuncha iztirobga solmadi. Gersoginya azbaroyi akasini hurmat qilganidan uning taklifini qabul qilishda shoshqaloqlikka yoʻl qoʻymadimikan, deb oʻyga toldi Orsini.


Gersoginya oʻz yotoqxonasidan birgina parda bilan toʻsib qoʻyilgan alohida xonaga chiqib ketdi va oqsochlar uni yechintira boshlashdi. Orsini ayolga ergashardi-yu, biroq, u yerdan saroy hovlisi koʻrinmasligi maʼlum boʻlgach, yotoqxonaga qaytdi-da, yana gersoginya bilan suhbatini davom ettirdi va bir vaqtning oʻzida yuk tushirayotgan xizmatkorlardan ham xabardor boʻlib turdi.


Orsiniga yuragini boʻshatgan gersoginyaning qoʻrquvlari ham tarqadi. Bu orada oqsochlar uni choʻmiltirishdi, bundan u shunday rohatlandiki, hatto u yoʻqqa chiqqan umidlarini ham deyarli unutdi. Oxirgi ikki yil davomida oʻz mazmunini yoʻqotgan bu hayot, yoqimli yaqinlikdan soʻng qayta oʻz oʻrniga tushgandek boʻldi. Brachchano bilan boʻladigan kamdan-kam uchrashuvlar va Orsinining uning yonida boʻlishi oxir-oqibat gersoginyaning butun jon-tani bilan berilib ketgan halovat tuygʻusini his etishga sabab boʻldi. Mana, ikki oydirki, ular bir-birlaridan ayrilmay, odob-axloq qoidalarining hech bir taomiliga amal ham qilmay eng namunali er-xotinlardek yashab kelishardi. Oʻzaro munosabatning oddiyligi gersoginyaga ulkan zavq bagʻishlardi. Umrida birinchi marotaba bu magʻrur ayol deyarli muloyim boʻlishga va qushchadek chugʻurlab soʻzlashga jurʼat eta olgandi.


Negaki bu safar Orsini faqat ahyon-ahyonda, qisqa, loʻnda javob qaytarardi. Oxiri Izabella parda ortidan turib:


– Nima bilan bandsiz? Gapimni eshitmayapsizmi deyman? – dedi.


– Men yukingizni nazorat qilish bilan bandman.


Gersoginya kulib yubordi-da, tegajogʻlik qilib:



Read Next page

Report Page