''Interstellar''

''Interstellar''

Akbarali Omonturdiyev


Ilmiy nazariya asosida film olish g'oyasi amerikalik fizik olim Kip Torn tomonidan ilgari surildi. Kip Torn faol tarzda Kristofer Nolanga "Interstellar" ssenariysini yozishda ko'maklashdi va bu ish juda muvaffaqiyatli bo'ldiki, Stiven Hoking va Nill Degrass Tayson kabi fizik olimlar filmdan ilmiy tomondan ziddiyatli bo'lgan qismlarni topa olishmadi. 2015-yilda olim Kip Tornning "Interstellar" filmining fizik va astronomik asoslari haqida "Interstellar-Kadr ortidagi fan" nomli kitobini nashr etildi.

Ammo, biz Stiven Hokingdek kuchli fizik bo'lmaganimiz sababli yoki kitobni o'qishga vaqtimiz bo'lmasligi tufayli kitobni tushunishimiz qiyin. Filmni ko'rgan har bir odam esa "Interstellarning" mazmunini yaxshiroq tushunishni xohlaydi. Ushbu tahlilda men sizlarga kinoni ko'rish jarayonida hosil bo'ladigan savollarga javob berishga harakat qilaman. Tahlilni filmdan ko'rmasdan o'qish tavsiya etilmaydi.



Film voqealari qaysi davrda yuz beradi?

"Interstellar" voqealari Yer sayyorasida global ochlik va vayronagarchiliklar yuz berayotgan tasvirlar bilan boshlanadi. Noma'lum kasalliklar ozuqa uchun foydali bo'lgan don mahsulotlariga birin-ketin fojeali zararlar ko'rsatishni boshlaydi: avvaliga bug'doy o'sishdan to'xtaydi, navbatda makkajo'xori ekinlari zararlana boshlaydi. Bu fojealar qaysi yilda yuz beradi va qaysi asr ekanligini biz bilmaymiz. Lekin, siz tahmin qilishingiz mumkin.

Beysbol matchi davomida Kuperning qaynotasi Donald "uning davrida" odamlar beysbol o'ynashni bilishganini, hozirgilar esa xuddi nogirondek o'ynashayotganini aytadi. Kuper esa:"Mening yoshligimda esa odamlar faqatgina qorin g'amini o'ylashardi, beysbol o'ynash kimni xayoliga kelibdi deysiz",- deb aytadi. Donald: "Stadionda ham bodroq yeydimi odam, xot-dog yegim kelyapti",- deydi. Bundan, Donaldning yoshligida odamlar to'q hayot kechirganlarini anglash mumkin. Kuper bu paytda 40 yoshda, demak ocharchilik va qurg'oqchilik 20-30 yil oldin boshlangan degan xulosaga kelish mumkin. Shuningdek, "Interstellar" dunyosi bizning hayotimizga o'xshash ya'ni film voqealari bizning uzoq kelajagimizga aloqador ekanligini anglatadi. Falokatlar XXI asrning oxirida yuz berishi ehtimoli yo'q emas, lekin bu shunchaki tahmin. Ammo bizga Nolan qanday chinakam voqeliklardan ilhomlangani ma'lum.

The Dust Bowl(Chang qozon) - 1930-40-yillarda AQSH va Kanadaning dasht maydonlarida sodir bo'lgan halokatli chang to'zonlariga shunday nom berishgan. Agar siz Jon Steynbekning "The Grapes of Wrath" asarini o'qisangiz, unda xuddi shu "The Dust Bowl(Chang qozon)" dagi ocharchiliklar va vayronagarchiliklarni tasvirlanganiga guvoh bo'lishingiz mumkin. Amerikalik dehqonlar dalalarini noto'g'ri ishlov berishadi va tuproqni quritadilar; bu yomg'irning uzoq vaqt yo'q bo'lishiga to'g'ri keladi. Natijada, changli bo'ronlar dalalar va uylarga ziyon yetkaza boshladi, ochlik va kasalliklarning avj olishi oqibatida bir necha million odamlar uylarini tashlab chiqishga majbur bo'ladilar. Qadimgi odamlar Kuperning yangi uyidagi ekranlardan qurg'oqchilik, chang va ochlik haqida gaplashayotganlarini eslaysizmi? Ushbu sahnalarni Nolan "The Dust Bowl(Chang qozon)" haqidagi hujjatli filmlardan olgan desak mubolag'a bo'lmaydi.

Qora tuynuk nima va uni kim paydo qilgan?

Professor Brend Kuperga odamlar uchun yagona yo'l Yerdan qochish va yangi sayyorada hayot uchun mos bo'lgan mustamlaka yaratish ekanligini tushuntiradi. Professor Brend Quyosh tizimida bunday sayyoralar topilmaganligi sababli, ular boshqa galaktikaga chiqib ketishlari kerakligini aytadi. Shu joyda biz film nomining mazmunini sharhlaymiz, Interstellar- yulduzlararo degan ma'noni anglatadi.Odamlar oldida bir yulduzlar sistemasidan (Quyoshdan) boshqa yulduzlar sistemasiga uchish vazifasi turibdi, ammo buning uchun ularda texnik imkoniyatlar yetarli darajada emas. Inson hayoti va yoqilg'i ta'minoti yangi quyosh tizimiga o'tish uchun yetarli bo'lmaydi.

Filmda boshqa galaktikaga olib chiqadigan yo'l Saturn atrofida hosil bo'lgan qora tuynuk orqali amalga oshirilishi mumkinligi aytiladi. Qora tuynuk -bu astronavtlarning Quyosh tizimidan olamning uzoq qismiga tez o'tishiga imkon beradigan tortishish anomaliyasi.Qora tuynuk - bu Eynshteynning umumiy nisbiylik nazariyasidan kelib chiqqan fandagi hayotiy tushuncha. Romiliy Kuperga qoratuynuk qanday harakatlanishini ko'rsatadi.

Professor Brendning aytishicha, qora tuynuk o'z-o'zidan paydo bo'lmaydi. Kip Torn ham o'z kitobida ushbu da'voni tasdiqlaydi. Film qahramonla qoratuynukni qandaydir "ular" yaratgan degan qarorga kelishdi, "ular" - besh o'lchovda mavjud bo'lgan hayotning yanada rivojlangan shakli. Ammo film so'ngida ma'lum bo'ladiki, "ular" -kelajakdagi insoniyat. Ma'lum bo'ldiki, kelajak odamlari ushbu ko'prikni o'tmishdagi odamlar Yerdagi fojealardan qochib qutulishlari va kelajakdagi sivilizatsiyani qurishlari uchun qora tuynuk shaklida qurishgan.

Nima uchun vaqt turli sayyoralarda har xil tezlikda o'tadi?

Miller sayyorasidagi bir soat Yerdagi 7 yilga teng va buni Kuper bir lahzaga ham esdan chiqarmaydi. Uning sheriklari esa kema qoldiqlarini topish uchun Yerdagi vaqt bilan hisoblaganda 23 yil, 4 oy 8 kunni yo'qotishadi. Filmda tushuntiriladiki, vaqt Miller sayyorasi Gargantyua nomli qoratuynukka juda yaqin bo'lgani uchun tezroq o'tadi.

Eynshteyn tomonidan ilgari surilgan umumiy nisbiylik nazariyasiga muvofiq yirik vaznli ob’yektlar makon va zamonning egilishiga olib keladi. Bu go‘yoki tarang tortilgan gazlama ustiga to‘p qo‘yishga o‘xshaydi: to‘p qancha og‘ir bo‘lsa, u gazlamaga shuncha bosim beradi. Sayyoralar va qora tuynuklar o‘zining atrofidagi makon-zamon gazlamasini egadi.Misol tariqasida, Piramidalar vazni yirik bo‘lganligi uchun uning ostida bo‘lgan odamlarga vaqt sekinroq o‘tadi.


Bu allaqachon isbotlangan haqiqat: masalan, 2004-yilda Gravity Probe B sun'iy yo'ldoshi Yer atrofidagi kosmik vaqt egri ekanligini tasdiqlovchi ma'lumotlarni yig'di. Gargantyuaning qora tuynugi Yerga qaraganda ancha kattaroqdir, shuning uchun uning atrofidagi makon vaqtining egriligi beqiyos darajada katta. Bu Miller sayyorasida vaqtni tezroq o'tishiga olib keladi.Darhaqiqat, film namoyishidan(2014) to hozirgi kungacha(2020) Miller sayyorasida bor yo'g'i 45-50 daqiqa vaqt o'tdi.

Kuper qoratuynuk orqali qayerga harakatlanayotgan edi?

Film ssenariysida bu noodatiy joy "tesserakt" deb nomlangan. "Tesserakt" - bu geometrik shakl, kubning to'rt o'lchovli fazodagi analogidir. "Tesserakt" kubga o'xshaydi, xuddi kub kvadratga o'xshaganidek. "Interstellar"da tesserakt kelajak odamlari Kuper uchun maxsus qurgan to'rt o'lchovli makonning uch o'lchovli modeli.

Tushunmadingiz-a? Unda yaxshiroq tushuntirishga harakat qilaman.

Keling, Amelia Brendning gaplarini eslaymiz, "Vaqt "ular" uchun jismoniy o'lchov bo'lishi mumkin va "ular" uchun kelajak chiqsa bo'ladigan tog'dek". "Ular" biz bilganimizdek kelajak odamlari vaqt ichida ham, kosmosda ham erkin harakat qilishni o'rgandilar.Kuperda bunday qobiliyat yo'q, ammo "tesserakt" ichida u turli vaqt nuqtalari orasida harakatlanishi mumkin. "Tesserakt" ichida vaqt Kuper uchun jismoniy o'lchovga aylanadi. Bu yerda Kuper jismoniy jihatdan o'tmishga sayohat qila olmasligini tushunish lozim. Kelajakdan o'tmishga kirib bora oladigan yagona kuch bu- gravitatsiya(tortishish kuchi). Ko'rganimizdek, Kuper bundan o'zi va qiziga ma'lumot jo'natish uchun foydalanadi.

Myorf insoniyatni qanday qutqaradi?

Professor Brand boshidanoq Yerni qutqarib bo'lmasligini, undan qochish kerakligini yaxshi tushunadi. U shuningdek, hamma odamlarni Yerdan olib chiqishning iloji yo'qligini ham bilardi ya'ni buning uchun raketa kuchi yetarli bo'lmasdi. Shuning uchun, u bu muammoni tortishish kuchida hal qilishning kalitini izlaydi. Ammo o'lishdan oldin u Murfga tenglamani ancha yillar oldin yechilganligini va tortishish kuchini boshqarishni hech qachon o'rganolmaganini tan oladi.

Myorf muammoning yechimini izlashni davom ettiradi. Otasi gravitatsiya orqali ma'lumotlarni qiziga sovg'a qilgan soatga joylashtiradi. Myorf soat yo'nalishi bo'yicha topgan ma'lumotlari tenglamaning yetishmayotgan bo'g'ini bo'lib chiqadi. Ammo filmda Myorf barcha odamlarni o'layotgan sayyoradan qanday qilib evakuatsiya qilishga muvaffaq bo'lganligi ko'rsatilmagan. Myorfning qarorini Kip Torn o'zining kitobida izohlangan. Unga ko'ra, Myorf Yerdagi tortishish kuchini qanday kamaytirishni o'ylab topdi. Bu kosmosga odamlar to'la raketalarni uchirishni osonlashtirdi. To'g'ri, Yerning tortishish maydonining buzilishi natijasida zilzila va tsunami kabilar yanada katta falokatlarga olib keldi, ammo bu paytda odamlar uchun endi bu muhim bo'lmay qoladi.

Film so'ngida Kuper va Myorf uchrashadigan "Kuper" stansiyasi yagona bo'lmaydi. Bu paytga kelib insoniyat shunday stansiyalarning bir nechtasida hayot kechira boshlagan va Edmunds sayyorasiga ko'chib o'tishga hozirlanayotgan bo'ladi.

"Interstellar" filmining mohiyati nimada?

Nazariy savollarni aniqladik, ammo "Interstellar" hali ham ilmiy-ommabop film emas, balki badiiy film ekanligini unutmasligimiz lozim. So'nggi yuz yil ichida fizika va astronomiya sohasidagi muhim kashfiyotlardan tashqari, filmda Nolan bizga yetkazishni istagan ba'zi fikrlar mavjud. Ushbu fikrlarni tushunish uchun filmning ikkita asosiy mavzusini - sevgi va bilimga intilishni tahlil qilish kerak.

Muhabbat kuchi

Filmda insoniyatning najot topishiga hissa qo'shadigan barcha qahramonlar buni sevgi uchun qilishadi. Ameliya Edmundsni ko'rishni xohlaydi - finalda aynan uning sayyorasi hayot uchun mos bo'lgan sayyora bo'lib chiqadi. Kuperning qiziga bo'lgan muhabbati va uning najoti uchunu hatto qora tuynukka sho'ng'iydi. Shuning uchun u olimlar uchun eng qimmatli ma'lumotlarni Yerga uzatishga muvaffaq bo'ladi. Myorf, o'z navbatida, otasini yaxshi ko'radi va ko'p yillar o'tgach o'z sovg'asi - soatini yig'ish uchun xonasiga qaytib keladi. Soatda esa Yerdagi odamlarni qutqara oladigan shifrlangan ma'lumotlar manbai bo'lib chiqadi.

«Ehtimol muhabbat hozircha biz anglab yetishimiz mushkul bo'lgan poyonsiz hodisadir.Biz yetolmayotgan butunlay o'zga bir olam yodgorligi, o'zga o'lcham dalolatidir. Muhabbat meni cheksiz koinot bo'ylab o'n yil davomida ko'rmagan va allaqachon o'lik bo'lishi mumkin bo'lgan odam tomon chorlamoqda. Muhabbat- biz uchun mavjud bo'lgan yagona vaqt va makon sarhadlaridan o'tishi mumkin bo'lgan yagona tuyg'udir balki!"

Bu so'zlar - Amelia Brendning monologi, mening fikrimcha, sevgi mavzusini tushunishning kalitidir. Sevgi filmning asosiy harakatlantiruvchi kuchi, lekin nafaqat odamlarga bo'lgan muhabbat balki, ilmga bo'lgan muhabbat ham mavjudki, buni tan olmasdan ilojimiz yo'q.


Bilimga intilish

"Interstellar"ning barcha qahramonlarini juda aniq tarzda ikkita lagerga bo'lish mumkin. Birinchisi - muammoni hal qilish uchun barcha sa'y-harakatlarni amalga oshiradigan, voz kechishga tayyor bo'lmagan ammo,yangi narsalarni kashf etishga intiladigan odamlar. Bu Myorf va Endyurens kosmik kemasining butun ekipaji: Kuper, Ameliya, Romilliy va Doyl. Bilimga bo'lgan intilish, albatta, Kuper va Myorf obrazlarida aniqroq ravshan bo'ladi. Kuper, fermer bo'lganidan keyin ham, ilgari olgan bilimlarini unuta olmaydi. U hatto hindlarning uchuvchisiz samolyotini tutib oladi. U o'g'lining bilim olishini istaydi. Kuper Myorfni va Yer yuzidagi boshqa odamlarni qutqarish uchun so'nggi yo'lni izlaydi. Myorf A rejasida hatto professor Brenddan buni amalga oshirish mumkin emasligini eshitgandan keyin ham ishlashni davom ettiradi. U akasining(Tom) oilasini falokatdan qutqarishga harakat qiladi, garchi Tom bunga qarshi bo'lsa ham.

Ikkinchi lagerda esa bilimlarning muxoliflari va oddiygina inert odamlar bor, ular o'z qismatlaridan qoniqishadi. Bu dehqon bo'lishni yaxshi ko'radigan Kuperning o'g'li Tom. Bu Kuperning qaynotasi Donald. Filmda eng nopok personajlar Kuper bolalari o'qiydigan maktabning o'qituvchilari. Ular yolg'on bilimlarni o'rgatishadi, bu faqat bolalarning omon qolishlariga to'sqinlik qiladi xolos.


Hikoyada professor Brand va doktor Mann birinchi lagerdan ikkinchisiga o'tishadi. Ularning asl maqsadi insoniyatni qutqarish edi va ular bu vazifani hal etishga katta hissa qo'shadilar. Ammo keyinroq ikkalasi ham o'z maqsadlaridan og'ib ketdilar: Brand o'zining tenglamasidan hafsalasi pir bo'ldi va Mann esa shunchaki kimsasiz sayyorada aqldan ozdi.


"Interstellar" filmining ma'nosi, agar bitta gapga qisqartirilsa, nihoyatda sodda: bilim va yangi narsalarni qidirish eng to'g'ri yo'l, cheklovlar va harakatsizlik esa fojeadir. Millionlab odamlarning hayoti muammoni tugatishga va uni hal qilish uchun tavakkal qilishga tayyor bo'lgan Myorf va Kuperlarga bog'liqdir.

Faqatgina bilimning o'zi yetarli emas: sevgisiz u yaxshilik keltirmaydi. Biz bilamizki, doktor Mannning Yerda hech qanday qarindoshlari va do'stlari qolmagan va oqibatda insoniyat taqdiri uni bezovta qilmay qo'yadi, o'z hayoti barchasidan qimmatroq bo'lib chiqadi. Professor Brand bir tomondan, qiziga nisbatan yaxshi taqdirni taqdim etadi: uning tirik qolish uchun haqiqiy imkoniyati bor, uning rejasiga binoan Yerda qolganlar o'lishi muqarrar. Ammo boshqa tomondan, u o'z rejasini qizidan yashiradi va bu Ameliyani otasining jinoyati sherigiga aylantiradi. Brendning Ameliyaga bo'lgan muhabbati Kuperning Myorfga bo'lgan muhabbati singari kuchli emas, shuning uchun professor Brend emas, aynan Kuper va Myorf insoniyatning qutqaruvchisiga aylanishadi.



Maqolani Empire veb-saytidan materiallaridan foydalangan holda Akbarali Omonturdiyev tayyorladi.

Rasmlari manbasi: Yocalio.tumblr.com

Report Page