IELTS

IELTS

@Abituriyent | Axborot portali

IELTS (International English Language Testing System – Xalqaro Ingliz Tili Sinovi Tizimi) imtihonining maqsadi ingliz tilida o’qish, yozish, tinglab tushinish va gapirish ko’nikmalarining qay darajdaga shakllanganligini baholash hisoblanadi.

Imtihon 4 bosqichda o’tkaziladi:

  • LISTENING (tinglab tushunish) – 30-40 daqiqa,
  • READING (o’qish) – 60 daqiqa,
  • WRITING (yozish) – 60 daqiqa,
  • SPEAKING (gapirish, suhbat ko’rinishida) – 10-15 daqiqa.

Imtihon topshirilish qoidasi bo’yicha yuqoridagi barcha ko’nikmalar sinovi bir kunda o’tkaziladi. Dastlabki uchta ko’nikma sinovi bilan so’nggi, suhbat ko’rinishidagi gapirish ko’rikmasi sinovi orasida tanaffus beriladi. Ba’zan imtihon ikki kun davom etishi ham mumkin. Bunday holatda ohirgi, gapirish ko’nikmasining sinovi imtihonning ikkinchi kuniga qoldiriladi.

Imtihon tarkibiga kiruvchi 4 bosqichning har biri alohida ko’nikmalarni sinash topshiriqlaridan tashkil topadi. Har bir bosqichdagi sinovda testlar va topshiriqlar turlicha bo’lishi mumkin.

IELTS testining 2 turi mavjud: Umumiy (IELTS General Training Module) va Akademik (IELTS Academic Module). Umumiy testni o’rta yoki o’rta mahsus ta’lim yo’nalishlaridagi o’quv yurtlariga kirishni xohlovchilar topshirishadi. Bunday o’quv dargohini bitiruvchilar oliy ma’lumot diplomiga da’vogarlik qilishmaydi. Oliy ma’lumotga ega bo’lish maqsadida universitetga o’qishga kirish uchun Akademik testni topshirish talab etiladi. Har ikki turdagi testlarning tuzilishi bir hil, ammo Umumiy testning o’qish uchun beriladigan matni va yozish ko’nikmasini sinovdan o’tkazish topshiriqlari oliy o’quv yurtlariga kirish sinovlari talablarini o’z ichiga olmaydi. Azamat.uz saytining IELTS haqidagi bo’limida biz ko’proq IELTSning Akademik testiga tayyorgarlik ko’rish masalalarini ko’rib chiqamiz.

Imtihonning har bir bo’limi uchun va butun imtihonning umumiy bahosi sifatida olish mumkin bo’lgan maksimal ball 9 ball hisoblanadi. Ma’lumki, imtihondan o’tib, oliy o’quv yurtlariga kiruvchilarning ko’pchiligi kelajakda turli kasblarning egasi bo’lishadi, ular turli yo’nalishlardagi fanlar bo’yicha ta’lim olishadi. Texnik yoki iqtisodiy yo’nalishdagi universitetlarga o’qishga kirish uchun kamida 6 ball to’planishi kerak. Yuridik va gummanitar yo’nalishdagi oliygohlarga o’qishga qabul qilinish uchun esa kamida 7,5 ball to’planishi shart. IELTS imtihonlarida tanlangan oliygoh yoki yo’nalishdan qa’tiy nazar, hamma bir hil tartib va talablar asosidagi sinovlardan o’tadi. Farq faqat to’plangan ballar va ularning qayerda, qanday qabul qilinishida bo’ladi.

Yaqindan boshlab Buyuk Britaniya hukumatining immigratsiya nazorati boshqarmasi mamlakatga uzoq muddat davomida qolib ishlash maqsadida keluvchi shaxslarning majburiy imtihondan o’tkazilishini joriy qildi. Bu maqsadda mamlakatga kiruvchi shaxslar Akademik test topshirishlari talab etiladi, ammo to’planishi talab etilgan ball, test topshiruvchilarning kasblaridan kelib chiqqan holda, 4,5 balldan 5,0 ballgacha qilib belgilangan.

IELTS testlarini tuzuvchilarning aytishicha, ushbu test imtihon qilinuvchining umumiy bilimini ham, uning mahsus tayyorgarligini ham tekshirmaydi. Testning asosiy maqsadi – test topshiruvchining ingliz tilini kelajakda Buyuk Britaniya yoki boshqa biror ingliz tilida gaplashiladigan davlat oliygohlarida muvaffaqiyatli ta’lim olishlari uchun yetarli darajada bilishini aniqlash.

Mening fikrimizga ko’ra, bu haqiqatga to’liq yaqin emas. To’g’ri, IELTS imtihoni test topshiruvchining hech qanday mahsus tayyorgarligi yoki bilimini tekshiruvdan o’tkazmaydi. Ammo, imtihon davomida topshiriqlarni to’g’ri bajarish uchun test topshiruvchidan mantiqiy fikrlash, ma’lumotlar analizi, sintezi, o’z ona tilida ma’lumotlarni jamlash, qayta ishlash va ularni xorijiy tilga o’girib, ifodalay olish kabi bir qator ko’nikmalar talab etiladi.

IELTS imtihoni o’qish, yozish, eshitish va gapirish ko’nikmalarining qay darajada shakllanganligini baholaydi. Aynan shu ko’nikmalarning to’liq shakllanganligi ingliz tilida gapiriladigan davlatlarda ta’lim olish jarayonida eng zaruriy hisoblanadi.

Shuning uchun IELTS imtihonlariga tayyorgarlik ko’rishning eng asosiy yo’nalishlari ingliz tilining kundalik turmushda ishlatilishini o’rganishga yo’naltiriladi. Ingliz tilida gaplashiladigan davlatlarga ta’lim olish maqsadida bormoqchi bo’lgan talabalar bilan bunday davlatlarga ishlash maqsadida borayotgan kishining tildan foydalanishi farqli bo’lishi mumkin, ammo IELTS imtihonlarida beriladigan topshiriqlarda bu farq juda katta rol o’ynamaydi. Azamat.uz saytida biz asosan IELTS imtihonining Akademik test turi uchun tayyorlanish masalalariga ko’proq urg’u bersak-da, undan ingliz tilini Umumiy test topshirish uchun o’rganayotganlar ham foydalanishlari mumkin.

Quyida ingliz tilida gaplashiladigan davlatlardagi oliy o’quv yurtlarida ta’lim olish jarayonida duch kelish mumkin bo’lgan vaziyatlar tasvirlangan.

Ingliz tilida gaplashiladigan davlatlarda ta’lim olish jarayonida quyidagi vaziyatlarga duch kelishingiz mumkin:

  • kitob va jurnallar o’qish,
  • yozma topshiriqlarni bajarish,
  • ma’ruzalar tinglash,
  • seminarlarda qatnashish.

Bu vaziyatlarning har biri Sizdan quyidagilarni amalga oshirishni talab qilishi mumkin:

Kitob va jurnallar o’qish:

  • sohaga oid turli kitoblarni o’qish, aniq bir mavzuga doir ma’lumotlar berilgan gazeta va jurnallarni mutoala qilish;
  • matnlar, jadvallar va chizmalardan kerakli ma’lumotlarni olish;
  • o’qilganlarni tahlil qilish.

Yozma topshiriqlarni bajarish:

  • o’rtaga tashlangan muammoli masalani analiz qilish;
  • yozma ishning rejasini tuzish;
  • o’z so’zlari bilan yozish orqali mazvuni tushunganligini ifodalash, o’z fikrini yozma ravishda tahlil qila olish va hokazo.

Ma’ruzalar tinglash:

  • tez gapirilayotgan nutqni tinglab tushuna olish;
  • turli shevalardagi nutqni tushuna olish;
  • ma’ruzaning asosiy qismlarini, urg’u berilayotgan ma’nolarni tushuna olish;
  • eshitish davomida kerakli ma’lumotlarni yozib olish.

Bulardan tashqari radio va video xabarlardagi turli tezlik va shevada gapirilgan nutqni tinglab tushuna olish, nutqning asosiy mazmunini anglay olish hamda zaruriy holatlarda ular orqali yetkazib berilayotgan ma’lumotlarni yozib olish ko’nikmalarini shakllantirish kerak.

Seminarlarda qatnashish:

IELTS imtihonini topshirish mobaynida imtihon oluvchining savollariga javob berish va shu bilan bir qatorda savollar berishga ham to’g’ri keladi.

Ingliz tilida gaplashiladigan davlatlarda yashash va ishlash quyidagilarni talab qilishi mumkin:

  • gazetalar mutoala qilish, e’lonlar, yo’riqnoma va ko’rsatmalarni o’qish va hokazo;
  • tashkilotlar yoki alohida shaxslarga yozma murojaatnoma va arizlar yozish;
  • radio tinglash, ko’rsatmalarni tinglab tushunish va har kunlik suhbatlarni tinglash;
  • o’zi haqida gapirib berish, kelib chiqishi, oilasi va vatani, o’qishdan maqsadi, kelajakdagi rejalari haqida gapirish.

Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda, IELTSni o’rgatuvchi ta’lim berishni ikki bosqichga bo’lib amalga oshirishi kerak:

1) nutq, yozish, o’qish va tinglab tushunishni uzviy o’rgatish. O’rganuvchining so’z boyligini imkon qadar oshirgan holda ingliz tili grammatikasining eng zaruriy va murakkab jihatlarini o’rgatish. IELTS imtihonini topshirishga oid yo’l-yo’riqlar ko’rsatish;

2) nutq, yozish, o’qish va tinglab tushunish ko’nikmalarini keng miqyosda rivojlantirish – gazeta va jurnallar o’qish orqali o’qish ko’nikmasini rivojlantirish, radio va audio eshittirishlar asosida tinglab tushunish ko’nikmasini mustahkamlash, imkon qadar jonli muloqotlarni amalga oshirish asosida og’zaki nutq ko’nikmasini rivojlantirish va hokazo.

IELTSni o’rgatish kursi ohirida o’rganuvchilar quyidagi ko’nikmalarni to’liq o’zlashtirgan bo’lishlari zarur:

  1. Ingliz tilini ona tili sifatida gapiruvchilarning o’rta tezlikda gapirishlarida anglatilayotgan ma’lumotni tinglab tushuna olish va qabul qilingan ma’lumotni sekin, yuqori aniqlik bilan (diktant ko’rinishida) eshitilganlarni aynan takrorlamasdan, gap mazmunini gapirib bera olish.
  2. Xujjatlarni tashkil etish (masalan, xisobotlar, rasmiy va norasmiy xatlar, chizma va diagrammalardagi ma’lumotlarni matn ko’rinishida ifodalash, referatlar yozish), so’rovnoma ko’rinishidagi xujjatlarni to’g’ri to’ldira olish. Xujjatlarni ma’lum cheklangan vaqt ichida aniq to’ldirish hamda xujjatlarni yozish jarayonida kerakli bo’lgan uslubdagi (rasmiy yoki norasmiy) ingliz tilidan foydalana olish.
  3. Ma’lum cheklangan vaqt ichida ijtimoiy muhimlikka ega bo’lgan turli mavzularga asoslangan insholarni yoza olish.
  4. Ko’rib chiqish, ma’lumot qidirish va o’rganish usullaridagi o’qish ko’nikmasini yaxshi o’zlashtirish. Cheklangan vaqt ichida aytilayotgan (og’zaki nutq) yoki yozilgan (matn) axborot ichidan kerkali bo’lgan ma’lumotni topa olish.
  5. Ma’lum bir mavzuning asosiy mazmunini og’zaki tarzda bayon qila olish, mavzu asosida berilishi mumkin bo’lgan savollarga javob berish va buni mos uslubdagi ingliz tili asosida amalga oshira olish.
  6. Ingliz tilida asosiy bilimlarni puxta o’zlashtirganligini namoyon eta olish (masalan, til grammatikasi, leksikasi, orfografiyasi va hokazo).

Qanday qilib IELTS imtihoniga xujjat topshirish

IELTS imtihoniga xujjat topshirishni istovchilar soni ortib bormoqda. Saytim orqali menga berilayotgan IELTSga aloqador savollarning katta qismi aynan testni topshirish uchun qayerga murojaat qilish, qanday qilib xujjat topshirish haqida bo’layotganligi sababli, jarayonni sodda, bosqichma-bosqich ko’rinishda yoritishga qaror qildim.

Agar Siz IELTS imtihoni topshirmoqchi bo’lsangiz, quyidagilarni bajarishingiz kerak bo’ladi:

O’ZINGIZGA MA’QUL IELTS IMTIHONI SANASINI ANIQLANG. O’zbekistonda IELTS imtihonlari Toshkentdagi Britaniya konsulligi tomonidan o’tkaziladi. Test topshirishni xohlovchilar soni ko’pligini hisobga olgan holda IELTS imtihonlari oldindan belgilangan jadval asosida, qat’iy belgilangan sanalarda o’tkaziladi. O’zingizga mos bo’lgan, ishlaringiz chiqib qolib, band bo’lib qolmaydigan sanani belgilab, aynan shu sanada o’tkaziladigan IELTS imtihoniga xujjat topshirishingiz kerak. IELTS imtihonlari Toshkentda qaysi sanalarda o’tkazilishini va qaysi sana Sizga ko’proq mos ekanligini bilish uchun ielts.britishcouncil.org/Uzbekistan sahifasiga kiring. Sahifaning pastiki qismida (rasmda ko’rsatilganidek) eng yaqin bo’lgan IELTS imtihonlarining o’tkazilish sanalari ko’rsatilgan bo’ladi. Bundan tashqari, Sizdan chap tomonda turgan mahsus forma orqali so’rovga ko’ra kelajakdagi IELTS imtihonlarining o’tkazilish sanalarini bilib olishingiz mumkin. Test sanasini bilish bilan bir qatorda IELTS imtihoning qaysi turini topshirmoqchi ekanliginizni ham aniqlab olgan bo’lishingiz kerak. Akademik yoki Umumiy moduldagi IELTS imtihonlarining farqini bilib olish uchun mana bu maqolani o’qing.

TANLANGAN SANADA IMTIHON TOPSHIRISH UCHUN ANKETA TO’LDIRISHGA O’TING. Buning uchun yuqorida ko’rsatilgandek berilgan ro’yxatdagi test sanalarining o’zingizga eng mos bo’lgan birortasi ustiga bossangiz, IELTS imtihoni topshirish uchun to’ldirishingiz kerak bo’lgan anketaga o’tish sahifasi ochiladi. Mana shu anketa IELTS uchun topshiradigan xujjatingiz hisoblanadi. Anketaga o’tish uchun IELTSga xujjat topshirish shartlarini o’qib chiqishingiz taklif etiladi. Bu shartlar yozilgan sahifaning eng pastki qismida «Barcha shartlarga roziman» deyilgan joyiga belgi (ptichka) qo’yib, «Continue» tugmasini bosish orqali davom etasiz:

ANKETANI TO’LDIRING. Barcha shartlarga rozilikni belgilab, davom etish tugmasini bosganingizdan so’ng ma’lumotlaringizni kiritishingiz talab etilgan anketa ko’rsatiladi. Bu anketaning barcha zaruriy qismlarini e’tibor bilan, shoshmasdan to’ldiring. O’zingiz haqingizda so’ralgan barcha ma’lumotlarni to’g’ri, haqqoniy yozing. Ismingiz, familiyangiz, tug’ilgan vaqtingiz kabi muhim ma’lumotlarni alohida e’tibor bilan kiriting. Test vaqtida pasportingiz tekshiriladi. Agar anketada kiritgan ma’lumotlaringiz pasportingizdagi ma’lumotlar bilan mos tushmasa, arizangiz bekor bo’lishi mumkin. Anketani to’ldirish jarayonida pasportingizning rasmingiz ko’rsatilgan qismini skaner qilib, anketaga biriktirishingiz so’raladi. Shuning uchun pasportingizni oldindan skaner qilib qo’ying. Anketaning eng so’ngidagi «Send IELTS result to other institutions?» deyilgan joyida «NO» belgilang. Aks holda anketaning keyingi bosqichlarida IELTSda olgan bahongizni qaysi institutga yuborish kerakligi haqida ma’lumot kiritishingizga to’g’ri keladi. Ko’p hollarda bu amaliyot Siz uchun zarur bo’lmaydi. Anketaning eng yuqori qismida esa IELTS imtihonini topshirish uchun to’lashingiz kerak bo’lgan summa Buyuk Britaniya pul birligida ko’rsatilgan bo’ladi. Anketani to’ldirib, davom etish tugmasini bosing.

MA’LUMOTLAR TO’G’RILIGINI TEKSHIRING VA TO’LOV USULINI TANLANG.Anketaga barcha so’ralgan ma’lumotlarni kiritganingizdan so’ng, ularni jo’natishdan avval yana bir bor ma’lumotlar to’g’riligini tekshirib chiqishingiz taklif qilinadi. Barcha ma’lumotlaringizni yana bir bor ko’rib chiqing. Xatoga yo’l qo’ygan bo’lsangiz, ortga qaytib ularni to’g’rilashingiz mumkin. Hammasi to’g’ri bo’lsa, sahifaning eng pastki qismidagi to’lov turini «Pay Later» deyilgan tanlov sifatida ko’rsatib, «Apply now» tugmasini bosing:

KO’RSATILGAN HISOB RAQAMGA ISTALGAN BANK ORQALI PUL TO’LANG.Anketa muvaffaqiyatli yuborilgandan so’ng sahifaning eng quyi qismida rasmda tasvirlangandek hisob raqam ko’rsatiladi. Bu hisob raqamni printer orqali chiqarib olib, uni istalgan bankka olib boring va IELTS uchun to’lanishi kerak bo’lgan summani naqd yoki plastik kartochka orqali bankka pul o’tkazish yo’lib bilan ko’rsatilgan hisob raqamga to’lang. To’lov anketa yuborilgandan so’ng 3 kun ichida to’lanishi kerak, aks holda anketa bekor qilinadi.

To’lov so’mda amalga oshirilganligi sababli bank hodimidan to’lanayotgan kunda Buyuk Britaniya funtining O’zbekiston so’miga nisbatan Markaziy bank tomonidan belgilangan qiymati (kursi)ni bilib olishingiz kerak bo’ladi.

6. TO’LOV MA’LUMOTNOMASI (KVITANSIYA)NI SKANER QILIB, KONSULLIKKA YUBORING. Bank orqali pulni muvaffaqiyatli o’tkazganingizdan so’ng Sizga mahsus to’lov ma’lumotnomasi (kvitansiya) berishadi. Sizga ham to’laganingizdan so’ng shunga o’xshash ma’lumotnoma (kvitansiya) berishadi. Siz uni skaner qilib, rasmini ielts.info@britishcouncil.uz elektron pochta manziliga yuborishingiz kerak. Yodingizda bo’lsin, to’lovni bank orqali to’lash va kvitansiyani skaner qilib pochtaga yuborish anketa yuborilgandan so’ng 3 kun ichida amalga oshirilishi shart. Aks holda anketangiz bekor bo’ladi va to’lovingiz qabul qilinmaydi.

7. POCHTA ORQALI TO’LOVINGIZ QABUL QILINGANLIGI TASDIQLANADI. TESTNI KUTING. Siz kvitansiyani yuborgan pochta manziliga to’lovingiz qabul qilinganligi, ko’rsatilgan, anketa yuborish orqali xujjat topshirilgan kundagi IELTS testi uchun ro’yxatga olinganligingiz haqidagi rasmiy tasdiqlash elektron xati yuboriladi. Bunday tasdiqlash xatini olishingiz IELTS imtihoni uchun muvaffaqiyatli xujjat topshirganingizni anglatadi. Shundan so’ng test kunini hayajon bilan kutishingiz qoladi, xolos. Endi testlarga tayyorlanishni kuchaytirishingiz ham mumkin bo’ladi.

IELTS testida hammaga omad tilayman!


Manba: Azamat.uz

Report Page