Nega O‘zbekistonda ID-kartalarni rasmiylashtirish karrasiga qimmat?

Nega O‘zbekistonda ID-kartalarni rasmiylashtirish karrasiga qimmat?

Xpress.uz

Yangi yilning birinchi ish kunidan o‘zbekistonliklar uchun ichki pasport va shaxsiy identifikatsiya vazifasini o‘taydigan ID-kartalarni rasmiylashtirish mumkin bo‘ladi.

Karta uchun to‘lanadigan davlat boji bazaviy hisob birligining 89 foizi, yoki 198 470 so‘mni tashkil etishi ma’lum qilindi. Bugungi kun kursi bilan 18,95 dollarni tashkil etadi. Albatta, bazaviy hisob birligi oshishi bilan pasport uchun davlat boji ham oshib boradi.

Masalan, Qirg‘izistonda ID-karta uchun davlat boji yo‘q, lekin kartani rasmiylashtirish xizmatlari uchun 470 som yoki 5,74 dollar to‘lanadi.
Ukrainada voyaga yetganlar uchun birinchi marta ID-karta berilishi tekin, qolganlarga esa esa karta 345 grivnaga tushadi. Bu 12,15 dollar degani.
Gruziyada ID-karta uchun 40 lari yoki 12,20 dollar to‘lanadi.
Hatto Yevroittifoq a’zosi Latviyada ID-karta rasmiylashtirish xarajati 14,23 yevro yoki 17 dollarga aylanadi.

O‘zbekistonda ID-kartalarni Yagona umumrespublika protsessing markazi (YeOPS) va Germaniyaning “Veridos GmbN” hamkorligida tuzilgan kompaniya ishlab chiqaradi. Bu nomi hech bir joyda aytilmaydigan kompaniya bo‘yicha maxsus qaror ham chiqarilgan.

Qarorga ko‘ra, ID-kartalarni chiqaradigan ushbu kompaniya 2021-yil 1-iyulga qadar barcha soliqlardan va bojxona to‘lovlaridan ozod etilgan.

35 millionga yaqinlashayotgan o‘zbekistonliklarni ID-karta bilan qamrab olish ko‘lamining o‘zi 700 mln dollarga yetadi. ID-kartadan tashqari, haydovchilik guvohnomalari, texpasportlar, transport kartalarini sanang. Ehhe, deysiz. Naq Klondayk. Yana olingan superfoydaning «Veridos GmbN»ga tegishli qismi Germaniyaga chiqib ketadi.

Shuncha soliq, boj va boshqa imtiyozlarga ega kompaniya ishlab chiqaradigan ID-karta uchun bojlar nega shunchalar qimmat?

Dunyoning eng qashshoq 40 davlati qatoriga kiruvchi O‘zbekistonda ID-karta rasmiylashtirish narxini Latviya, Ukraina, Gruziya va Qirg‘izistondan qimmatroq qilishdan maqsad o‘zbekistonliklarni yanada qashshoqlashtirishmi yoki qisqa muddatda milliardlarni ishlab olish?


Otabek Bakirov, iqtisodchi

➡️ Xpress.uz – Siz kutgan format

Report Page