Bloggerlik — dunyodagi eng yaxshi kasb(mi?)

Bloggerlik — dunyodagi eng yaxshi kasb(mi?)

https://t.me/guliston_t_press
https://medium.com

Bugungi kundagi “blog” tushunchasi inglizcha “web log” — “veb-kundalik” birikmasidan kelib chiqqani ko‘pchilikka ma’lum bo‘lsa kerak. Bu ibora boshida “web log”, keyinroq “weblog” holida qo‘llanilgan bo‘lsa, ko‘p o‘tmay “blog” holiga kelgan.

Demak, blog — bu, onlayn-kundalik. Blogger esa uni yuritadigan odam. O‘z-o‘zidan, bloggerlik degani blog yuritish ekanligi kelib chiqadi.

Yaqinda Lifehacker.ru saytida bloggerlik haqida judayam yaxshi maqola chiqib qoldi. Uni o‘zbekchaga tarjima qilib, o‘z fikr va dalillarim bilan boyitib, quyida sizlarning e’tiboringizga havola qilmoqchiman.

Jastin Xoll va Yoren Barger (“weblog” so‘zini o‘ylab topishgan) o‘zlarining onlayn-kundaligini yuritishni boshlaganida, oradan bir necha yil o‘tib, blog yuritish shunchaki qiziqish yoki xobbi emas, balki biznes, hatto alohida kasbga aylanishi mumkinligi haqida o‘ylab ko‘rmagan ham bo‘lsa kerak.

Buning ustiga bloggerlik juda ajoyib kasb. Balki, dunyodagi eng yaxshi kasbdir. Nimaga deysizmi? Javobni quyidan izlang.

1. Bloggerlar — kuchli raqobatchilardir. Internetda millionlab bloglar mavjud. Birgina WordPress.com blog platformasida ishlovchi bloglarning soni 75 millionga yaqin (2014-yil 27-yanvar holatiga). Bundan tashqari yana Blogger, Tumblr va boshqa yirik blog platformalari ham mavjud. Shaxsan o‘zim ayni paytda foydalanib turgan Medium servisi ham yaqinda paydo bo‘lgan blog platformasidir.

Agar dunyodagi eng mashhur bloglar haqida bilishni xohlasnagiz, unda nufuzli Technorati reytingiga murojaat qilishingiz mumkin.

Agar blogger judayam tor sohada ijod qilsa ham, unga albatta raqobatchi topiladi. Ularning orasida eng yaxshisi bo‘lish uchun tinmay mehnat qilish lozim.

Xususan, ayni paytda o‘zbek bloggerlari o‘rtasida bo‘lib o‘tayotgan chempionatda ham ikkinchi turga kelib raqobat qanchalik kuchli tus olganining guvohiga bo‘lishingiz mumkin. Chempionatning birinchi turi saralash sifatida o‘tkazilgani uchun unda ishtirok etgan 116 ta bloggerdan kimdir o‘zining eski maqolasi yoki blog posti bilan ishtirok etgan bo‘lsa, kimdir shosha-pisha yozgan nimarsasini taqdim qildi. Yana kimlardir boshidanoq yangi narsa yozishga kirishib, uni o‘quvchilarning ixtiyoriga havola qildi.

O‘zimga kelsak, dangasalik qilib birinchi tur tugaydigan kun bir soat ichida yozgan narsam bilan ishtirok etdim. Biroq, mana ikkinchi turga kelib tanlovda qolgan 64 ishtirokchi uni jiddiy olishga kirishdi. Natijada, bir-biridan ajoyib, bir-biridan mazmunli va foydali blog postlar tayyor bo‘la boshladi.

2. Bloggerlar — universal odamlardir. Mualliflik blogi — bu, mini-gazeta demakdir. Unda faqatgina bitta xodim ishlaydi xolos. Bloggerning o‘zi ham muallif, ham tuzatuvchi, ham muharrir, ham verstkachi bo‘ladi. Ko‘p hollarda, maqolani o‘qigan o‘quvchi uning ortida qanchalik mehnat yotganini his qila olmaydi, hatto bittagina “layk”ni ham qizg‘onadi.

Grammatika, uslubshunoslik, HTML, SEO, dizayn va hatto, psixologiya — yaxshi blogger bu sohalarning har biridan oz-moz bilimga ega bo‘lishi lozim.

Men taniydigan, biladigan bloggerlar orasida Farhodjon Chinberdiyev, Davronbek Tojialiyev, To‘lqin Yusupov va yana bir necha kishini universal bloggerlar deyishimiz mumkin.

3. Bloggerlarning — yuqori kompyuter savodxonligiga ega odamlardir. Agar blog muallifi uchun eng asosiysi — yaxshi yozish, deb o‘ylasangiz, adashasiz. To‘g‘ri, orfogorafik va tinish belgilari bo‘yicha savodxonlik ham kam ahamiyatga ega emas, lekin bundan tashqari blogger texnikani ham yaxshi tushunishi lozim. Agar gap shaxsiy blog haqida ketsa, bloggerning oldiga hech kim kelib, uning blogini tekinga sozlab bermaydi. Shuning uchun ham blogger dasturlash, veb-dizayn, qidiruv tizimlari va ijtimoiy tarmoqlar bilan ishlash sohalarida ham yetarlicha bilimga ega bo‘lishi lozim. Bundan tashqari, bloggerga o‘z blogini spam yoki fishing-hujumlardan ham himoya qilishni bilishi ham zarar qilmaydi.

Taxminimcha, UzBloggerlar tanlovida ishtirok etayotgan bloggerlarning ko‘pchiligi Blogger, LiveJournal, Tumblr, Medium kabi tayyor platformalarda yangi blog ochib, uni qanday qilib o‘ziga moslashtirishni biladi. Shuning o‘ziyoq ularning kompyuter savodxonligi yuqori ekanligini ko‘rsatib beradi. Ammo, yana shunday bloggerlar mavjudki, ular blog uchun domen sotib olish, xostingni sozlash, unga WordPress, Drupal yoki Joomla kabi kontentni boshqarish tizimlarini o‘rnatish, tayyor andozalarni qanday qilib o‘ziga moslashtirish, hatto interfeysni o‘zbekchaga tarjima qilishni ham bilishadi. Bunday bloggerlar oldida ta’zim qilsang arziydi.

4. Bloggerlar — marketing gurularidir. Maqola yozildi, blogda e’lon qilindi, bo‘ldimi? Aslo unday emas! Blog mo‘ljallangan auditoriya uni o‘qishi uchun blogger internet-marketing strategiyalarini o‘rganadi: qidiruv tizimlari uchun optimallashtirish, ijtimoiy tarmoqlarda targ‘ib qilish, matnli reklama… Bularni maktabda yoki universitetda o‘qitishmaydi. Dunyoning qaysidir bir burchagida yashovchi hamda kulinariyaga oid blog yurituvchi uy bekasi yuqoridagilarni o‘zi o‘zlashtirishi lozim.

Maqtanishmasku, lekin men o‘zimni eng avvalo shu toifa bloggerlarga qo‘shgan bo‘lardim. Internet-marketing — mening sevimli ishim. Xudoga shukrki, kamina Facebook, Twitter kabi ijtimoiy tarmoqlarda o‘zining obro‘siga va o‘quvchilariga ega bloggerlardan sanaladi.

5. Bloggerlar — tavakkalchilardir. Blogosferadagi muvaffaqiyat ko‘pincha oddiy tavakkalchilikdan boshlanadi. Ammo, yo‘l-yo‘lakay uni rivojlantirish uchun ko‘proq e‘tibor qaratish lozim bo‘ladi. Bloggerlar o‘ziga yoqmaydigan yoki amakisining firmasidagi ishni tashlab, o‘zi pul topishga kirishadi. Aynan shu lahzadan boshlab blogger tadbirkorga aylanadi. Barcha moliyaviy risklarni o‘z bo‘yniga oladi. Eng katta muammo shundaki, blogger o‘z blogini foydaga chiqara oladimi?

AQSH, Yevropa hamda Osiyoning ba’zi mamlakatlarida blog yuritib, keyinchalik yirik kompaniyaga aylanib ketgan tajribalar juda ko‘p. Bilasizmi-yo‘qmi menga noma’lum, lekin The Huffington Post, Mashable, TechCrunch kabi internet-nashrlar ham boshida oddiygina blog sifatida ish boshlagan. Bugungi kunga kelib esa ular bir necha million dollalrik kompaniyalarga aylanishdi.

Xususan, O‘zbekiston sharoitida blog yuritib, undan foyda olayotgan odamlarni topish biroz qiyinroq. Lekin, shaxsiy blog vositasida o‘z xizmatlariga mijoz jalb qilayotganlar ancha-muncha topiladi.

6. Bloggerlar — biznesmenlardir. Yuqorida pul haqida gap ochgandik. Blogger o‘z blogidan foyda olishi uchun u biznesmen bo‘lishi darkor. Mijozlarni qidirish, sotuv, reklama — bularning barchasi biznes yuritishning elementlari hisoblanadi. Boshida oddiygina shaxsiy blog sifatida ochilgan bloglar, bugungi kunda yirik biznes loyihalariga ham aylanib ketgan.

7. Bloggerlar — yaxshi boshqaruvchilardir. Ular o‘z vaqtini to‘g‘ri taqsimlay bilishi lozim. Blogger o‘z vaqtini to‘g‘ri rejalashtira olsagina, uning blogi doimiy ravishda yangilanib turadi. Aggar blog jamoaviy yoki korporativ bo‘lsa, uning rahbari jamoani boshqarib turishi kerak bo‘ladi: muallif va kontent-menejerlarni qidirish va ishga yollash, uydan turib ishlashni tashkillashtirish hamda uni nazorat qilish. Blogger har kuni boshqaruvga oid ko‘plab muhim qarorlarni qabul qiladigan odamdir.

Yaxshi bloggerlardan yaxshi boshqaruvchilar chiqishiga shubham yo‘q. Buning teskarisining amalga oshishi esa sal qiyinroq bo‘lsa kerak.

8. Bloggerlar — ijodkorlardir. Qobiliyatli inson har sohada qobiliyatli bo‘ladi. Bu ibora to‘lig‘icha bloggerlarning xususiyatlariga to‘g‘ri keladi. Internetda qiziq narsalar haqida yozadiganlar kam. Hatto, faqat matn asosiga qurilgan bloglarda ham foto va video-materiallar bo‘lishi tabiiy. Shuning uchun ham, bloggerlar o‘z qobiliyatini yozuvchilik, rasm, video va boshqa sohalarda ham sinab ko‘radigan ijodkorlar bo‘lishadi.

UzBloggerlar tanlovi ishtirokchilari orasidan Xurshidbek Muhammadroziqov o‘z blog postlarida turli rasmlarga ishlov berib, ulardan oqilona foydalanishda ko‘pchilikka o‘rnak bo‘lishi mumkin.

9. Bloggerlar — tadqiqotchilardir. Shunchaki “Internet — foydali” yoki “Internet — foydasiz” deyish yaxshimas. Buni isbotlash kerak. Buning uchun blogger izlanish olib borishi, statistik ma’lumotlarni yig‘ishi, so‘rov o‘tkazishi va h.k. ishlarni amalga oshirishi lozim. Yaxshi blogger o‘z pozitsiyasini argumentlar bilan ko‘rsatib bera oladi.

Zo‘r tadqiqot olib boradigan o‘zbek bloggerlari ichida Xushnudbek Xudayberdyevning o‘rni alohida. U o‘zining huquqiy va ijtimoiy mavzularga bag‘ishlangan blogida masalani ipidan ignasigacha o‘rganib, mayda qismlarigacha e’tibor qaratadi. Ko‘proq ijtimoiy-siyosiy mavzularda yozuvchi Shermuhammad Abdugapirovni ham zo‘r tadqiqotchi bloggerlar sirasiga kiritgan bo‘lardim.

10. Bloggerlar — bilim ulashuvchilardir. Biror odamning kundalik hayoti haqidagi onlayn-jurnal hech kimga kerak emas. Odamlar yangi bilimlarni beradigan resurslarni o‘qishni xohlaydi.

UzBloggerlar chempionatiga taqdim etilgan blog postlarni o‘qib chiqayotib, Odilbek Hakimov degan ishtirokchining koreys tilini o‘rgatishga mo‘ljallangan blogini o‘zim uchun brauzerimdagi xatcho‘plar qatoriga qo‘shib qo‘ydim. Blogger uchun uning blogini kimdir o‘zining saralangan ro‘yxatiga yoki xatcho‘plar orasiga qo‘shishi juda katta natija bo‘lsa kerak deb o‘ylayman.

11. Bloggerlar — jamoat fikrini shakllantiruvchilardir. Blog — muhokama uchun maydondir. U shunday joyki, har kim biror mavzu yuzasidan o‘zining pozitsiyasini erkin bildirishi mumkin. Bloglar — odamlarning ongi va kayfiyatiga kuchli ta’sir etkazuvchi vositalardir. Shou-biznes va siyosat vakillari bekorga bloggerga aylanib qolishgani yo‘q.

O‘zbek bloglari orasidagi eng og‘riqli nuqta aynan shu band bilan bog‘liq. Blogger uchun moliyaviy foydadan tashqari unga yana yozishda davom etishi uchun turki bo‘ladigan yagona narsa bu — o‘quvchilarning e’tirofi va e’tiboridir. Biror blog postni o‘zingiz uchun foydali deb hisoblasangiz, uni ijtimoiy tarmoqlarda boshqa do‘stlaringizga ham tavsiya qiling. Ko‘tarilgan mavzu yuzasidan fikr va mulohazalaringiz bo‘lsa, hech ikkilanmay bildiring. Eng kamida rahmat aytib qo‘ysangiz ham blogger o‘zida yo‘q xursand bo‘lib, navbatdagi blog postni yozishga kirishib ketadi.

Taxminimcha, o‘zbek bloglari orasida eng ko‘p fikr bildiriladiganlari sport saytlari doirasida ochilgan bloglar bo‘lsa kerak. Chunki, aynan sport saytlarida foydalanuvchilar tomonidan eng ko‘p fikr bildiriladi. Aynan o‘sha saytlarda eng ko‘p rahmat aytiladi, eng ko‘p fikr o‘rtaga tashlanadi, eng ko‘p so‘kinishlar ham ularda.

Xususan, Qahramon Aslanov, Shuhrat Shokirjonov, Hasanali ota va boshqalarning sportga oid blogi o‘quvchilarning fikru mulohazalari bilan to‘lib toshgan.

12. Bloggerlar — tartibli odamlardir. O‘zini hurmat qiladigan blogger shubhali ma’lumotni yozmaydi, auditoriyani haqorat qilmaydi yoki provokatorlik qilmaydi. U o‘zining mas’uliyatini his qila oladi. Shuning uchun ham blogger kompyuter etikasi va umumqabul qilingan ahloq normalariga amal qilishi lozim.

Rus bloggerlari orasida Ilya Varlamov, Artemiy Lebedev kabilar o‘z blog postlarida so‘kinib yozishi bilan ham nom qozongan. Biroq, bunday narsalar bizning o‘zbek mentalitetimizga mos kelmaydi.

Hurmatli blogger, o‘quvchingiz sizdan ma’lum ma’noda o‘rnak olishi mumkin. Shuning uchun ham tartibli bo‘lish zarar qilmaydi. Bu bilan real hayotda boshqacha, virtualda boshqacha bo‘ling demoqchimasman. Gap o‘z egasini o‘z vaqtida topadi, deyisharmidi faylasuflar ☺.

Xulosa o‘rnida

Yuqoridagi ro‘yxatdagi fikrlarga qo‘shilish yoki qo‘shilmaslik o‘zingizga havola. Ammo, “Blog yuritish — qiyin mehnat” degan tushunchani hech qanday e’tirozlarsiz qabul qilishingizni xohlardim.

Internetda millionlab bloglar mavjud. Ammo, ularning qanchasini odamlar o‘qiydiyu, qanchasini e’tiborsiz qoldirishadi. Bloggerlarni hurmat qiling! Agar ulardan biri bo‘lmoqchi bo‘lsangiz, eslab qoling: Eplay olmasangiz ham bir marta urinib ko‘ring!

Shuning uchun ham, bloggerlik — yaxshi kasb. Balkim, dunyodagi eng yaxshi kasbdir…

https://medium.com/@uzeconomist?source


Report Page