Gitara

Gitara

Admin

1. Torlar va pardalar

Gitara odatda olti torli bo‘ladi. Biroq to‘rt, yetti, o‘n va o‘n ikki torli gitaralar ham mavjud. Ushbu saytda faqat olti torli gitara haqida so‘z yuritiladi. Gitara torlari po‘lat yoki neylondan tayyorlanadi. Gitara torlarining eng ingichkasini 1-, eng yo‘g‘onini 6-tor deb olish mumkin.


Gitara dastasi


Gitara dastasi

Dmbruley, CC BY 2.0

Gitara dastasidagi bo‘g‘inlar pardalar deb ataladi. Ko‘p hollarda gitara quloqlariga eng yaqin parda 1-parda deb olinadi. Standart klassik gitaralarda odatda 19 ta, elektrogitaralarda 21-24 ta parda bo‘ladi. Ammo 27 pardali gitaralar ham mavjud.

2. Pardalarda tovushlarning joylashishi

Gitarachilar orasida nota va akkordlarning lotincha nomlaridan foydalanish keng tarqalgan. O‘zbek tiliga notalarning nomlanishi rus tilidan kirib kelgan. O‘zbekcha va lotincha notalarning mutanosibligi quyidagichadir:


   Do — C

   Re — D

   Mi — E

   Fa — F

   Sol — G

   Lya — A

   Si — H/B

Quyidagi diagrammada standart sozlangan gitara pardalarida notalarning joylashuvi berilgan. (♭ — bemol, # — diyez)


Gitara pardalari diagrammasi


Gitara pardalari diagrammasi

Javari

Mana bu diagrammada esa standart sozlangan 19-pardali gitara notalari hamda ushbu notalarning nota yo‘lidagi o‘rni keltirilgan.


Tuxguitar 1.3.1 dasturi skrinshoti


Klassik gitara diagrammasi

SlashmeCC BY-SA 4.0

Gitara chalishni endi o‘rgana boshlaganingizda musiqa nazariyasi va nota yozuvini bilishingiz shart emas. Ammo har qanday o‘zini hurmat qiluvchi musiqachi nota yozuvi va musiqa nazariyasi asoslarini o‘zlashtirishi kerak. 

3. Gitarani sozlash

Gitarani turli xil qilib sozlash mumkin. Eng keng tarqalgan sozlash standart sozlash deb ataladi. Bu sozlashda simlar eng ingichka simdan eng yo‘g‘on simga qarab quyidagicha qilib sozlanadi: E, B, G, D, A, E. Bu sahifada faqat standart sozlash haqida so‘z yuritiladi.

Gitarani turli yo‘l bilan sozlash mumkin. Quyida bu usullar haqida qisqacha ma’lumot berilgan.

Gitara sozlashda odatda avval torlarni bo‘shatib olib, keyin „pastdan yuqoriga“ sozlash kerak, chunki torni avval qattiq tarang qilib, keyin bo‘shatsangiz, asbobni chalayotganingizda torlar quloqlarni buramasangiz ham ozgina bo‘shashi mumkin. Bu esa gitara sozini buzadi.

Kamerton yordamida sozlash

Kamerton cholg‘u asboblarini sozlashda ishlatiladigan kichik asbob bo‘lib, tovush balandligi etaloni o‘laroq xizmat qiladi. Kamertonlarning ikki xili bo‘ladi: xromatik, ya’ni oktavaning barcha 12 yarim tonini o‘zida jamlagan hamda lya, ya’ni faqatgina birinchi oktavaning lya notasini chiqaruvchi kamerton.

Torlarni kamerton yordamida sozlash


Torlarni kamerton yordamida sozlash

MjchaelCC BY-SA 2.5

Lya kamertoni yordamida sozlash uchun 1-, ya’ni eng ingichka torni 5-pardada bosamiz va uning tovushi kamerton tovushi bilan bir xil bo‘lguniga qadar torning qulog‘ini tegishli yo‘nalishda buraymiz. Boshida ikki tovushning unison, ya’ni bir xil balandlikda ekanligini anglash qiyin bo‘lishi mumkin, lekin vaqt o‘tishi bilan buni o‘rganib olasiz.

Endi navbatdagi torlarni sozlaymiz. 2-torni 5-pardada bosganda uning balandligi ochiq chalingan 1-torning balandligi bilan bir xil bo‘lishi kerak. 3-tor esa 4-pardada bosilganda ochiq chalingan 2-tor bilan bir xil balandlikka ega bo‘lishi kerak. 4-, 5-, 6-torlar esa 5-pardada bosilganda o‘zidan bitta pastdagi torni ochiq chalganda chiqadigan tovushga mos balandlikda bo‘lishi kerak.


Kamerton


Kamerton

PleclownCC BY-SA 3.0

Boshqa cholg‘u asbobi yordamida sozlash

Gitarani boshqa cholg‘u asboblar, masalan, fortepiano yoki akkordeon yordamida ham sozlash mumkin. Buning uchun gitaraning 1-torini ochiq chalganda 2-oktavaning mi notasiga mos keladigan qilib sozlash kerak. 2-torni esa 1-oktavaning si notasiga, 3-torni 1-oktavaning sol notasiga, 4-torni 1-oktavaning re notasiga, 5-torni kichik oktavaning lya notasiga, 6-torni esa kichik oktavaning mi notasiga mos qilib sozlash kerak.

Hushtak kamerton yordamida sozlash

Hushtak kamerton ham oddiy kamerton singari tovush balandligi etaloni vazifasini o‘taydi. Biror torni sozlash uchun hushtakning unga mos keluvchi qismini chalish, tor va hushtakning balandligi bir xil bo‘lguniga qadar gitaraning tegishli qulog‘ini burash kerak.


Hushtak kamerton


Hushtak kamerton

SimonxagCC0 1.0

Elektron sozlagichlar


Hozirgi kunda elektron sozlagichlar yoki tyunerlar keng tarqalgan bo‘lib, ular gitara sozlashni ancha osonlashtiradi. Elektron sozlagich torlarni bo‘shatish yoki tortish kerakligini ko‘rsatib turadi. Ayrim gitaralarning o‘ziga o‘rnatilgan sozlagichi bo‘ladi.


12 torli gitarani sozlash


12 torli gitarani sozlash

MhxCC BY-SA 2.0

Onlayn sozlagichlar

Hozirgi kunda gitarani osonlikcha sozlash imkonini beruvchi bepul onlayn sozlagichlar bor. Ularning ayrimlari kompyuter mikrofoni orqali torlarning balandligini o‘lchasa, ayrimlari shunchaki har bir torning tovushini chiqarib beradi. Foydali linklar sahifasida onlayn sozlagichlarga linklarni topasiz.

Mobil moslamalar uchun mo‘ljallangan sozlagichlar

Android va iOS operatsion tizimlarida ishlaydigan qurilmalar uchun ham sozlagichlar yaratilgan. Foydali linklar sahifasida bunday dasturlarning ayrimlariga linklar berilgan.

4. Akkordlar

Teoriya

Uch yoki undan oshiq tovushning birga chalinishi akkord deb ataladi. Akkordlarni chalishni o‘rganishdan avval ularning tuzilishi va ayrim musiqiy tushunchalarga qisqacha to‘xtalib o‘tamiz.

Gitara temperatsiyalangan cholg‘u asbobidir, ya’ni undagi har bir yonma-yon joylashgan parda o‘rtasida yarim ton farq bor. Hozirgi zamonaviy temperatsiyada 12 pog‘ona bor. Bular quyidagilardir: do-re-mi-fa-sol-lya-si (fortepiano klaviaturasidagi oq klavishlar) hamda mustaqil nomga ega bo‘lmagan (fortepianoning qora klavishlari) tovushlar. 

Mustaqil nomi bo‘lmagan tovushlarga do va re o‘rtasidagi, re va mi o‘rtasidagi, fa va sol o‘rtasidagi, sol va lya o‘rtasidagi hamda lya va si o‘rtasidagi tovushlar kiradi. Ularni yonidagi nota nomi bilan nomlaymiz. Masalan, do va re o‘rtasidagi tovushni balandlatilgan do (do#, ya’ni do diyez) yoki pastlatilgan re (re♭, ya’ni re bemol) deb atash mumkin.


Ikki tovushning past-balandlik jihatidan o‘zaro nisbati intervaldeb ataladi. 8 ta asosiy interval nomi mavjud bo‘lib, bu tovushqatordagi tovushlar soniga mos keladi. Bular quyidagilardir: prima – 1, sekunda – 2, tersiya – 3, kvarta – 4, kvinta – 5, seksta – 6, septima – 7, oktava – 8.


Akkorddagi tovushlar odatda tersiyalardan iborat bo‘ladi. Boshqacha qilib aytganda, akkord tovushlari o‘rtasidagi farq uch intervaldan iborat bo‘ladi.

Katta tersiya (2 ton) va kichik tersiyadan (1,5 ton) iborat akkord major akkord deyiladi. Kichik tersiya (1,5 ton) va katta tersiyadan (1,5 ton) iborat akkord esa minor akkord deyiladi. Sodda qilib major akkordlarni „quvnoq“ akkordlar, minor akkordlarni esa „g‘amgin“ akkordlar deb atash mumkin, chunki major akkordlar odatda quvnoqroq, minor akkordlar esa g‘amginroq tovushga ega bo‘ladi.


Ikki kichik tersiyadan iborat akkord kichraytirilgan, ikki katta tersiyadan iborat akkord esa kattalashtirilgan akkord deb ataladi. Har bir akkord undagi pastki tovushdan yuqori tovushga qarab tuziladi va shunday o‘qiladi.


Akkordning asosi bo‘lgan tovush uning primasi deb ataladi. Prima ortidan akkordning tersiyasi (3-interval), keyin kvintasi (5-interval), keyin septimasi (7-interval) va nonasi (9-interval) keladi. Bu tovushlarni mos ravishda 1, 3, 5, 7 va 9 deb belgilaymiz.


6 raqami bor akkord sekstakkord deb ataladi. 7 raqami bor akkord esa septakkord deb ataladi. add9 belgisi akkordga nona (bir oktavadan keyingi sekunda, ya’ni 9-pog‘ona) qo‘shilganini anglatadi. +5 akkordning kvintasi yarim tonga ko‘tarilganini, -5 esa yarim tonga pastlatilganini bildiradi.

Sizning ilk akkordingiz

Gitara akkordlarini jadval yoki to‘r shaklida ifodalash keng tarqalgan. Quyida eng oson akkordlardan biri bo‘lmish Em (mi minor) akkordi keltirilgan.

Ochiq E minor


Rasm chapida parda raqami berilgan. O’ng tarafda 1-, ya’ni eng ingichka tor, chap tarafda esa 6-, ya’ni eng yo‘g‘on tor berilgan. Aylana ichidagi raqamlar torlarni qaysi barmoq bilan bosish kerakligini anglatadi. Em akkordini chalish uchun 4-torni 2-pardada 2-barmoq bilan, 5-torni esa 2-pardada 1-barmoq bilan bosamiz. Qolgan to‘rt torni ochiq chalamiz. Shuning uchun ularga mos keluvchi aylana ichida raqam yo‘q. Ochiq torlar, shuningdek, 0 raqami bilan ham belgilanadi.

Chap qo‘lingiz bilan tegishli torlarni bosganingizdan keyin, o‘ng qo‘lingizning bosh barmog‘i bilan har bir torni bir-birdan chertib ko‘ring. So‘ngra barchasini yuqoridan pastga cherting. Har bir tor jarangli ovoz chiqarishi kerak.

Akkord jarangli chiqishi uchun barmoqlaringiz bilan torlarni yetarlicha qattiq bosishingiz kerak. Bundan tashqari, barmoq gitara dastasiga 90 gradusda bo‘lishi, bosilayotgan torning yonidagi torlarga tegmasligi kerak. Aks holda, akkord bo‘g‘iladi. Bu boshida murakkab tuyilishi mumkin. Yetarlicha mashq qilganingizdan keyin, akkordni yaxshi chalishni o‘zlashtirib olasiz. 

Yana bir narsa. Iloji bo‘lsa torni pardaning o‘rtarog‘ida bosish kerak. Barmog‘ingizni paradalarni bo‘luvchi metallga qanchalik yaqin qo‘ysangiz, uni bosish shunchalik qiyin bo‘ladi.

Chertayotib o‘ng qo‘lingizni bo‘sh qo‘ying. Barmoqlar torlarga salgina tegsa bas. Aks holda, bir tordan ikkinchisiga o‘tish qiyin bo‘ladi. Tabriklayman, birinchi akkordingizni o‘rgandingiz!

Sizning ilk ohangingiz

Bir akkordni chalishni o‘rgandingiz. Endi yana uch akkordni ko‘rib chiqamiz. Bular G (sol), C (do) hamda D (re) akkordlaridir. Ushbu akkordlarni o‘rganib chiqqaningizdan keyin, ilk ohangingizni ijro eta olasiz. Hozircha o‘ng qo‘l bilan torlarni oddiy qilib yuqoridan pastga qarab bir marta chalamiz xolos. Keyingi bo‘limda o‘ng qo‘l bilan chalish haqida so‘z yuritiladi.

Quyida G akkordini chalish ko‘rsatilgan jadval berilgan:

Ochiq G major


G akkordini chalish uchun 1-torni 3-pardada 3-barmoq bilan, 5-torni 2-pardada 1-barmoq bilan, 6-torni esa 3-pardada 2-barmoq bilan bosamiz. Qolgan uch torni esa ochiq chalamiz.

Endi esa C akkordini chalishni o‘rganamiz:

Ochiq C major


C akkordini chalish uchun 2-torni 1-pardada 1-barmoq bilan, 4-torni 2-pardada 2-barmoq bilan, 5-torni esa 3-pardada 3-barmoq bilan bosamiz. 3-torni ochiq chalamiz. 6-torni esa umuman chalmaymiz. Shuning uchun jadvalda 6-tor X bilan belgilangan.

Endi D akkordini ko‘rib chiqsak:

Ochiq D major


D akkordini chalish uchun 1-torni 2-pardada 2-barmoq bilan, 2-torni 3-pardada 3-barmoq bilan, 3-torni esa 2-pardada 1-barmoq bilan bosamiz. 4-torni ochiq chalamiz. 5-6-torlarni esa umuman chalmaymiz.

Ushbu to‘rttala akkordni qayta-qayta chalamiz. Boshida bir akkorddan ikkinchisiga o‘tishga qiynalasiz, barmoqlaringiz o‘rnini almashtirguningizcha ozgina vaqt o‘tadi. Bu normal hol. Vaqt o‘tishi bilan akkordlarni tez-tez almashtirishni o‘rganib olasiz.

Barre akkordlar

Yuqorida faqat ochiq, ya’ni ayrim torlari ochiq chalingan akkordlarni ko‘rib chiqdik. Ularni chalish unchalik qiyin emas. Lekin yopiq, ya’ni bir necha yoki barcha tor biror pardada bosilgan akkordlar juda keng qo‘llaniladi. Bu akkordlar barreakkordlar deb ham ataladi. Ularni chalish nisbatan mushkuldir. Yopiq akkordlarda odatda ko‘rsatkich barmoq tegishli pardada bir necha yoki barcha torlarni bosadi. Qolgan barmoqlar bilan akkordning qolgan notalari bosiladi.

Keling endi F major barre akkordini ko‘rib chiqsak. Uni quyidagicha qilib chalamiz:

Yopiq F major


F yopiq akkordini chalish uchun 1-barmoq bilan barcha torni 1-pardada bosamiz. 3-torni 2-pardada 2-barmoq bilan, 4-torni 3-pardada 4-barmoq bilan, 5-torni esa 3-pardada 3-barmoq bilan bosamiz.

Ko‘rsatkich barmoq barcha torni yetarlicha qattiq bosishi kerak. Har bir torni bir-birdan chertib ko‘ring. Har bir tor bo‘g‘ilmay jarangdor ovoz chiqarishi kerak. Biror tor bo‘g‘ilayotgan bo‘lsa, tegishli torni qattiqroq bosing.

Barre akkordlarni chalish chap qo‘l uchun ancha mushkul. Faqat yetarlicha mashq qilsangizgina bunday akkordlarni chalishni o‘rganib olasiz. O‘rganishingiz uchun bir necha hafta kerak bo‘lishi mumkin. Asosiysi, umidsizlanib gitarani uloqtirmang!

Chap qo‘lingiz bilan F akkordini ushlaganingizdan keyin, barmoqlar shaklini o‘zgartirmay qo‘lingizni 2 parda pastga siljitsangiz, yopiq G akkordini ushlagan bo‘lasiz.

Yopiq G major


Yopiq G akkordi bilan yuqorida berilgan ochiq G akkordi ovozi bir xil chiqadi. G akkordini ham ochiq, ham yopiq chalib bunga o‘zingiz amin bo‘lishingiz mumkin.

Barre akkordlarni chalishni kapodastr osonlashtiradi. Masalan, F akkordini chalish uchun kapodastrni birinchi pardaga qo‘yib, 2- va 3- pardalarda ochiq E akkordi shaklini ushlashimiz mumkin. Sodda qilib aytganda, kapodastr barcha torlarni bosuvchi ko‘rsatkich barmoq vazifasini o‘taydi.

Vaqt o‘tishi bilan keng qo‘llaniladigan akkordlarni yodlab olasiz. Ungacha istalgan akkordni ko‘rib olishingiz mumkin bo‘lgan saytlardan yoki Android va iOS operatsion tizimlarida ishlaydigan qurilmalar uchun yaratilgan dasturlardan foydalanishingiz mumkin. Foydali linklar sahifasida bunday sayt va dasturlarga linklarni topasiz.

5. O‘ng qo‘l

Noxun bilan chertish

Gitara torlarini noxun (mediator) yoki barmoqlar bilan chertish mumkin. Noxun yordamida solo chalish, akkordlarni strum qilib, ya’ni muayyan torlarni terib emas, balki akkordning barcha notalarini birdaniga chalish mumkin. Noxunning yaxshi jihati, u bilan chalingan ohanglar jarangdor chiqadi, uzoq payt gitara chalsangiz ham barmoqlaringiz shikastlanmaydi.

Ammo neylon torli klassik gitaralarni odatda barmoq bilan chertishadi. Murakkab arpejiolarni ham noxun bilan chertib bo‘lmaydi, sababi noxun yordamida bir-biriga yaqin bo‘lmagan torlarni bir vaqtda chalishning iloji yo‘q.


Noxunni ushlash


Noxunni ushlash

Stephen KleinCC BY 2.0

Noxunni ko‘rsatkich barmoq hamda bosh barmoq bilan ushlaymiz. Chalayotib noxunni to‘g‘ri ushlash kerak: uning uchigina torlarga tegishi kerak. Chap qo‘lingiz bilan yuqorida o‘rgangan akkordlarimizdan birini ushlab, o‘ng qo‘lingiz bilan noxun yordamida torlarni yuqoridan, ya’ni eng yo‘g‘on tordan pastga, ya’ni eng ingichka torga qarab birma-bir chaling.

Chertayotib qo‘lingizni bo‘sh qo‘ying. Noxun torlarga yengil tegsa bas. Aks holda, bir tordan keyingisiga o‘tish qiyin bo‘ladi.

Endi biror akkordni balandroq, tezroq chalishga harakat qiling. Noxun bilan yo‘g‘on simdan ingichka simga qarab strum qiling. Torlarning ovozi jarangdor chiqsin. Agar biror sim bo‘g‘ilayotgan bo‘lsa, chap qo‘lingiz bilan uni qattiqroq bosing. 

Yuqoridan pastga strum qilishni o‘zlashtirib olganingizdan keyin, o‘ng qo‘l bilan chalishda davom eting, chap qo‘l bilan esa yuqorida o‘rgangan akkordlarimizni ushlang: Em, G, C, D.

Akkordlarni birdek pastga chalishni o‘rganganingizdan keyin, ularni pastdan yuqoriga chalib ko‘ring. Akkordlarni pastga ham, yuqoriga ham chalganda bir xil tovushga ega qilib chalishni o‘rganing. Tez ritmlarni chalishda torlarni ham pastga, ham yuqoriga qarab chertish qo‘l keladi.

Odatda torlarni pastga chertish V belgisi bilan, yuqoriga chertish esa ʌ belgisi bilan belgilanadi. Yoki pastga chertish d(inglizcha down so‘zidan olingan), yuqoriga chertish u(inglizcha up so‘zidan olingan) bilan ifodalanishi mumkin.

Quyida Bolalar guruhining „Yoz alvido“ qo‘shig‘ini chalish ko‘rsatilgan videodars berilgan. Mazkur ashulaning ritmi nisbatan osondir. Darsning tegishli qismini topib, ritmni chalib ko‘ring. Hozircha chap qo‘lingiz bilan o‘zingiz bilgan akkordni ushlab, o‘ng qo‘lingiz bilan „Yoz alvido“ ritmini chalsangiz bo‘ladi.



Tajribangiz oshganidan keyin, eshitgan deyarli har qanday ritmingizni chala oladigan bo‘lasiz. Ammo avval osonroq ohanglarni chalishni o‘rganish kerak.

Barmoqlar bilan chertish

Barmoqlar bilan chertish uchun o‘ng qo‘l tirnoqlarini 2-3 mm o‘stirish kerak. Torlarni odatda ham tirnoqlar, ham barmoq uchlaridan foydalanib chertishadi. Ayrim gitarachilar o‘ng qo‘l tirnoqlarini ham chap qo‘lnikidan qisqa qilib olib tashlashadi hamda torlarni faqatgina barmoqlarining uchi bilan chertishadi. Bunday qilish osonroq bo‘lsa-da, bu yo‘l bilan chalingan torlarning ovozi uncha jarangdor bo‘lmaydi.

Bosh barmoqning ishi uch yo‘g‘on torni chertishdan iboratdir. Boshqacha qilib aytganda, bosh barmoq asosan bas notalarni chaladi. Tabiiyki, bosh barmoq bilan torlarni faqat yuqoridan pastga cherta olamiz. Qolgan barmoqlar bilan odatda pastdan yuqoriga chertamiz.

Bolalar guruhining ilk ashulasi bo‘lmish „Школьный вальс/Maktab valsi“ qo‘shig‘ida o‘ng qo‘l bilan nisbatan sodda ohang chalingan. Uni chalishni quyidagi video yordamida o‘rganishingiz mumkin:


Barmoqlar bilan yana akkordlarni noxun bilan chalgandek strum qilib chalish mumkin. Barmoqlar bilan ritm chalayotganda odatda torlarni pastga 1-,2-,3-,4-barmoqlar bilan, yuqoriga esa bosh barmoq bilan chertish kerak.

6. Tabulatura

Tabulatura nota yozuvining ilk shakllaridan bo‘lib, unda musiqa asari jadval shaklida, musiqiy tovushlar esa harflar, raqamlar va boshqa maxsus belgilar yordamida ifodalanadi. Bu yozuv odatda pardali torli asboblar uchun qo‘llaniladi.

Tabulatura olti chiziqdan iborat bo‘lib, har bir chiziq gitaraning muayyan toriga mos keladi. Odatda tabulaturaning eng yuqori chizig‘i gitaraning eng ingichka toriga to‘g‘ri keladi. Chiziqdagi raqamlar esa tegishli torda o‘sha raqamga mos keluvchi pardani bosish kerakligini anglatadi. 0 raqami torni ochiq chalish kerakligini bildiradi.

Tabulatura yana vertikal chiziqlar yordamida taktlarga bo‘linadi. Takt bu musiqa asarining bir xil vaqt davom etadigan har bir bo‘lagidir.

Tabulaturalar nota yozuviga nisbatan ancha osondir. Ammo nota yozuvidan farqli o‘laroq, tabulaturada tovushlarning uzunligi ko‘rsatilmaydi. Shuning uchun o‘zingizga tanish bo‘lgan ohanglarnigina tabulatura orqali chalishni o‘rganishingiz mumkin.

Gitara tabulaturalarida akkordlar ham ko‘rsatilsa-da, ular asosan gitara yordamida ijro etilgan solo va 

arpedjio, ya’ni akkord notalari birma-bir chalingan ohanglarni o‘rganishda qo‘l keladi.

Hozirgi kunda qo‘shiqlarning tabulaturalari to‘planadigan onlayn omborlar juda ko‘p. www.songsterr.com saytida mavjud tabulaturalarni hech bir dastursiz ko‘rish mumkin. Masalan, saytda Bolalar guruhining „Nega men sensiz?“ qo‘shig‘ining to‘liq tabulaturasi bilan tanishishingiz mumkin. Adashmasam, bu qo‘shiq to‘liq tabulaturasi yaratilgan ilk o‘zbekcha qo‘shiqdir. Songsterr.com saytida Videodarslarbo‘limida keltirilgan yana boshqa bir necha o‘zbekcha qo‘shiqning tabulaturalarini topasiz.

Quyida Lola Yo‘ldoshevaning „Muhabbatim“ qo‘shig‘ida chalingan sodda soloning tabulaturasi keltirilgan. Uni chalishdan avval qo‘shiqni eshitib, undagi sologa e’tibor bering. Istasangiz ashulaning songsterr.com saytiga yuklangan onlayn tabulaturasini ochib qarang. So‘ngra tabulaturaga qarab ohangni chalib ko‘ring. Quyida L belgisi (inglizcha long so‘zidan olingan) notani uzunroq chalish kerakligini anglatadi.

|----------------------------|-------|----------------------------|-------|

|-----------8-----8----------|-------|-----------6-----6----------|-------|

|--5-----5--------------5L---|--5----|--3-----3--------------3L---|--3----|

|----------------------------|-------|----------------------------|-------|

|----------------------------|-------|----------------------------|-------|

|----------------------------|-------|----------------------------|-------|


|----------------------------|----------------------------|

|-----------8-----8----------|--------------8--6--4--6----|

|--5-----5--------------5L---|--5--------5----------------|

|----------------------------|----------------------------|

|----------------------------|----------------------------|

|----------------------------|----------------------------|


|----------------------------|----------------------------|

|-----------6-----6----------|--------------6--4--3--4----|

|--3-----3--------------3L---|--3--------3----------------|

|----------------------------|----------------------------|

|----------------------------|----------------------------|

|----------------------------|----------------------------|


|----------------------------|----------------------------|

|-----------8-----8----------|--------------8--6--4--6----|

|--5-----5--------------5L---|--5--------5----------------|

|----------------------------|----------------------------|

|----------------------------|----------------------------|

|----------------------------|----------------------------|


|----------------------------|----------------------------|-------|

|-----------6-----6----------|--------------3--4--3-------|-------|

|--3-----3--------------3L---|--3--------3----------------|--5----|

|----------------------------|----------------------------|-------|

|----------------------------|----------------------------|-------|

|----------------------------|----------------------------|-------|

Quyidagi videodars yordamida yuqoridagi tabulaturani yanada osonroq o‘rganishingiz mumkin:



Guitar Pro kabi pullik hamda TuxGuitar kabi bepul dasturlar yaratilgan bo‘lib, ular yordamida mavjud tabulatura fayllarni ochib ko‘rishingiz, yangi tabulaturalarni yaratishingiz mumkin. Bu dasturlarda ham standart nota chiziqlari, ham tabulatura ko‘rinib turadi. Ular yordamida biror-bir qo‘shiqda ishlatilgan har bir asbob (gitara, bas gitara, solo gitara, barabanlar, klavishli cholg‘ular va hokazo) uchun qator (dorojka) tayyorlash mumkin, ularni istalgan tempda eshitib ko‘rish mumkin. Ba’zi bir qatorlarni o‘chirib turish, qolganlarining tovushini o‘zgartirish mumkin. Bundan tashqari, faqatgina bitta qatorni eshitib ko‘rish ham mumkin. Songsterr.com saytida ham ushbu amallarning ayrimlarini bajarish mumkin.


Tuxguitar 1.3.1 dasturi skrinshoti


TuxGuitar 1.3.1 dasturi skrinshoti

NataevCC BY-SA 4.0

Guitar Proda ishlatish mumkin bo‘lgan tabulaturalarni bir necha saytdan bepul olsa bo‘ladi. Bunday saytlarda ham tanilgan, ham tanilmagan ijrochilarning asarlari mavjud. Masalan, www.ultimate-guitar.com saytida minglab ashulaning, jumladan, o‘zbekcha ashulalarning Guitar Pro dasturi bilan ochish mumkin bo‘lgan tabulaturalarini topasiz.

tuxguitar.herac.com.ar saytida esa TuxGuitar dasturi yordamida ochish mumkin bo‘lgan tabulaturalar keltirilgan. TuxGuitar dasturi Guitar Prodan farqli o‘laroq bepul bo‘lib, u yordamida nafaqat TuxGuitar formatidagi, balki Guitar Pro formatidagi fayllarni ham ochish mumkin. Dasturni SourceForge saytidagi sahifasidan bepul ko‘chirib olishingiz mumkin.

7. Tonallik

Bu bo‘limda tonallik yoki ohangdoshlik tushunchasini ko‘rib chiqamiz. Tonallik biror qo‘shiqdagi akkordlarni aniqlashni osonlashtiradi. Chunki har bir tonallikning unga „kiruvchi“ va „kirmaydigan“ akkordlari bo‘ladi.

Har qanday ashula biror tonallikda yozilgan. Qo‘shiq tonalligi odatda undagi oxirgi akkordga mos keladi. Odatda har bir asar asosiy nota bilan boshlanib, o‘sha bilan tugaydi.

Xuddi notalar kabi 7 ta tonallik bor. Diyez (#) hamda bemol (♭) notalar bilan esa 12 ta tonallik bor.

Tonalliklarni major va minor tonalliklarga bo‘lish mumkin. Shartli ravishda major tonalliklarni „quvnoq“, minor tonalliklarni esa „g‘amgin“ tonalliklar desak bo‘ladi.

Har bir tonallikning „asosiy“ tonik akkordi bo‘ladi. Uni tonikadeb atashadi. Asardagi boshqa akkordlar mazkur asosiy akkordga bo‘ysunadi. Shunday ekan, tonallikni bitta asosiy notaga bo‘ysunuvchi akkord va notalar birligi, deya ta’riflash mumkin.

Har bir tonallikning asosiy akkordi tonallikning I pog‘onasidan iborat bo‘ladi. Asosiy akkord tonallikka o‘xshash bo‘ladi. Masalan, do-major tonalligining asosiy akkordi do-major yoki C akkordidir.

Qo‘shiq tonalligini o‘zgartirish uning balandligini o‘zgartirishdir. Tonallikni yuqoriga yoki pastga o‘zgartirish mumkin. Tonallikni o‘zgartirish juda oson: buning uchun asardagi har bir akkordni gitara dastasida bir xil qadam bilan yuqoriga yoki pastga siljitish kerak.

Har bir tonallikning o‘ziga parallel bo‘lgan tonalligi bo‘ladi. Unda aynan shu notalar, lekin boshqa tonika bo‘ladi. Masalan, do-major yoki C tonalligining parellel tonalligi lya-minor yoki A tonalligidir. Lya-minor uchun esa do-major parallel tonalllik bo‘ladi.

Ashulalarda odatda bir necha akkord bo‘ladi. Bu akkordlar odatda gamma, ya’ni muayyan tovushlarning ketma-ket joylashuvining turli pog‘onalarida bo‘ladi. Odatda akkordlar gammaning I, IV hamda V pog‘onalarida joylashgan bo‘ladi. Ular mos ravishda tonikasubdominanta hamda dominantadeb ataladi. Akkordlar asosiy tonallikka o‘xshash bo‘ladi – major uchun ularning barchasi major, minor uchun esa barchasi minor (V pog‘onadan tashqari) bo‘ladi. Bir qo‘shiqda parallel tonalliklarning akkordlari ham ishlatilishi mumkin.

Tonalliklarning asosiy akkordlari keltirilgan jadvallar tuzilgan. Ularni yodlash shart emas. Shunchaki bir marta tanishib chiqish kifoya. Tonallik haqida yetuk gitarachilar uchun mo‘ljallangan manbalarda batafsil ma’lumot olishingiz mumkin.

8. Xulosa

Mazkur saytda gitara chalish haqida qisqa ma’lumot berilgan. Umid qilamanki, bu yerda berilgan materiallar gitara chalish asoslarini o‘rganishingizda qo‘l keladi.

Bu yerda yozilganlarni o‘zlashtirganingizdan keyin, murakkabroq tushunchalar ham batafsil yoritilgan manbalarga murojaat qilishingiz mumkin. Foydali linklar sahifasida to‘liq gitara kurslari berilgan ayrim saytlarga linklarni topasiz.

Asosiy tushunchalarni o‘rganib olganingizdan keyin, musiqa teoriyasi, nota yozuvi, ohangdoshlik tushunchalari bilan tanishib chiqishingiz mumkin. Hozirgi kunda bu mavzuda juda ko‘p material bor. Internetda gitara chalishga bag‘ishlangan son-sanoqsiz resurs bor.

Gitara chalishni har kim ham o‘rgana oladi. Asosiysi, bunga jiddiy kirishib, yetarlicha mashq qilishdir!


Report Page