gggg

gggg


Aziz do‘stlar!

Qadrli hamkasblar!

YUrtimizga butun tarovati, go‘zalligi bilan fasllar kelinchagi bahor kirib keldi. Tabiatda yasharish va yangilanish mavsumini boshlab beradigan bu maftunkor fasl betakror bayramlari bilan yanada fayzli, jozibali va qalbimizga yaqindir. Sizlarning barchalaringizga Navro‘zi olam muborak bo‘lsin, deya ezgu niyatlarimni izhor etaman. Zero, ozod va obod yurtga bayramlar yarashadi. Serquyosh diyorimizda Navro‘z ayyomining keng nishonlanayotgani ham buni yorqin isbotlab turibdi. «Ona tabiatni sevish va ardoqlash, hayot gultoji bo‘lgan insonni qadrlash, Vatanga muhabbat va sadoqat kabi ezgu g‘oyalarni o‘zida mujassam etgan Navro‘z xalqimizning eng qadimiy, asl milliy bayramidir. Asrlar davomida el-yurtimizning olijanob orzu-intilishlarini ifoda etib kelayotgan Navro‘z mustaqillik yillarida yangicha ma’no-mazmunga ega bo‘lib, tom ma’noda umumxalq bayramiga aylandi», - deyiladi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «2018 yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida»gi qarorida.

Navro‘zning ijtimoiy hayotimizda o‘ziga xos alohida o‘rni, ahamiyati bor. Kecha bilan kunduz tenglashib, tabiatda uyg‘onish boshlanadigan Navro‘z xalqimizning boy ma’naviy merosi bilan chambarchas bog‘lanib ketgan. Bu umumxalq bayramining uch ming yillikdan ko‘proq tarixga ega ekanligi ham SHarq xalqlarining jahon sivilizatsiyasida katta o‘rin tutganligining nishonasi sifatida qalbimizda cheksiz faxr va iftixor tuyg‘ularini uyg‘otadi. O‘zida faqat yaxshilik va ezgulik, bag‘rikenglik va insonlarvarlik g‘oyalarini mujassamlantirgan ulug‘ va qutlug‘ ayyom kunlarida bemorlar, yolg‘izlar, nogironlar holidan xabar olish, mehr-muhabbat ko‘rsatish, hovli, ko‘cha va xiyobonlarni tozalash, obodonlashtirish, bunyodkorlik ishlarini bajarish Navro‘zning ijtimoiy ahamiyatini belgilaydigan jihatlaridir. Oqsoqollar bu yilgi bahorning, Navro‘zning sharofatli kelayotganligi, yilimiz barakali bo‘lishini bashorat qilayaptilar. Ularning aytganlari kelsin, xarmonlarimiz donga to‘lsin, xalqimizning farovonligi oshaversin!

Hamisha bo‘lganidek, Navro‘zi olam arafasida yurtimizda tozalik, obodonchilik va ko‘kalamzorlashtirish hasharlari, bog‘-rog‘lar barpo etishdek xayrli ishlar avj oldirilmoqda. Navoiy kon-metallurgiya kombinati ishchi-xizmatchilari, muhandis-texnik xodimlari ham umumxalq hasharlarida faollik bilan, ko‘tarinki kayfiyatda ishtiroq etmoqdalar. Kombinat tasarrufidagi shaharlar, qo‘rg‘onlar ko‘cha va xiyobonlariga, konlar, zavodlar, sexlar ma’muriy binolari atrofiga ming-minglab tup manzarali va mevali daraxt ko‘chatlari o‘tqazildi, gulzorlar barpo etildi. 18-19 mart kunlari mamlakatimiz bo‘ylab o‘tkaziladigan hashar NKMK bo‘linmalarida chinakamiga mehnat bayramiga aylanadi.

Kombinatimiz ahil jamoasi bahor bayramini ishchanlik ruhida kutib olmoqda. Ulkan korxonamizda O‘zbekiston iqtisodiyotini rivojlantirish uchun zarur bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarish rejasi bajarilayapti. Ishlab chiqarishga innovatsion ishlanmalar, zamonaviy texnologiya va asbob-uskunalar joriy etilmoqda. SHarqona yangi yil har tomonlama hozirlik ko‘rilgan holda «Aziz vatandoshlar, har kuningiz Navro‘z bo‘lsin!» shiori ostida, xalq sayillari tarzida nishonlanadi. Umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish yuzasidan ishlab chiqilgan tadbirlar doirasida mehnat faxriylari, nogironlar, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga mehr-muruvvat ko‘rsatiladi. Kon, zavod va boshqa ishlab chiqarish hamda xizmat ko‘rsatish korxonalarida ko‘klam taomlariga to‘la dasturxonlar yoziladi, ommaviy madaniy dasturlar tashkil etiladi.

Bayram shodiyonalari kunlarida shuni mamnuniyat bilan ta’kidlash kerakki, mehnat ahli haqida g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, ijtimoiy masalalarni hal qilish kombinat rahbariyatining asosiy vazifalaridan biri bo‘lgan va shunday bo‘lib qoladi. Joriy yilda ana shu ezgu maqsadlar uchun yuz milliard so‘m mablag‘ sarflash nazarda tutilgan. Kombinatimiz mehnatkashlari yuksak e’tiborga munosib deb o‘ylayman. Zomin tumanida 150 o‘rinli zamonaviy sanatoriy qurilishi jadal sur’atlarda davom etayapti. Kombinat beshigi hisoblangan Uchquduqda «Konchi» profilaktoriysi qayta rekonstruksiya qilinadi. SHuningdek, bu shaharda bolalar uchun amfiteatr, Zarafshonda Bolalar shaharchasi va favvoralar sayilgohi bunyod etish mo‘ljallanayapti. Ijtimoiy sohada amalga oshirayotgan ishlarimiz Navro‘z bayrami zamirida mujassam g‘oyalar bilan mushtarakligi bizni xayrli tadbirlarni yanada kengaytirishga ruhlantirayapti.

Qadrli kasbdoshlar!

Sizlarni yana bir bor bahor, yasharish ayyomi – Navro‘zi olam bilan qutlab, barchangizga mustahkam sog‘lik, baxt-saodat, xonadonlaringizga qut-baraka, yurtimizning nurli istiqboli yo‘lida olib borayotgan ishlaringizda muvaffaqiyatlar tilayman.

yyyy

Report Page