FERUZA…

FERUZA…

O'zigabek_O'zbek
FERUZA…

Shu gal ulkan kasalxonaning kardiologiya bo'limi palatasidan sira chiqqim kelmasdi. Bilardim, garchi yuragim xastalangan bo'lsa-da, meni kompaniyamning ikir-chikirlari, foydali shartnomalar, katta-kichik tashvishlar kutmoqda. Lekin palatadagi karavotga go'yo mixlanib qolgan kabi qimirlashga vujudimda kuch topa olmasdim…

Ha, bu yo'laklar, mo''jazgina palata devorlari, oyna-yu, romlar mening hislarim, sirlarimga guvoh. Ixchamgina, kelishgan, qop-qora ko'zlari menga tushdi deguncha ma'yus tortuvchi, uzun kipriklari pirpirab, g'uncha kabi nozik lablari titrab turguvchi hamshira qiz Feruzaga ilk bor so'z qotganimda, oramizda hayajonli lahzalar hukm surganida mana shu palatadagi jami buyumlar guvohlik berishgan. Sevgi izhorimni Feruza bilan birgalikda ular ham tek turib tinglashgan. Juda qisqa fursatda suyukligimga aylanib ulgurgan bu qiz dardli hasratlarimni, yurak og'rig'i sabab chekkan ohlarimni eshitib yig'laganda devor-u derazalar misoli junbushga kelib, Feruza-yu menga hamdardlik bildirishgan…

Xayriyat, bugun, shu lahzalarda biz yana bir niyatimizga yetib mamnun bo'lamiz. Feruzaga bo'lg'usi uyini, kompaniya ofisini ko'rsataman, zargar tanishlarimnikiga borib sevgilim uchun tilla taqinchoqlar tanlaymiz. Axir, bundan ham totli onlar bo'ladimi sevishganlar uchun!..

Hali xayollarimni yig'ishtirib bo'lmay, palata eshigi ohista taqilladi.

Ochig'i, Feruzaning shu odatiga qoyilman. Hech bir vrach, hamshira palata eshigini taqillatmaydi. Xuddi xavfli dushman kabi kutilmaganda, qo'qqisdan kirib kelishadi. Feruza esa aksincha, taqillatadi, o'zim borib eshikni ochmagunimcha, shu taxlit turaveradi…

Voh, eshikni ochdim-u, qarshimda go'yo haqiqiy malika zohir bo'lgandek hayratdan yoqa ushlay dedim. Feruza egniga qip-qizil, bejirim ko'ylak kiyibdi. Ammo ko'ylak unga shu qadar yarashib tushibdiki, ko'zlarim chaqnab ketdi…

— O'lay agar, bugun umuman boshqachasiz, — dedim uni aylanib bu mo''jizaviy libosni qayta-qayta kuzatarkanman. — Ko'ylagingiz ayni sizga atab tikilgan ekan!

— O'lmang-e, o'lsangiz men nima qilaman? — erkalanib kulgancha libosini menga ko'z-ko'z qilish ilinjida bir-ikki aylandi Feruza. — Arang oyoqqa turg'azdim-ku sizni!..

— Xo'sh, ketdikmi? — so'radim besabrligim tutib. — Tayyormisiz?

— Oldin ofisingizni ko'raylik, — dedi Feruza har galgidek uzun kipriklarini pirpiratib. — Uyingizga keyin boraverardik…

— Siz nima desangiz shu, — dedim qo'limga mayda-chuydalar joylangan sumkani olib. — Ketdik unda!..

Klinika hovlisida mashinam savlat to'kib turardi. Avval Feruzaga bu haqda indamaganim uchunmi, u mashina ro'parasiga kelib to'xtaganimni ko'rdi-yu, negadir o'ng'aysizlandi.

— Nega turib qoldingiz? — atayin so'radim undan. — Biror buyumingizni unutib qoldirdingizmi?

— Bu… Shu mashina siznikimi? — so'radi Feruza bir menga, bir ortga o'g'rincha ko'z tashlab.

— Ha, albatta meniki, — kuldim men mashinaning old eshigini ochib. — Haydovchini ovora qilgim kelmadi. Bugun siz va mening kunimiz. Demak, o'rtamizda hech kim bo'lmasligi shart. Qani, marhamat, mashinaga o'tiring!

— Y-yo'q, men… Haligi… Orqa o'rindiqqa o'tira qolaman. — dedi Feruza tutilib. — Harqalay…

— Sizning joyingiz oldinda, azizam! — shunday dedim-u, Feruzani bilagidan tutib mashinaga o'tqazdim. — Siz bugundan… Yo'q, tanishgan kunimdanoq qalbimning, uyimning malikasiga aylanib bo'lgansiz. Shunday ekan, mashina ham sizning ixtiyoringizda bo'ladi. Xo'sh, ketdikmi ofisga?

— Ketdik, — deya mayin jilmaydi Feruza. — Siz… Sehrgar ekansiz.

— Nega bunday deyapsiz?

— Shunday ajoyib mashinangiz borligini bilmasdim. Bu qanaqa mashina o'zi? Oti nima?

— «Kabrialet», — dedim sevgilimning yuziga kaftimni bosib. — Buyuring, men qulingiz mashinani joyidan jildiray!

Feruza yanada mamnun tortib, kulimsiradi va eshitilar-eshitilmas shivirladi:

— Jildiring!..

📶 @Gogo_Nina kanaliga ulanib oling!

https://t.me/joinchat/AAAAAEIKk6RlujtAqmIm1A  


U ofisga borishni xohlamadi. Yo'lda aynib qoldi. Qalbim malikasining bir og'iz so'zi, bir martalik ishorasi men uchun kifoya edi. Uyni sevgilimga ko'z-ko'z qilish uchun rulni tanish yo'l tomon burdim.

Ishonchim komil edi. Uch qavatli, derazasi zilol suvli ko'l tomonga qaragan hashamatli hovlim Feruzaga albatta yoqib tushadi. Shunday bo'ldi ham. Ichkariga qadam qo'yganimiz hamono u ko'zlari chaqnagancha naqshinkor shift, ovro'pacha usulda ishlov berilgan devorlar, servantlarni to'ldirib turgan billur idiщlarga o'zgacha hayrat bilan tikilib qoldi.

— Voh, buncha chiroyli! — deya hayajondanmi, hayratdanmi, ikki yuzi qizil tus olib ko'zlarimga boqdi Feruza. — Shunday saroyda bir o'zingiz turasizmi?

— Endi bir o'zim turmaydigan bo'ldim, — dedim suyukligimning ikki yelkasidan tutib. — Siz hamrohim bo'lasiz.

— Ko'zlarimga ishonmayman, — derdi nuqul Feruza servantdagi idishlarga qo'rqa-pisa qo'l cho'zib. — Axir… Yo'q, sira ishongim kelmayapti!

— Yuring, sizga yotog'imizniyam ko'rsataman, — men uni noqulay vaziyatdan olib chiqish niyatida o'ngdagi yo'lakka boshladim. — Ko'ring-chi, sizga ma'qul bo'larmikan o'zi?!.

Yotoqqa kirganimiz hamono Feruzaning hayrati yuz chandon oshdi. Hatto, o'zi sezmagan holda ortga tislanishga urindi. Ammo men yo'l bermadim. Aksincha uni keng, xorijda ishlab chiqarilgan guldor choyshablarga burkangan divan tomonga yetakladim.

— Esingizdami sizga «Yoningda qolishga yo'q edi imkon, men sening yodingda qolmoqchi edim» degan she'r aytgandim? — so'radim Feruzani bag'rimga bosib.

— Esimda, — dedi u eshitilar-eshitilmas. — Nimaydi?

— Endi yodingizdamas, yoningizda bo'lishni xohlayman. Hamisha, bir umr, abadiy birga bo'lishni istayman. Keling, hoziroq ayriliqqa, hijronga barham beraylik! Ayriliq alamlarini quvib solaylik!..

Feruza hech narsa demadi. Og'ir xo'rsinib, ko'zlarimga mamnun qarab oldi, xolos…

Men bu sukutni rizolik alomatiga yo'yib, bo'lg'usi yostiqdoshimni mahkam quchgancha o'sha yostiqlar tomon boshladim…

📶 @Gogo_Nina kanaliga ulanib oling!

https://t.me/joinchat/AAAAAEIKk6RlujtAqmIm1A  


Shu tobda nimadir taraqlab ketgandek bo'ldi. Tashqarida it vovillashi, mushukning bezovta miyovlashi qulog'imga chalinib, dast o'rnimdan turdim…

Qarang, birodar, derazadan hovliga qarasam, qaysar mushugim qo'shnining iti bilan talashish payida miyovlayotgan ekan.

Ko'zlarimga ishonmay, shift, uy ichkarisiga qayta-qayta nazar tashladim…

Xastalik sabab bo'lib bir xonaligina uy devorlari ta'mirsiz qolib ketibdi. Shu arzimas yumushni ham yelkamga ortmoqlay olmabman…

Shu asnoda oshxonada xotinimning tovushi eshitilgandek bo'ldi. Shundan keyingina nimalar bo'lganini, qaerdaligim, qay ahvolda ekanimni angladim. Axir, men kechagina kasalxonadan chiqdim, xotinim esa boyagina qanday taom tanovul qilgim kelayotganini surishtirgandi. Men bo'lsam, shirin… Yo'q, xom xayollar dengiziga cho'kibman-u, borliqni unutayozibman…

Feruza, koshona-yu, haybatli kompaniyalarni orzulab, mehribon, kuyunchak, mening tashvish-u, muammolarimga ko'milib qolgan umr yo'ldoshimni, ko'zlari munchoqdek farzandimni yoddan chiqarayozibman-ku!.. Ollohning o'zi kechirsin!..

Lekin baribir hech bo'lmasa xayolot olamimga kirib mening ko'nglimni ko'targan, mehrini darig' tutmagan, baxt tog'ining eng yuksak cho'qqilariga munosib va haqli hamshira Feruzadan behad mamnun bo'ldim. Unga Yaratgandan salomatlik va abadiy go'zallik tiladim.

Hech qursa xayolan menga hashamatlarni hadya etgan Ollohga beadad shukr qildim.

Olimjon HAYIT

📶 @Gogo_Nina kanaliga ulanib oling!

https://t.me/joinchat/AAAAAEIKk6RlujtAqmIm1A  

Report Page