Farg‘ona vodiysida kartoshka yetishtirishni rivojlantirish istiqbollari xorijiy va mahalliy mutaxassislar tomonidan muhokama qilindi

Farg‘ona vodiysida kartoshka yetishtirishni rivojlantirish istiqbollari xorijiy va mahalliy mutaxassislar tomonidan muhokama qilindi

🌐OLTIARIQ_TV

»»»

Foto: “Agro Olam”

16-oktabr kuni Farg‘ona vodiysida kartoshka yetishtirishni rivojlantirish loyihasi natijalari va erishgan yutuqlarini namoyish qilish maqsadida “Kartoshka yetishtirish istiqbollari” mavzusida tadbir bo‘lib o‘tdi. Bu haqda tadbir tashkilotchilari “Daryo”ga ma’lum qildi.

Ushbu tadbir Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlikda moliyalashtirilayotgan va Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) boshchiligidagi konsorsium tomonidan amalga oshirilayotgan “Qishloq hududlarini barqaror rivojlantirish loyihasi” tashabbusi bilan tashkil etildi.

Kartoshka yetishtirish borasida o‘ttiz yillik tajribaga ega malakali mutaxassis, fransuz eksperti Mishel Male Farg‘ona vodiysida olib borilgan izlanishlari aks ettirilgan kartoshka yetishtirish, ko‘paytirish va saqlash mavzusiga bag‘ishlangan o‘zbek tilidagi kitobini taqdim etdi.

Ushbu kitob amaliy qo‘llanma bo‘lib, asosan fermerlar va talabalar uchun muhim ahamiyatga ega.

Tadbir qatnashchilari 2018-yil loyiha doirasida barpo etilgan va “Innovatsion Agro Servis” ishlab chiqarish kooperativi boshqaruviga berilgan sovutgichli omborxonaga ham tashrif buyurdi.

Sovuqxona 100 tonna kartoshka urug‘ini saqlashga mo‘ljallangan va kartoshka yetishtiruvchi fermerlar va tomorqa egalarini urug‘ bilan ta’minlashga xizmat qiladi. Bundan tashqari, yaqin kunlarda loyiha doirasida ayni shu hududda kartoshka chipslari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish belgilangan. Buning uchun Yevropada tayyorlangan chips ishlab chiqarish liniyasi sotib olingan va tez kunlarda Andijonga olib kelinadi.

Mishel Male o‘zining O‘zbekistondagi faoliyati taassurotlarini quyidagicha izohlaydi:

“Ushbu loyiha men ishlagan eng keng ko‘lamli loyihalardan biri bo‘ldi. Ikki yil davomida biz turli guruh vakillari kartoshka yetishtiruvchilar, texnik xodimlar, o‘qituvchi va talabalarni o‘qitish imkoniyatiga ega bo‘ldik. Bir vaqtning o‘zida sinfdagi darslarni daladagi amaliyot navlarni aniqlash, zararkunanda va kasalliklarga qarshi keng ko‘lamli kurashish kabi tadbirlar bilan uyg‘unlashtirib olib bordik. Bundan tashqari, ishlab chiqarish kooperativi tashkil etilishi jarayonida ishtirok etayotganimdan xursandman. Ushbu kooperativ yuksak muvaffaqiyatlarga erishishiga umid qilaman”.

Report Page