Farg‘onada avtomashinani olib qochgan shaxs sud zalidan ozod qilindi.

Farg‘onada avtomashinani olib qochgan shaxs sud zalidan ozod qilindi.

🌐OLTIARIQ_TV


Foto: O‘zA.

Farg‘onada o‘zganing avtomashinasini olib qochish jinoyatini sodir etib, sud hukmi bilan ozodlikdan mahrum etilgan shaxsga insonparvarlik tamoyili qo‘llanildi, deb xabar berdi O‘zA.

Uchko‘prik tumanilik A.Qosimov endigina yigirma yoshni qarshi olayotgan bo‘lsa-da, jinoyatga qo‘l urdi. U 2018-yil 22-dekabr kuni soat 20:40larda transport vositasini olib qochish maqsadida Uchko‘prik tumani, Yoyilma qishlog‘ida joylashgan avtoshohbekatga keladi. “Qo‘qon-Farg‘ona” yo‘nalishidagi avtomashinalar qatnovchi joyda turgan sariq rangli, J.Temirovga tegishli “Spark” rusumli avtotransport vositasini qarovsiz holatda, eshiklari ochiq va kaliti o‘zida qoldirganidan foydalanib, avtomashinani o‘t oldirib, olib qochadi.

A.Qosimov 2018-yil 23-dekabr kuni o‘zi tomonidan olib qochilgan “Spark” rusumli transport vositasini Furqat tumani hududida boshqarib ketayotgan vaqtida ichki ishlar bo‘limi xodimlari tomonidan ta’qib qilingan. Lekin IIB xodimlarini qonuniy talablariga bo‘ysunmasdan, avtomashina tezligini oshirib, ulardan qochgan, avtomashinani Uchko‘prik tumani Qo‘qonboy qishlog‘iga boshqarib kelgan vaqtida ichki ishlar bo‘limi xodimlari tomonidan ushlangan hamda undan avtomashina ashyoviy dalil tariqasida olingan.

Foto: O‘zA.


Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchko‘prik tuman sudining 2019-yil 6-fevraldagi hukmi bilan A.Qosimovga 3 yil 6 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Mazkur jinoyat ishi joriy yil 5-mart kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyat sudining apellyatsiya instansiyasi sudi tomonidan ko‘rib chiqildi. Sudning ajrimi bilan A.Qosimovning yoshligi, onasi 3-guruh nogironi ekanligi, muqaddam sudlanmagani, shuningdek, fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Uchko‘prik tuman kengashi hamda “Katta Qorako‘l” mahalla fuqarolar yig‘ini tomonidan berilgan kafillik xatlari inobatga olindi. A.Qosimovni tayinlangan jazoni o‘tamasdan turib ham xulqini nazorat qilish orqali tuzatish mumkin degan xulosaga kelinib, unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 72-moddasi qo‘llanib, tayinlangan 3 yil 6 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosini shartli deb hisoblab, 2 yil sinov muddati belgilandi. U sud zalida qamoqdan ozod qilindi.


Report Page