Dunyo

Dunyo

Admin

Qozog‘istonda koronavirusga qarshi vaksinani ishlab chiqargan shaxs — Biologik xavfsizlik muammolari ilmiy-tadqiqot institutining o‘ta xavfli yuqumli kasalliklar laboratoriyasi rahbari, veterinariya fanlari doktori Lespek Kutumbetov ushbu preparatni birinchilardan bo‘lib sinovdan o‘tkazdi. Bu haqda tadqiqotchi “Kazinform”ga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Kutumbetov bilan birga uning olti nafar hamkasbi ham emlangan. “Bizning umumiy ahvolimiz yaxshi. Oradan ikki haftadan ortiq vaqt o‘tdi. Har kuni tana haroratimiz o‘lchanadi. Kuzatuvdamiz. Qon bosimimizni o‘lchaymiz. Immunitet borligini tekshirish uchun qon tahlili topshiryapmiz. Vaksina xavfsiz desa ham bo‘ladi. Xodimlarning birortasida hech qanday patologiyalar kuzatilmadi. Gematologik ko‘rsatkichlar bo‘yicha organizmda, qonda himoya antitalari paydo bo‘lishni boshladi. Hammasi yaxshi deb o‘ylayman”, — degan u.


Tadqiqotchining aytishicha, gap inaktivatsiya qilingan vaksina haqida ketmoqda. “Bu kimyoviy preparatlar bilan yo‘q qilish mumkin bo‘lgan oddiy virus”, — degan u.


Biologik xavfsizlik muammolari ilmiy-tadqiqot institutida umumiy hisobda beshta vaksina ishlab chiqilmoqda. “Ikkitasi inaktivatsiyalashtirilgan va tirik. Undan keyingisi ikki turli virus asosidagi yangi avlod vaksinasi. Beshinchisi — subyedinik vaksina. U gen muhandisligi usulida yaratiladi.


Bunday ko‘p miqdordagi vaksinalar boshqa hech bir korxonada, hatto chet elda ham tayyorlanmaydi. Qozog‘istonda, faqat bizda. Boshqa mamlakatlarda har bir tashkilot bittadan yoki ikkitadan vaksina ishlab chiqadi. Hamma yerda asosan vaksinaning yangi turi — vektorlisi ishlab chiqilmoqda. Chunki unda ish virulent emas, genetik modifikatsiyalashgan kompleks bilan ish olib boriladi. U bilan ishlash xavfsiz. Bilishimcha, Rossiya gen muhandisligi asosida yaratilgan vektorli vaksina taqdim etmoqda. Ular katta ehtimol bilan oldindan tayyorlab qo‘ygan, shu sababli ular tez ishlab chiqarishga o‘tdi”, — degan Kutumbetov.


Vaksina qachon foydalanish uchun tayyor bo‘ladi, degan savolga javoban Lespek Kutumbetov uning sinovlari bir necha bosqichda amalga oshirilishini bildirgan. “Vaksina sinovining birinchi bosqichida cheklangan miqdordagi ko‘ngillilar qatnashadi. Ushbu bosqichda preparatning zarari bor-yo‘qligi tekshiriladi. Sinovlarning ikkinchi bosqichida vaksinaning immunogenligi tekshiriladi. Bunda odamlar soni ko‘proq bo‘ladi — har bir mamlakatda ular soni mustaqil belgilanadi. Uchinchi bosqichda vaksina ming kishida sinab ko‘riladi. Sentabrda Qozog‘istonda birinchi bosqich boshlanadi. Buning uchun 40 dan ortiq kishi orasidan ko‘ngillilar tanlab olinadi”, — deb aytgan.


Qozog‘istonlik olimlar koronavirusga qarshi vaksina ishlab chiqishni boshlagani haqida mart oyi oxirlarida ma’lum bo‘lgandi. 1-avgust kuni Qozog‘iston milliy agrar universitetidagi Xalqaro vaksinatsiya markazida mamlakatda koronavirus infeksiyasiga qarshi birinchi emlash o‘tkazildi.

Report Page