Dunyo

Dunyo

Азизбек_Фахриддинов_01

AQSh prezidenti Donald Trampning kenja ukasi Robert 71 yoshida olamdan o‘tdi. Bu haqda Amerika prezidenti Oq uydagi bayonoti orqali ma’lum qildi.

“Yurakda qattiq og‘riq bilan ukam Robert bugun kechasi vafot etganini ma’lum qilmoqchiman. U nafaqat ukam, balki eng yaqin do‘stim edi”, — degan Tramp.


Robert Tramp kasalxonaga tushib qolgani to‘g‘risida 14-avgust kuni ma’lum bo‘lgandi. “Prezidentning ukasi kasalxonaga yotqizilgani to‘g‘risidagi xabarni tasdiqlay olaman”, — degandi Oq uy matbuot kotibi o‘rinbosari Jadd Dir. Biroq bunga nima sabab bo‘lganiga oydinlik kiritmagan edi.


AQSh prezidenti shu kunning o‘zida Nyu-Yorkdagi kasalxonaga borib, ukasining holidan xabar olgan. ABC News telekompaniyasining ma’lum qilishicha, Robert Tramp “juda og‘ir ahvolda” bo‘lgan.


Ma’lumot uchun, Robert Tramp 1948-yilda tug‘ilgan bo‘lib, u Amerikaning amaldagi prezidentining ikki yoshga kichik. Robert Tramp avval akasiga qarashli Trump Organization kompaniyasida yuqori lavozimda ishlagan. U 2016-yilda New York Post nashriga bergan intervyusida akasining AQSh prezidenti lavozimiga saylanishining eng katta tarafdori ekanini va uni “ming foizga” qo‘llab-quvvatlashini aytgan.


Robert Trampning nomi iyulda yangiliklarda tilga olinib, u o‘z jiyani Meri Trampni amakisi Donald Tramp haqidagi kitobni chop etishdan qaytarishga harakat qilgani ma’lum qilingandi. Meri Tramp o‘z kitobida amakisi Donaldni otasi Fred 1981-yilda o‘lim to‘shagida yotganda uni yo‘qlamaganlikda ayblagan.

Report Page