Добро Пожаловать

Добро Пожаловать

@M_Abdullo

Haftalik dayjest: O‘z logotipiga ega Toshkentda jonli konsertlar qo‘yiladi, ammo havo sovuqroq

Yakuniga yetayotgan hafta sovuq ob-havosi bilan esda qoldi. Biroq nafaqat ob-havo, balki ko‘pgina xabarlarni ham iliq mazmunda deyish qiyin. Xususan, fojiali halok bo‘lgan insonlar haqida xabarlar ko‘p tarqaldi. Qismat, taqdir... Shunday qilib, dayjestimizni boshladik.


Foto: O‘zA

* * *

O‘zbekistonda energetika bo‘yicha yagona davlat siyosatini yurituvchi yangi vakolatli organ — energetika vazirligi tashkil etildi. “O‘zbekenergo”, “O‘zbekgidroenergo” va “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyatlari Energetika vazirligiga bo‘ysundirildi. Shuningdek, hafta boshida bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov transport vaziri etib tayinlandi va hafta o‘rtasida Prezident farmoni bilan O‘zbekistonda Transport vazirligi tashkil etildi.


Foto: “Gazeta.uz”

* * *

O‘tgan haftada respublikaning barcha hududlarida havo harorati sezilarli tushib ketdi. Shimoliy viloyatlar kechasi -5 darajagacha sovudi. Vohada yog‘ingarchilik kuzatilmagan bo‘lsa-da, shamol va qorasovuq kuzatildi. Shuningdek, vodiy va Toshkentda ham havo yaxshigina sovub, tuman tushish holatlari yuz berdi. Dehqonlar tili bilan aytganda, bu haftada chilla bilan xayrlashdik.

* * *


Foto: “Xalq so‘zi”

O‘zbekiston avtosanoatiga oid xabarlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, yaqin kunlarda GM Uzbekistan avtomobil zavodi nomi o‘zgarishi, Jizzaxdagi Uzbekistan Peugeot Citroen Automotive zavodi qurilishi to‘xtab qolmagani, tomi, devorlari va poli bor, faqat tozalash ishlari qolgani, shuningdek, milliy avtokompaniyamiz Afg‘onistonga avtomobil eksport qila boshlashi ma’lum bo‘ldi.

* * *

Avvalroq fuqarolarni muddatli harbiy xizmatga chaqirish va xizmat muddatini o‘tab bo‘lgan fuqarolarni zaxiraga bo‘shatish vaqtini fevral–mart oylaridan mart–aprel oylariga o‘tkazish taklifi berilgan edi. Mudofaa vazirligining matbuot xizmati izoh berishicha, bunga sabab qishki mavsumdagi noqulay ob-havo sharoiti bo‘lib, yig‘in punktlari xonalari isitilishi sarf-xarajatlarni oshirib yubormoqda.

* * *

Oyning o‘n beshi qorong‘u, deganlaridek, ushbu haftada ko‘ngilsiz xabarlar ham uchradi. Toshkentlik qiz rashk sababli yoqtirgan yigitini qasddan o‘ldirib qo‘ygani, boshqa bir 15 yashar qiz esa ko‘p qavatli uy zinayo‘lagida o‘ldirib ketilgani va gumonlanuvchi sifatida uning o‘gay akasi qo‘lga olingani; Urgutda olti yashar qizaloq temir arg‘imchoqdan yiqilib nobud bo‘lgani, bundan tashqari, Sankt-Peterburgda ikki o‘zbekistonlik qurilish ishlari vaqtida yiqilib halok bo‘lgani; Rossiyadagi universitet talabasi Boburbekning boshiga tomdan muz parchasi tushib, dunyodan ko‘z yumgani shular jumlasidandir.

* * *


Foto: “Weebly.com”

Iqtisodiy jihatdan samarali, ammo qonun yo‘li bilan taqiqlangan o‘yin tashkil etish haqidagi xabar tarqaldi. Gap investorlarning Mo‘ynoqda kazino tashkil etish taklifi haqida bormoqda. Aytish kerakki, ayrim davlatlarda bunday o‘yin zonalarini tashkil etish chekka hududlarni rivojlantirish usuli deb qaraladi, xususan, Rossiyaning aksariyat chekka hududlarida azart o‘yin zonalari tashkil etilgan. O‘zbekistonda esa bosh prokuratura vakili “...kazino (o‘yin biznesi) masalasi bo‘yicha ham takliflar kelib tushgan, uni amalga oshirish ehtimolining barcha aspektlari o‘rganib chiqilmoqda”, degan.

* * *


Foto: Spot

8-fevral kuni poytaxt Toshkent o‘z logotipini topgan kun sifatida tarixda qoldi. MA’NO Branding agentligi yaratgan logotip markazida T harfi ifodalangan bo‘lib, unda poytaxt darvozasi ham aks etgan. Logotipning xususiyati ko‘plab holatlarga universal tarzda moslasha olishidir. Rangi o‘zgarishi, har qanday shahar muhitiga, jumladan, muzeylar, bog‘lar, davlat xizmatlari va boshqa ichki va tashqi kommunikatsiyalarga integratsiyalashuvini ta’minlaydigan turli tematik naqsh va shakllarni olishi mumkin.

* * *


Foto: “Daryo”

“O‘zbekkonsert” direktorining ishontirishicha, joriy yildan boshlab barcha yakkaxon konsert dasturlarining 30 foizi jonli ijroda o‘tkaziladi. Shu tariqa, bir muddatdan so‘ng o‘zbek tinglovchilari yuz foiz jonli ijro bilan ta’minlanadi. Faqat bu bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Azaldan san’atsevar o‘zbek xalqi bu xabarni xush qarshilashi tabiiy, faqat bu xabarning va, albatta, xonandalarning ijrosini kuzatish qoldi xolosa

Report Page