Dialog

Dialog

Rafiq O'zturk

— Eshiging tutqichi sinibdi. Yangilash kerak. 

— Butun hayotimni yangilash kerak. 

— Tushunmadim, nima deganing bu? 

— Demoqchimanki, eshik tutqichini, kam maoshli, og'ir ishimni, mana bu tor katalakni, ko'rimsiz xotinimni, senday xudbin va farosatsiz singlimni... 

— Ey, nimalarni o'tlab ketding! 

— Savol berding, eshit-da endi! Qulog'ing tom bitib, miyang va yuraging po'panak bosib ketgan! 

— Xo'p, mayli, o'zingni bos. Baribir, men bilan xayolan gaplashyapsan-ku. Xayolda men istaganingcha farosatli, mehribon, xushmuomala bo'lishim mumkin. Kel, biroz dardlashaylik.

— Rahmat, shart emas! To'qima odam bilan valaqlashib o'tirgani vaqtim yo'q!

— Unda valaqlashni bas qil. 

— Bas qilaman ham. 

— Qo'lingdan kelarmikin? 

— Nega kelmasin? 

— Kelmaydi, chunki sen ham to'qimasan. Bir bekorchi yarim kechada uyqisi qochib, bizni xayolan gaplashtiryapti. 

— Ya'ni? 

— Ya'ni har bir gapimizni so'zma-so'z yozib boryapti. U nima yozsa, biz o'shani gapiryapmiz. 

— Bu nima deganing?! Ikkimiz ham to'qima demoqchimisan?

— Shunaqa. 

— Hech shunaqamas-da! Hozir isbotlayman. Bas qildim, bo'ldi! 

— Bunga urinib ham ko'rolmaysan. 

— Nega? 

— Ana, ko'rdingmi? Bizni gapirtirayotgan u. Qachon istasa, o'shanda jim bo'lamiz. 

— Nima, u Xudomi? 

— Yo'q, oddiy odam. Shunchaki, yarim kechasi bir qarindoshi esiga tushib, u haqida nimadir yozmoqchi bo'ldi. Tayinli nimadir o'ylab topa olmagach, ikkimizni gaplashtira boshladi. Sen o'sha qarindoshi sifatida gapiryapsan. 

— Demak, sen soxta singil ekansan-da! O'zim ham shunaqa deb o'ylagandim. 

— Aldama, sen o'ylay olmaysan, chunki o'zing ham soxtasan.

— Nega sen hamma narsadan xabardorsan, men esa yo'q? 

— Sen hayotda ham juda kaltabin, qo'rqoq bo'lganing uchun, nazarimda. Asli, men ham jizzaki, kaltafahm qizman. Masalan, o'zing yoqtirmagan qizni majburlab olib berib, endi uni senga yomonlayotgan, ajrashib ketishingni istayotgan singillaringdan biri ham men-ku. Lekin bu suhbatimizni jonlantirayotgan muallif meni u qiyofada ko'rishni istamadi. Yo'qsa, meni boshda haqorat qilgan vaqting kallangni uzib olardim... E, bo'ldi, sipo qiyofaga qaytamiz. Xullas, u seni shu katalakka qamab, men bilan xayolan gaplashtiryapti. Suhbat qovushishi uchun seni ham ozroq aql va jur'at bilan siyladi. Aslida, sen odamday dil yorishga ham yaramaysan.

— Yetar endi, og'zingga qarab gapir! Bo'lmasa, hozir... 

— Nima hozir? 

— Bo'lmasa... 

— Yaxshi, tinchlan. Ustingdan mag'zava ag'darishni bas qilaman. Lekin senga ayrim savollarim bor. 

— Qanday savollar? 

— Senga, umuman, hammamizga dahldor savollar. 

— Hozir berishing shartmi? O'zi, endigina ishdan qaytdim. Bilasan, har kuni saharda ketib, yarim kechada qaytaman. Ba'zan qolishga ham to'g'ri keladi. Dam olish kunisiz ishlayman. Charchadim. Xotinimga qo'ng'iroq qilib, miyasini achitishga ham holim yo'q, hatto. Nima qilib yuribdi u? Bolaga qarayaptimi? Uyiga ketib qolmadimi? 

— Yuribdi. Arzimagan bahonalar topib, ko'zingga yomon ko'rsatardim-u, lekin hozir bu o'z qo'limda emas-da. Darvoqe, ertalabdan kechgacha ishxonangda nima qilasan? 

— Buni o'zim ham bilmayman. Sandiroqlab yuraman. Bilganim, arzimasgina bo'lsa ham, oyligim tushib turibdi. Boz ustiga, uy ijarasining bir qismini ham ko'tarishyapti. 

— Lekin ish o'zingga yoqmaydi, shundaymi? 

— Ha, umuman yoqmaydi. Allaqachon tashlab, boshqa ishga o'tib ketardim, lekin, bilasan-ku, latta odamman. Qo'limdan kelmaydi. Qo'rqoqman. Bu yerdan ketsam, go'yo, hayotim izidan chiqib ketadiganday. 

— Hayoting izidami, o'zi? 

— Bilmadim, bilmadim... Nega biz shunaqamiz? Nega bir-birimizni bo'g'ib yashashga o'chmiz? Sen, masalan, meni tinch qo'yib, o'z turmushingga qaraganingda, balki, hayoting hozirgiday bo'lmasmidi? Men ham erkinroq yashagan bo'lardim. Yoki boshqa singillarim, otam, onam... Nega hamma bir-birining hayotiga burnini tiqadi? 

— Chunki biz sariq chaqaga qimmat, chorasiz odamlarmiz-da. Masalan, sen. Hayotingda arzimasgina burilish qilishdan ham qo'rqasan. Ilon Maskni qara, dunyodagi ocharchilik bartaraf qilish uchun olti milliard dollar tikmoqchi. Sen, hatto, o'z qorningni ham eplab to'ydira olmaysan. Ovqat o'rniga ham g'am yeysan. Kulbangda tuxum, tuz, gugurtdan boshqa hech vaqo yo'q. Lekin biz boradigan payt ishingdan ruxsat olib, uyingni tozalab, muzlatkichingni to'ldirib qo'yasan. Nega shunaqasan? Xo'jako'rsinga ish qilasan. O'zing uchun yashasang, o'lasanmi? 

— O'zim uchun?! Qanday qilib?! Senlar-ku meni shu ko'yga solgan! Bolaligimdan har qadamim o'lchovli. Odamday yashashga qo'ymadilaring. Qattiqqo'l, xotinboz dadam, meni yer-u ko'kka ishonmay, mustaqilroq bo'lishga qo'ymagan, yig'loqi onam, senlar hammang bitta bo'lib... 

— Lattaga aylantirdik seni. Shuning uchun ham qo'lingdan hech vaqo kelmaydi. Bizni, boshqalarni ayblashni bilasan, xolos. O'zingdan jabrdiyda yasab, odamlarning rahmini keltirmoqchi bo'lasan. Lekin hech kim senga achinmaydi, chunki biz ham faqat talab qo'yishni, ayblashni, arazlashni eplaymiz, xolos. Keyin o'zingga o'zing achinib, ichingni yeb, asta-sekin o'pirilib boraverasan. Kun kelib, mabodo, o'zingni osib qo'ysang, tajjublanib: “Kechagina telefonda gaplashgandik. Tuppa-tuzuk edi. Bilmadik, nima uchun bunday qildi ekan”, — deymiz qo'yamiz. 

— Ha... 

— Hayoting o'zgarishini istaysanmi? 

— Ha, juda istayman! Qanday qilib o'zgartirsam bo'ladi? 

— Eshiging tutqichini alishtirma. 

— Nima? Tushunmadim. 

— Aytmoqchimanki, eshik tutqichi ham, ivirsib yotgan uying ham, suvi tortmay qolgan unitazing ham o'z holicha qolsin. Bilasan, biz ertaga tush paytida qishloqdan kelamiz. Sen hozir ozroq dam olib, ertalab do'kondan mayda-chuydalar xarid qilib, biz kelgunimizcha nosoz jihozlarni sozlab, uyingni chinniday qilib tozalab qo'ymoqchisan. Lekin bunday qilma. Bizni shu ahvolda kutib ol. Hech narsani o'zgartirma. 

— Nega? Buning nimasi yomon? Ularni xursand qilishning nimasi yomon? 

— Yomonligi sen bularni xo'jako'rsinga qilayotganingda. Hayoting o'zgarishini istasang, ishni o'z qo'rquvingni yengib, atrofdagilarga o'zingni boringcha ko'rsatishdan boshlashing kerak. Ayniqsa, yaqinlaring seni boringcha qabul qila olishi kerak. Ularning senga yaqinligi ham shunda. Shu sababli eshik tutqichini yangilama. 


Rafiq O'zturk

Report Page