covid.

covid.

@OLTIARIQ_TV24



Daryo


 +33°C

Toshkent

Kolumnistlar 12:43, 05.04.2020 100319

Vahima emas, beparvolik asl tahdiddir. Vahima karantinda yordam berishi mumkinmi?

Bugungi kunda koronavirus pandemiyasi qat’iy va keskin kompleks tadbirlar qilinishini taqozo etmoqda. Karantin vaqtida davlat har qanday harakatning jamiyat xulq-atvoriga ta’sir qilishini hisobga olishi lozim.

Karantinda vahima ko‘tarmaslik muhim deyishadi. Lekin ayrim tadqiqotchilar, aksincha, vahima, qo‘rquv bunday vaziyatda yordam beradi deb hisoblaydi: biroz vahimasiz ko‘pchilik vaziyatning jiddiyligini anglashga qodir emas. The New York Times gazetasining ilmiy muharriri Benedikt Kerri karantinda va boshqa favqulodda vaziyatlarda vahimaning o‘rni haqida maqola chop etdi. “Daryo” ushbu faktlarni tahlil qilishni so‘rab ijtimoiy fe’l-atvor bo‘yicha mutaxassis Mahmud Polvonovga murojaat etdi.

Xavfni munosib baholamaslik va kognitiv xatolar

Guvohi bo‘lyapmizki, karantin qoidalariga rioya qilmaslik, o‘zi va yaqinlari sog‘lig‘ini xavf ostiga qo‘yishi ko‘p uchramoqda. Aqliy jihatdan qarasak, kasallik yuqtirish, o‘z yaqinlari sog‘lig‘ini xavf ostiga qo‘yish nooqilona va inson bunday qilmaydi deb o‘ylash mumkin. Lekin inson xulq-atvori turli qat’iy kognitiv yanglishishlar bilan chambarchas bog‘liq.


Foto: Google Photos

Nega odamlar karantin qoidalariga beparvo? Taqiqlarga qarmay ko‘chaga chiqadi, to‘planadi, bozordan ko‘proq xarid qilishga urinadi, to‘y uyushtiradi, chet eldan kelib karantinga amal qilmaydi?

O‘ta optimizm (overoptimism) va vahima

Inson xulq-atvoriga oid tadqiqotlarga ko‘ra, insonlar ko‘pincha xavf-xatarni yetarlicha baholamaydi. Bu deyarli barchamizga xos: “Virus menga yuqmaydi”, Bu holat men bilan sodir bo‘lmaydi”, “bir martada yuqmasa kerak”, “bu yerga hali virus kelmagan”, “bu odam soppa-sog‘, u kasal emas”, “kasal bo‘lsam bo‘libmanda, o‘ldirmas ekanku, grippdan qancha odam o‘ladi” kabi fikrlar o‘z-o‘zidan kelmaydi. Masalan, ko‘chaga chiqayotganda yo‘l harakati hodisasiga uchrash xavfimizni deyarli hisobga olmaymiz, shoshilib ishga chopamiz, aslida, kichik bo‘lsada xavf har doim mavjud.

Bu ongimizdagi tezkor qaror qabul qilish tizimidagi yanglishishlar bilan bog‘liq. Bu yanglilishlar mutlaqo salbiy emas, tez qaror qabul qilish, tavakkalchilik uchun u zarur, biroq ayrim hollarda nojo‘ya ta’siri bor. Ayrimlar esa xavfni o‘ta yuqori baholab vahimaga tushadi: magazinlardan oziq-ovqat va tualet qog‘ozlarini supurib olib ketishlarini eslang.

Yevropa qaror qabul qilish bo‘yicha assotsiatsiyasi prezidenti Ido Erev fikricha, 10–30 foiz odam xavfni yuqori baholaydi, vahimaga tushadi va keskin choralar ko‘radi. Lekin ular kamchilik. Ko‘pchilik esa xavfni yetarli baholamaydi, beparvo bo‘ladi, uyda qolishni istamaydi, karantin qoidalariga amal qilmaslik ko‘payadi.

Amal qiladiganlar ham kam emas dersiz. Lekin ular ham 5–10 kun uyda o‘tirgach, o‘zini xavfsiz hisoblay boshlaydi va karantin qoidalariga beparvo bo‘ladi.

Vahimasiz karantin

Negadir bizda avvaliga karantin qoidalariga beparvolikdan ko‘ra vahima xavfliroq deb qabul qilindi. Hamma joyda vahima tarqatish jazoga sazovorligi uqtirildi. Vahimasiz karantin targ‘ib qilindi. To‘g‘ri, vahima aslo yaxshi narsa emas, u ruhiy og‘ish hisoblanadi. Lekin ko‘rib turganingizdek, u kamchilikda kuzatiladi va jamiyat uchun xavflilik darajasi ham beparvoliknikidek emas.


Foto: Google Photos

Vahima xavfini yuqori baholash yoki boshqa sabablar natijasida koronavirus infeksiyasi bo‘yicha karantindagi shaxslar va davolanishdagi bemorlarning mobil telefonlarini olib qo‘yish haqida qaror qabul qilindi. Lekin bu ham yuqoridagi kabi ko‘p narsa hisobga olinmagan va nomutanosib chora edi. Bemorga sog‘ayishi uchun ijtimoiy aloqalar zarurligi ilmiy isbotlangan. Qolaversa, mobil telefonlar bugungi kunda oddiy buyum emas. U bizning eng muhim shaxsiy, oilaviy, tijorat va boshqa sirlarimizni o‘zida saqlaydi. Telefonlarni olib qo‘yish emas, dizinfeksiya qilib egasiga qaytrish to‘g‘ri bo‘ladi.

Qaror qabul qilishda tadqiqot va hisob-kitobga tayanmaslik, inson xulq-atvorini hisobga olmaslik

Masalan, kuni kecha maxsus komissiyaning shaharlarda avtomobil harakatini cheklash bo‘yicha qabul qilgan qarorini olaylik. Umuman olganda, kasallik tarqalishining oldini olish nuqtai nazaridan zaruriy va mantiqiy qaror. Biroq u aniq hisob-kitoblarga tayangan va insonlar xulq-avtori (xususan uning kognitiv xatoliklar natijasida harakat qilish mumkinligi) hisobga olingan deb bo‘lmaydi.

Natijada esa inson ongidagi beparvolik va vahima kabi kognitiv xatoliklar xulq-atvorda o‘zini ko‘rsatdi: avtomobil harakati uchun ruxsatnomalar olishda odamlar to‘planishi, bozor va do‘konlarda oziq-ovqatni vahima bilan ko‘p olish natijasida vaqtinchalik yetishmovchilik yuzaga keldi.

Komissiya taxminan nechta avtomobilga ruxsatnoma berilishi mumkinligini, bunga qancha vaqt va kuch sarflanishini, uni berish muddatlari va uning jamiyat hayotiga ta’sirini, ruxsatnoma bo‘yicha manfaatdorlarni xabardor qilish mexanizmlarini, bu tadbirga insonlar reaksiyasini hisobga olmadi.

Zero insonlar zaruriyat nuqtai nazaridan ruxsatnoma olishga yopirilib borishi (vaqt qisqa), yoki cheklov oqibatida oziq-ovqat olib kelish qiyinlashadi deb o‘ylab, do‘konga chopishlari normal va kutiladigan hodisa. Axir inson ongi cheklangan va qaror qabul qilishda bu cheklanganlik ayniqsa ko‘proq namoyon bo‘ladi. Yoki ishonchli ma’lumot olishdagi cheklanganlik. Karantin choralari e’lon qilingunga qadar, hatto undan keyin ham chet eldan kelgan potensial xavfli guruhlar o‘z uylarida karntinga olinishi bunga misol bo‘la oladi.

Qaror qabul qilishda nimalarni inobatga olish kerak?

Ayni paytdagi davlat tomonidan qabul qilinadigan qarorlar har doimgidan ham ta’sirli bo‘lishi kerak. Bu qaror qabul qiluvchilar faoliyati qanchalik samarali ekanini ko‘rsatadi. Ularing qisqa vaqt ichida amalga oshib, ta’sirchanligi orqali muammoni tez bartaraf etishi talab qilinyapti. Bunday qarorlar esa yuqorida ta’kidlanganidek, katta ma’lumotlar tahliliga, imkon qadar aniqroq hisob-kitoblarga asoslanishi, doimiy xabardor qilshi va eslatish, to‘g‘ri xulq-atvorga yo‘naltirish, qoidani buzganlarga nisbatan doimiy va o‘ta qattiq bo‘lmagan jazo choralari qo‘llash kabilar kiradi.


Foto: Google Photos

Ta’kidlash lozimki, qoidani buzganda jazo chorasi qattiqligi jarimaning kattaligi bilan emas, doimiy va muqarrarligi bilan samaralidir. Umuman olganda, inson xulq-atvori, uning qaror qabul qilish xususiyatlari, inson va jamiyat xulq-atvoriga samarali ta’sir ko‘rsatish, davlat tomonidan qaror qabul qilishda bularni hisobga olish o‘tgan asrdyoq yetarli darajada o‘rganilgan va samarali foydalanilyapti. Bunday tadqiqotlar avvaliga alohida davlat organlari bo‘linmalari va hozirda nodavlat tashkilotlarga o‘tkazilib, davlat siyosatida keng qo‘llanilmoqda.

Karantin qancha davom etishi keyingi harakatlar bo‘yicha qaror qabul qilish

Koronavirus xususiyatlari, tarqalishi, o‘lim darajasi haqida ishonchli va oxirgi ma’lumotning yetishmasligi choralarni baholash qiyinligini anglatadi. Bugun virus keng tarqalgan mamlakatlarda virus yuqtirganlarning, kunlik yangi yuqtirayotganlarning soni aniq emas, test qilinmagan ko‘plab odamlar bo‘yicha ma’lumot yo‘q. Lekin virus tarqalish to‘lqinini pasaytirish, kasalxonalar to‘lib, davolashda tartibsizliklar bo‘lmasligi uchun keskin choralar ko‘rmasdan iloji ham yo‘q.

Masalan Buyuk Britani avvaliga keskin choralar ko‘rmadi, maktab va ommaviy joylarni yopmadi. Hukumat virus baribir tarqalishi va 60 foiz aholi bu kasallikka chalinishi, immunitet hosil qilishi muqarrar deb, iqtisodiy zarar keltiruvchi karantinni joriy etmagandi. Lekin 23-mart kuni B.Jonson karantin e’lon qildi.

Qolaversa, virusga qarshi vaksina ishlab chiqishga ko‘p vaqt ketishini hisobga olsak, radikal choralar bilan bunday muddat yopiq ushlab turish imkonsiz. Bu choralar turli mamlakatlarda va butun dunyoda qancha muddat davom etishi, qanchalik samara berishi mumkinligini bilmaymiz. Lekin uzoq muddat qattiq karantin dunyo iqtisodiyotiga salbiy ta’siri oqibatida turli tartibsizliklar, inqirozlar va jamiyat yemirilishiga olib kelishi mumkin. Shu sababli karantinni imkon qadar aniq hisob-kitob va qat’iy choralar bilan eng qisqa muddatda o‘tkazib, tezroq cheklovlarni bekor qilsh masalalarini ko‘rish kerak.

Xulosa shuki, davlat organlari tomonidan qabul qilinadigan qarorlar tezkor natijaga erishishi kerak bo‘lganda doim aniq tadqiqotlarga asoslanishi lozim. Tadqiqotlar esa tegishli mutaxassislar tomonidan aniq hisob-kitoblar, ma’lumotlarni tahlili qilish, kishilar xulqini hisobga olishni taqozo qiladi.

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin.


Report Page