“Korrupsiya insoniyat taraqqiyotining kushandasi”

“Korrupsiya insoniyat taraqqiyotining kushandasi”

@Boyovutliklar
foto: google.image

Hokimiyatga pul bilan erishgan odam 

undan daromad olishga intiladi. 

Aristotel


Korrupsiya nima - ?

“Korrupsiya” termini lotincha “corruptio” so’zidankelibchiqqanbo’lib, “buzish”, “sotibolish” ma’nolarinibildiradi.

Pora bu – bir martalik shaxsiy manfaati yo’lida olingan biror birvosita yoki pul bo’lsa, tepadan pastga qarab tizimlashgan bo’lsa bu – korrupsiyalashgan tizim deyiladi.

Korrupsiya – nihoyatda ijtimoiy-siyosiy vayronkor kuch, uning oqibatida milliy iqtisodiyotga putur yetadi, ijtimoiy tengsizlik chuqurlashadi, xalqning davlat boshqaruvi hokimiyati organlariga ishonchi yo‘qoladi, uyushgan jinoyatchilik kuchayadi, jamiyatda ma’naviyat izdan chiqa boshlaydi. Korrupsiya oqibatida kelib chiqadigan noxush hodisalar ro‘yxatini yana davom ettirish mumkin. Korrupsiya buzg‘unchilik tabiatiga ega ekani uchun ham insoniy jamiyat qadim zamonlardan boshlab unga qarshi kurashib keldi.

        Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, korrupsiyaga qarshi kurash ilk bor miloddan avvalgi XXIV asrda Mesopotamiyaning Lagash degan shahar-davlatida boshlangan, lekin taassufki, barcha sa’y-harakatlar zoe ketgan. Keyingi zamonlarda ham korrupsiyaga qarshi qancha-qancha kurashlar yuz berdi, lekin ular besamar yakun topdi.

Islom dinida ham pora harom qilingan, buboradahadislar ham judako‘p. Ulardan biri Payg‘ambarimizning mana bu qarg‘ishlaridir: "Pora beruvchiga ham, pora oluvchiga ham Allohning la’nati bo‘lsin!". Yana ul zot aytadilar: "Pora beruvchini ham, pora oluvchini ham, ikkovi orasida yurib porada vositalik qiluvchini ham Alloh la’natlasin!".

Alisher Navoiyning zamondoshi, podshoh Husayn Boyqaroning voizi Husayn Voiz Koshifiy o‘zining “Axloqi muhsiniy” asarida shohzodaga nasihat tariqasida quyidagi pandni bergan edi:

“Ummollardan (ish yurituvchi amaldorlar) pora olishdan ehtiyot bo‘lsin. Bilsinki, to bir kishi boshqalardan pora olmasa, boshqaga pora bermaydi. Agar vazir pora olishga sabab bo‘lsa, pora olishga ruxsat bergan bo‘ladi. Pora berish va pora olish haromdir. Va pora olgan pora bergandan yomonroq bo‘ladi, chunki oluvchi beruvchi oldida zabun bo‘ladi”.

        Hozirgi davrdagi “korrupsiya” tushunchasini sharhlaydigan bo‘lsak, u asosan, “shaxsiy foyda olish uchun hokimiyatni suiiste’mol qilish” ma’nosida ishlatiladi. Korrupsiyaning quyidagi to‘rt asosiy sababini keltirish odat tusiga kirdi:

1. Shaxsiy sabablar. Korrupsiya “yomon” hodisa, u yaxshi ta’lim-tarbiya ko‘rmaslik va kam maosh oladigan amaldorlarning nokasligi oqibatida paydo bo‘ladi.

2. Institutsional sabablar. Bunda boshqaruvning kuchsizligi asosiy omil sanaladi. Masalan, kadrlar tayyorlash, hisobga olish va nazorat qilishning samarasizligi, mansabdorlarni yollashning osonligi va ularni oson ishdan haydash, ularda uzoq vaqt mansabda turishga ishonchsizlik paydo bo‘lishi kabilar korrupsiyani rag‘batlantiruvchi omillardir.

3. Tizimiy sabablar. Hukumat ba’zan jamiyatning shunday talablariga duch keladiki, ularni bajarishning rasmiy tartiblari hali aniq ishlanmagan bo‘ladi yoxud ular ko‘p miqdorda mablag‘ talab etadi va aksar holda uzoq muddatlarga cho‘ziladi. Shunday holatlarda korrupsiyaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri va qisqa yo‘llar ochiladi.

4. Ko‘p tomonlama sabablar. Ba’zan davlat rahbariyatining o‘ziga xos хulqi tufayli davlat boshqaruvida hal qiluvchilik rolini “shaxsiy” omilla rbajaradi. Bunday sharoitda davlat mansablariga ishonchga sazovor odamlar tayinlangan taqdirda ham institutsional va tizimga oid muammolar sabab korrupsiya ko‘payadi.

O‘zbekistonda mustaqillik yillarida ba’zi mansabdorlarning tadbirkorlar va fermer xo‘jaliklari mulklariga ta’magirlik ko‘zi bilan qarashi, bankdan kredit olishi yo‘liga sun’iy to‘siqlar qo‘yishi zamirida korrupsiyaviy manfaatlar yotgan edi. Yoshlarning oliy ta’lim muassasasi, tanlov yuqori bo‘lgan kollej va litseyga o‘qishga kirishida, talaba bo‘lgandan so‘ng esa joriy, oraliq va yakuniy nazorat bo‘yicha zarur ballarni to‘plashida ayrim “ustoz”larning ta’magirligi negizida ham shu illat yashab keldi. Shuningdek, nufuzi va maoshi yuqori bo‘lgan korxona-idoralarga ishga kirishda, yuqori mansab darajasiga ko‘tarilishda, turli tenderlarni yutishda, xom-ashyo va boshqa resurslarni taqsimlashda korrupsiyaning xalq tilida “shapka” deb ataluvchi ko‘rinishi urchiy boshladi. Ba’zan aholiga uy solish yoki foydalanish uchun yer maydoni ajratish, davlat mulkini xususiylashtirish, faoliyat yuritish bo‘yicha litsenziya olish kabi talab-ehtiyoji yuqori bo‘lgan sohalar ham o‘zini korrupsiya manbai o‘laroq namoyon etgani hech kimga sir emas.

To‘g‘ri, mustaqillik davrida korrupsiyani jilovlash va tugatish borasida bir muncha islohotlar amalga oshirildi. Жумладан: 2008 yilda O‘zbekiston BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasiga qo‘shildi. 2010 yilda Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkilotining Korrupsiyaga qarshi kurashish tarmog‘i – Istanbul harakat dasturiga qo‘shildi. Mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi ayovsiz kurash 2016 yilning oktabr oyidan boshlandi. Shu yilning 14 oktabrida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoevning konstitutsiyaviy qonunchilik tashabbusi asosida “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi Oliy Majlis tomonidan qabul qilindi, qonun 2017 yil 4 yanvardan boshlab kuchga kirdi. Mazkur qonunda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi munosabatlarni to‘liq qonuniy tartibga solish, davlat boshqaruvi organlari hamda fuqarolik jamiyati institutlarining korrupsiyaga qarshi kurashi yuzasidan ko‘rayotgan chora-tadbirlar samaradorligini oshirish, fuqarolarning huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish orqali jamiyatda korrupsiyaga toqat qilmaslik muhitini yaratish ko‘zda tutildi.

Korrupsiya bilan qanday kurashish lozim?

Ushbu yoʻnalishdagi ishlar maktab yoshidan odob-axloq boʻyicha maqsadli taʼlim dasturlarini oʻz ichiga oladi. Ular mamlakat iqtisodiyotiga katta zarar keltiruvchi va aholi turmush darajasiga taʼsir salbiy koʻrsatuvchi korrupsiya harakatlarining yaqqol misollari va ularning oqibatlarini oʻzichiga olgan boʻlishi kerak. Bu mavzuga sinfda, shuningdek maktabdan tashqari ham qoʻshimcha oʻqitish kerak. Bunday darslar oʻquvchilar “yaxshi sovgʻalar evaziga yaxshi baholar“ tamoyilini odatiy meʼyor sifatida qabul qilayotgan bir vaqtda juda zarur. Vaalbatta, bunday darslar koʻp yillar mobaynida qonunga zid sovgʻalar qabul qilishni amalda sinab kelayotgan xodimlar tomonidan oʻqitilishi nojoʻya. Shuning uchun, korrupsiya va uning oqibatlari toʻgʻrisidagi mavzusiga bagʻishlangan mashgʻulotlarni joriy etish bilan parallel ravishda oʻquv yurtlari xodimlari tomonidan sovgʻalar va boshqa koʻrinishdagi mukofotlar olish masalalarini tartibga soluvchi, yuqorida eslatib oʻtilgan ichki reglamentni maktablarda qabul qilinishi maqsadga muvofiq boʻladi.

Korrupsiyaga qarshi kurashda soʻz erkinligi, OAV mustaqilligi, shuningdek, fuqarolik jamiyatining ochiqligi va sotsial faollar muhim rol oʻynashi jahon tajribasida kuzatish mumkin.

Mamlakatimizda 2017-2018 yillarda korrupsiyaga qarshi kurash boʻyicha qabul qilingan dastur korrupsiyaga qarshi kurash boʻyicha ishlarning ibtidosi hisoblanishi va ushbu yoʻnalishda uzoq muddatli siyosatni amalga oshirish boʻyicha keng koʻlamli chora-tadbirlarni amalga oshirilishi lozimligini aytish joiz.

Xulosa qilib aytadigan bo’lsak, har bir inson korrupsiya qarshi kurashmas ekan bu illatni yo’qotib bo’lmaydi.

foto: google.image

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi

Sirdaryo viloyati Boyovut tuman bo’limi

rahbari N.Norbutayev

Report Page