Billi Milliganning sirli hayoti

Billi Milliganning sirli hayoti

mad_max93
Uilyam Stenli Milligan

Uilyam Stenli Milligan - "Billi Milligan" nomi bilan tanilgan amerikalik jinoyatchi, psixiatriya tarixidagi "ko'pshaxslilik" tashxisi qo'yilgan eng mashhur insonlardan biri. Milliganning tanasida bir-biridan mutlaqo mustaqil 24 shaxs yashaganligi aniqlangan. Ularning 10 tasi - Milliganning o'zi (bosh shaxs sifatida), Artur Smit, Reygen Vadaskovinich, Allen, Tommi, Devid, Kristin, Kristofer, Adalana va Deni asosiy shaxslar bo'lgan.

Billi va uning turli shaxsiyatlari

O'tgan asr 70-yillari oxirlarida AQShning Ogayo shtatida juda ham mashxur bo'lib ketgan sud ishi aynan Milligan bilan bog'liq edi. U bir nechta talon-taroj hamda 3ta zo'rlash jinoyati sodir etganlikda ayblanadi. Ammo Billining advokatlari uning bu ishlarda mutlaqo aybsiz ekanligini, jinoyatlarni esa uning tanasida yashovchi boshqa ikkita alternativ shaxs amalga oshirganligi ta'kidlashadi. Natijada u oqlanadi, ammo davolanish uchun psixiatrik shifoxonaga yuboriladi. 1998-yilda 10 yillik davolanishdan so'ng Billining to'liq tuzalganligi e'lon qilinib, kasalxonadan chiqariladi.

Billi Milligan shaxsi odamlarda shunchalik qiziqish uyg'otadiki, u haqida Deniel Kiz "Billi Milligan jumboqlari" hamda "Milligan janglari" nomli asarlar yaratadi.

Yoshlik davrlari

Uilyam Stenli Doroti Milligan hamda Jonni Morrisonlarning 2-o'g'li edi. Doroti hamda Jonni turmush qurishmagan. Billining onasi Mayamida qo'shiqchilik bilan shug'ullanardi. Dorotining Uilyamdan tashqari Jonni ismli o'g'li hamda Keti Jo ismli qizi ham bo'lgan. Ushbu paytda Jonni Morrison qattiq depressiya holatini boshdan kechirar va alkogolga mukkasidan ketgandi. 1959-yilda u o'z joniga qasd qiladi hamda Doroti juda ham og'ir ahvolda qolib, keyinchalik Dik Jonas (Dorotining birinchi eri) bilan qayta nikohdan o'tadi. 1962-yilda esa u Chelmer Milligan bilan yashay boshlaydi. Billining tasdiqlashicha, 8 yoshida uni o'gay otasi tahqirlagan. Shu davrdan boshlab unda birinchi shaxslar paydo bo'lgan.

Ammo, Deniel Kiz o'z kitobida yozishicha, undagi dastlabki "begona shaxslar" - ismsiz bolakay, Kristin va Shon Billi 3-4 yoshda ekanida paydo bo'lgan.

Billining bolaligi

Qo'lga olinishi va sud

1975-yilda Billi aptekaga qurolli bosqinchilik qilganlikda ayblanadi hamda ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. 1977-yilda muddatidan oldin ozodlikka chiqqan Milligan shu yilning oktyabrida 3 ayolni zo'rlaganlikda ayblanib hibsga olinadi. Bu safar uning bo'yniga boshqa ko'plab ayblovlar ham yuklanadi. Uning himoyasiga tayyorlanayotgan doktor Uillis K. Driskoll u bilan bir qancha psixologik eksperimentlar o'tkazadi hamda Billiga o'tkir shizofreniya tashxisini qo'yadi. Shundan keyin Milligan bilan Janubiy G'arb ruhiy kasalliklar jamiyati psixologi Doroti Terner shug'ullanadi hamda unda "bir necha shaxslilik" belgilari mavjudligini aniqlaydi. Shundan keyin Billining himoyachilari Gari Shveykart hamda Judi Stivensonlar o'z himoyasi ostidagi shaxsni ruhiy nosog'lom deb topilishiga erishishadi. Shundan keyin u ruhiy kasalliklar shifoxonasiga yotqiziladi hamda psixologlar uning ruhiyati bilan yaqindan tanisha boshlashadi. Aynan ushbu jarayon davomida psixiatr Devid Kol undagi 14 "nomaqbul shaxslarni aniqlaydi. Ularning orasida qaysar va mag'rur ingliz Artur, rassom va firibgar Allen, Yugoslaviyalik kommunist Reygen Vadaskovinich va hatto 19 yoshli Adalana ismli qiz ham bor edi.

Billining qo'lga olingan holati

Billining alternativ shaxsiyatlari

Billi Milliganning tanasida yashagan shaxslarning asosiylari quyidagilar edi:
1. Billi - Uilyam Stenli Milligan, birinchi va asosiy shaxsiyat.
2. Artur Smit - 22 yoshli o'qimishli va mohir ingliz. Meditsinaning gematologiya sohasida yaxshigina mutaxassis. Arab va suaxili tillarini o'rgangan. Mantiq va deduksiya yordamida Billining tanasida yolg'iz emasligini tushunib yetgan hamda boshqa shaxslarni ochib bergan. Reygen bilan birgalikda umumiy tananing xavfsizligi yuzasidan javobgar bo'lgan. Tanadagi qolgan "shaxsiyat"lar uchun ahloq qoidalarini belgilagan. Doim ko'zoynak taqib yurgan.
3. Reygen Vadaskovinich - 23 yoshli yugoslav, inglizcha nutqida slavyan aksenti sezilib turadi. Serboxorvat tilida gapiradi va yozadi. Daltonik, shu tufayli monoxrom kartinalar chizadi. Tanadagi "nafrat qo'riqchisi". Kommunist. Qurollar hamda harbiy soha bo'yicha mutaxassis. Tananing jismoniy holatiga javobgar bo'lgan. Uning nozik tomoni - ayollar va bolalar bo'lgan. Qiyin ahvolda qolgan ayollarga hamda bolalarga yordam berish uchun har narsaga, hatto jinoyat qilishga ham tayyor bo'lgan. Artur bilan birgalikda shaxsiyatlarni nazorat qilgan. 95 kilogram vaznga ega bo'lgan. Qo'llari uzun va baquvvat, sochlari qora va uzun mo'ylovlar egasi.
4. Allen - 18 yoshli firibgar. Juda ham chiroyli oratorlik qobiliyati egasi. Agnostik. Portretlar chizadi. Baraban chalishni yaxshi ko'radi. Shaxsiyatlar orasida yagona o'naqay. Shuningdek, yagona chekuvchi ham. Og'irligi 75 kg. Sochini o'ngga qarab tarab yuradi.
5. Tommi - 16 yoshli "najot qo'riqchisi". O'zining aytishicha, uni tez-tez Allen bilan adashtirishadi. Elektr energiyasi, mehanik qurilmalarning ishlash prinsiplari hamda qulflar bilan ishlash bo'yicha "mutaxassis". Saksofon chalish hamda peyzajlar chizishni yaxshi ko'radi. Sochlari och jigarrang, ko'zlari to'q qahraborang.
6. Denni - 14 yoshli tahqirlangan bolakay. Odamlardan, ayniqsa erkaklardan qo'rqadi. Faqat natyurmort chizadi. Bunga sabab u yerdan qo'rqadi. Boisi o'gay otasi - Chalmer kunlarning birida uni qabr kavlab ko'mib qo'ygan. Yelkalariga tushib turadigan sariq sochli, ko'k ko'zli kalta bo'yli hamda ozg'in bolakay.
7. Devid - 8 yoshli bolakay, "og'riq qo'riqchisi". U ong orqali boshqalarning og'rig'ini o'ziga qabul qiladi. To'q sariq sochli ko'k ko'zli va past bo'yli bolakay.
8. Kristin - 3 yoshli ingliz qizaloq, Billida paydo bo'lgan ilk shaxsiyatlardan biri. Uyda ham, maktabda ham "burchakda turuvchi". Billining ko'rsatmalarini, boshqa shaxsiyatlardan farqli ravishda, so'zsiz bajargan. Disleksiyasi bor. Artur unga o'qish va yozishni o'rgatgan. Reygen esa alohida mehr ko'rsatgan. "Oila"ning eng sevimli vakilasi. Sariq sochli va ko'k ko'zli qizaloq.
9. Kristofer -
13 yoshda, Kristinning akasi. Garmonika chalishni biladi. Sochlari och jigarrang.
10. Adalana - 19 yoshli qiz. U "oila"dagi tartib uchun javobgar bo'lgan, ovqat tayyorlgan hamda she'rlar yozgan. Billi hibsga olinguncha Adalananing mavjud ekani haqida faqat Artur va Kristingina bilishgan. Keyinchalik Artur uni "nomaqbul shaxsiyat" deb e'lon qilgan. Uzun va tekis qora sochli, ko'zlari biroz qisiq qiz.

Billining o'zidan tashqari asosiy 9ta shaxsiyat

Shuningdek, ushbu tanada Artur va Reygen tomonidan "nomaqbul" deb topilgan quyidagi shaxslar ham yashagan:
1. Fil - 20 yoshli bruklinlik o'smir. Narkotik savdosi bilan shug'ullangan. Qurolli talonchiliklar uyushtirgan. Jingalak jigarrang sochli, jigarrang ko'zli uzun burunli yigit.
2. Kevin - Filning 20 yoshli do'sti. Aptekaga uyushtirilgan bosqinchilikning tashkilotchisi. Keyinchalik jinnixonada chiqargan to'poloni tufayli Artur uni "nomaqbul"lar ro'yxatidan chiqaradi.
3. Uolter Milligan - 22 yoshli avstraliyalik. Ov qilishni sevadi. U qayerdadir to'g'ri yo'lni aniqlash kerak bo'lgan paytda tanaga "chaqiriladi". Artur uni o'rmonda ko'plab qarg'alarni vaxshiylarcha o'ldirgani uchun "nomaqbullar" ro'yxatiga qo'shgan. Mo'ylov qo'yib yuradi.
4. Eypril - 19 yoshli qora soch qiz. Ko'zlari qora. Bostoncha aksentga ega ozg'in qiz. Billining o'gay otasi Chalmerni o'ldirish fikriga Arturni ko'ndirishga uringani tufayli "nomaqbul"lar safiga qo'shilgan.
5. Samuel - 18 yoshli xudojo'y yahudiy. Allen hamda Tommi chizgan kartinalarni sotib yuborgani uchun Artur uni "nomaqbul" deb topgan. Keyinchalik Artur ushbu qarorni emotsiyaga berilib qabul qilganini aytgan bo'lsa ham uni bekor qilishni istamagan. Shaxsiyatlar ichidagi yagona xudojo'yi. Qora sochli, soqol qo'ygan va mallarang ko'zli yigit.
6. Mark - 16 yoshli "ishchi kuchi". Uni ko'pincha zombidek eslashadi. Chunki Mark nimadir buyurilmasa hech bir ishni qilmasdi.
7. Li - 20 yoshli hazilkash. Billi Livan qamoqxonasiga tushib qolgan paytlarda birinchi marta tanada paydo bo'lgan. Ammo shu zahotiyoq "nomaqbul" deb topilgan. Shundan keyin u butunlay yo'qolgan. To'q jigarrang sochli, jigarrang ko'zli yigit.
8. Stiv - 21 yoshli parodist. Li yo'qolib ketgach Stiv paydo bo'lib, tanani nazorat qila boshlagan. U odamlarni qanday qilib kuldirishni yaxshi bilgan. Reygenning aksentini parodiya qilganligi tufayli "nomaqbul"lar safiga qo'shilgan.
9. Jeyson - 13 yoshli, jigarrang ko'zli bolakay.
10. Bobbi (Robert) - 17 yoshli hayolparast. Sarguzashtlar, sayohat-u qahramonliklar haqida orzu qilib yuradigan o'smir. Ammo bu orzusi yo'lida hech bir ish qilmaydigan dangasa. Qamoqdalik paytida ochlik e'lon qilgani uchun "nomaqbullar" qatorga qo'shilgan.
11. Shon - 4 yoshli qulog'i kar hamda rivojlanishi sust bo'lgan bolakay. Ongda Billining bolaligidayoq paydo bo'lgan. Karligi sababli ko'pincha boshida aylanadigan tovushlarni tinglab o'tirgan. Voyaga yetgan paytida ushbu kamchiliklari tufayli "nomaqbul"ga aylangan.
12. Martin - 19 yoshli Nyu-Yorklik xudbin va maqtanchoq o'smir. Yetuklikka intilmaganligi sababli Artur tomonidan "nomaqbul" deb topilgan.
13. Timoti - 15 yoshli gul do'konida sotuvchi bo'lib ishlovchi yigit.

Shaxsiyatlarni birlashtirib turish 26 yoshli "O'qituvchi"ning zimmasida edi. U birinchi marta Billi Afinadagi ruhiy kasalliklar shifoxonasida ekanida yaqqol namoyon bo'lgan. Aynan shu shaxsiyat Deniel Kizga Billi Milligan hayotini hikoya qilib berishga yordam bergan. Chunki u "oila"ning hamma a'zolari ham bilmaydigan epizodlargacha bilib turgan.

Billi Milligatning 24 shaxsiyati

Billining ayrim shaxsiyatlari o'qimishli odamlar, rassom va musiqachilar bo'lishgan. Rassomlarining har biri alohida yo'nalishlarda ijod qilishgan - natyurmoq, peyzaj, portret.

Billining sud jarayonidan lavha

IQ test natijalari

24 ta shaxsiyatning IQ darajasi ham 24 xil bo'lgan.
Xardin klinikasidagi IQ tes natijalari quyidagicha bo'lgan:
1. Artur - testdan bosh tortgan. Chunki testni o'z darajasidan ancha past deb baholagan. Intellektual yetuk shaxsiyat bo'lgan va boshqalardan ustun mavqeni shu orqali saqlab turgan.
2. Reygen Vadaskovinich - nutq - 114, xulq-atvor - 120, umumiy daraja - 119.
3. Allen - nutq - 105, xulq-atvor - 130, umumiy daraja - 120.
4. Tommi - nutq - 81, xulq-atvor - 96, umumiy daraja - 87.
5. Denni - nutq - 69, xulq-atvor - 75, umumiy daraja - 71.
6. Devid - nutq - 68, xulq-atvor - 72, umumiy daraja - 69.
7. Kristin - sinov uchun juda ham yosh.
8. Kristofer - nutq - 98, xulq-atvor - 108, umumiy daraja - 102.
9. Adalana - test topshirish uchun tanada paydo bo'lishni istamagan.

Ozodlikka chiqqach...

10 yillik davolanishlardan keyin 1988-yil (yoki 1991-yil) ozodlikka chiqqan Billi 1996-yilgacha Kaliforniyada yashab qolgan. U yerda «Stormy Life Productions» nomli kichik kinostudiya egasi bo'lgan hamda bir qancha qisqa metrajli kinolar suratga olgan. Keyin o'zini bankrot deb e'lon qilgan. Uning shundan keyingi hayoti haqida aniq ma'lumotlar yo'q. 2014-yil 16-dekabrda WBNS-10Tv kanali Uilyam Milligan onkologik kasallik tufayli 12-dekabr kuni 59 yoshida vafot etganini e'lon qiladi...

Adabiyot

1981-yilda Deniel Kizning Billi Milligan biografiyasiga bag'ishlangan asari - "Billi Milligan jumboqlari" nashr etilgan. Hozirda ushbu asar dunyoning 14 tiliga tarjima qilingan. Denielning keyingi asari "Milligan janglari" Billining turli psixiologik klinikalardagi davrini yoritib bergan hamda 1986-yilda yozilgan. Ammo ushbu kitob birinchi marta 1994-yilda Yaponiyada nashr etiladi. Kitob, shuningdek, 2000-yil Tayvanda, 2009-yil Fransiyada, 2000-yilda Xitoyda, 2006-yil Indoneziyada hamda 1996-yil Buyuk Britaniyada nashr etiladi. Ushbu asarni AQShda nashr etish Billi Milligan hayoti haqidagi "Liq to'la xona" filmi (bosh rolni Leonardo Di Kaprio o'ynagan) chiqqandan keyinga rejalashtirilgandi.

Kino

Billi Milligan hayoti haqida "Liq to'la xona" filmi suratga olinmoqda. Ushbu film ssenariysi 1997-yilda Tod Graff tomonidan Denni De Vito ishtirokida yozilgan. Dastavval film rejissori Jeyms Kemeron bo'lishi rejalashtirilgandi.

"Kundaleaks" kanali materiali ©
@kundaleaks

Report Page