Aql salohiyatini oshirish usullari

Aql salohiyatini oshirish usullari

"OXFORDSHIRE" o'quv markazi

Intellekt darajasini oshirish va miyani ishlashga majburlash o‘ylaganingizdan-da osonroq. Layfxaker nashri sizga aql salohiyatini oshirishning oddiy, ilmiy sinalgan usulini taqdim etadi.

1. Miyani ishlating

Agar siz hech bo‘lmaganda bir marta hozirgidan-da aqlli bo‘lish mumkinligi haqida o‘ylab ko‘rgan bo‘lsangiz, juda yaxshi. Intellektual xususiyatlarni rivojlantirishga oid fikr-mulohazalar maqsadga erishish yo‘lidagi ilk qadamdir.

Qiziquvchan bo‘ling, doimo yangi bilimlar orttiring, o‘zingizni qiziqtiruvchi jarayonlarni o‘rganing, tushunarsiz narsalarning tubiga yeting. Shunda atrofingizda o‘rganilmagan qancha narsalar borligini ko‘rib hayratlanasiz.

Miyani foydali ish bilan band qiling, biror yangi mashg‘ulot bilan shug‘ullaning. Yangi ko‘nikmalarga ega bo‘lish aqliy faoliyatingizda ijobiy aks etadi.

2. Kitob o‘qing

O‘qish nafaqat so‘z boyligi va dunyoqarashni kengaytiradi, balki tasavvurni rivojlantirishga ham yordam beradi. Kitob mutolaa qilayotganimizda biz yangi dunyoga sho‘ng‘ib ketamiz. Agar siz hissiy intellektingizni oshirmoqchi bo‘lsangiz, yaxshi kitoblarni ko‘proq o‘qing. Bu miya faoliyatini yaxshilashning eng samarali usullaridan biridir.

Kutubxonaga a’zo bo‘ling, onlayn kitoblarni o‘qish mumkin bo‘lgan servisga yoziling, anchadan beri o‘qishni niyat qilgan kitoblaringiz ro‘yxatini tuzing. O‘z oldingizga har oyda bittadan kitob o‘qishni maqsad qilib qo‘ying.

3. Hissiyotlarga erkinlik bering

His-tuyg‘ularimizni nazorat qilishga yordam beruvchi hissiy intellekt mavjud, shuningdek tizimli fikrlashimizga javobgar ratsional intellekt bor. Qoidaga ko‘ra, ko‘proq ratsional intellektga e’tibor qaratiladi, biroq buni esa to‘g‘ri deb bo‘lmaydi.

Hissiy intellekt haqida ham unutmaslik kerak, zero u doimiy o‘zgarishlarga moslashish va muammolarni operativ hal qilishga yordam beradi.

Hissiyotlaringiz haqida gapirishdan qo‘rqmang. Ishda yoki uyda nimadandir norozi bo‘lsangiz, atrofingizdagilar bu haqida qisman xabardor bo‘lishlari kerak, shunda oldingizdagi muammoni birgalikda hal qilish imkoni paydo bo‘ladi. Muammo yechimi har doim ham topilavermaydi, albatta, biroq siz o‘zingizga ziyon yetkazuvchi his-tuyg‘ularni ichingizda saqlab o‘tirmaysiz.

4. Kundalik harakatlarga o‘zgarish kiriting

Bu usul kimgadir bema’ni tuyulishi mumkin bo‘lsa-da, samaralidir. Tishlaringizni odatda ko‘nikkan qo‘lingiz bilan emas, boshqasi bilan tozalashga urinib ko‘ring. Kompьyuter sichqonchasini boshqa qo‘lda ishlatib ko‘ring. Uddalay olasizmi?

Kundalik harakatlarimizga o‘zgarishlar kiritsak, miyamiz o‘zgarishlarni inobatga olgan holda, qanday qilib xuddi avvalgidek natijaga erishish mumkinligi haqida o‘ylashga majbur bo‘ladi. Bu miya faoliyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Miyangizni kutilmagan qarorlar qabul qilishga majburlang. Ishga yangi yo‘nalishdan boring, notanish shaharda xaritalar bo‘yicha harakatlanishni o‘rganing, do‘stlaringiz bilan xorijiy tilda suhbatlashing.

5. Qidiruv xizmatlarini tinch qo‘ying

Biz deyarli har kuni qandaydir yangi ma’lumotlarni qidiramiz, bunga naqadar oson erishayotganimiz va ularning miyamizdan naqadar tez chiqib ketishi haqida esa hatto o‘ylab ham o‘tirmaymiz. Bor-yo‘g‘i ikki klikni amalga oshirasiz – qarabsizki, javob tayyor.

Internet — kerakli ma’lumotni topishning eng oddiy usuli, albatta. Biroq u bizning miyamizni juda yalqov qilib qo‘yadi, chunki bilmagan narsamiz haqida bosh qotirib o‘tirishga hojat qolmaydi.

Qidiruv xizmatlari, tarjimon ilovalar, konverterlar va kalkulyatorlardan vaqtinchalik foydalanmaslikka harakat qilib ko‘ring. Hisob-kitoblarni miyangizda bajarishga urinib ko‘ring yoki yuzaga kelgan savollarga javoblarni kitoblardan qidiring. Ha, bu ancha ko‘p vaqt oladi, biroq miyani ishlatishga, sizni esa – ma’lumotlarni eslab qolishga majbur qiladi.

👉"OXFORDSHIRE" o'quv markazi kanaliga a'zo bo'lish: https://t.me/oksfordshireedu


Report Page