An-Naba Surasi

An-Naba Surasi


1.  (Mushriklar) bir-birlaridan  nima haqida so‘rashmoqdalar?!

2-3. Ular  o‘zlari ixtilof qilguvchi bo‘lgan —  ulug‘ xabar hakida (ya’ni qayta tirilish to‘g‘risida savol-javob qilmoqdalar)!

4. Yo‘q (ularning gumonlari behudadir)! Ular yaqinda (bu xabarning haq ekanini) bilib olajaklar!

5. Yana bir bor yo‘q! Ular  yaqinda bilib olajaklar!

6-7. Biz yerni (barcha jonzotlar maskan  tutib yashashlari uchun) bir to‘shak, tog‘larni esa (o‘sha yerni tutib turguvchi) qoziqlar qilib qo‘ymadikmi?!

8. Biz sizlarni  juft-juft qilib yaratdik.

9. Uyqularingizni  (badanlaringiz  va  asablaringiz  uchun) orom  qildik.

10. Kechani (o‘z  qorong‘usi bilan barcha narsani yashirib  turadigan) libos qildik. 

11. Kunduzni esa tirikchilik  (uchun belgilangan vaqt) qildik. 

12. Ustlaringizda yetti (qavat) pishiq-mustahkam (osmonni) bino qildik. 

13. Va doimo charaqlab turguvchi chiroqni (ya’ni quyoshni paydo) qildik. 

14-15-16. Yana Biz o‘zidan yomg‘irni siqib chiqarguvchi (bulut)lardan o‘sha (yomg‘ir) yordamida don va nabototni  hamda (qalinligidan daraxtlari) birbiriga chirmashib ketgan bog‘larni undirib chiqarish uchun — mo‘l-ko‘l suvyomg‘ir yog‘dirdik.

17. Albatta (haq bilan botil,  yaxshi bilan yomon) ajratiladigan Kun (hisob-kitob uchun) belgilangan vaqt bo‘ldi.

18. U Kunda Sur chalinur,  bas, sizlar to‘p-to‘p  bo‘lib (mahshargohga) kelursizlar! 

19. Osmon ham ochilib, (farishtalar tushib  keladigan) eshiklarga aylanib qoldi! 

20. Tog‘lar ham (joylaridan)  jildirilib, (osmonda uchib yurgan) sarobga aylanib qoldi! 

21-22. Albatta tug‘yonga tushguvchilarning borar joylari bo‘lgan jahannam (o‘ziga qulab tushadigan  kofirlarga) ko‘z tutib turguvchi bo‘ldi. 

23. Ular u joyda uzoq zamonlar (ya’ni abadul-abad) qolguvchidirlar! 

24. Ular u joyda (jahannam o‘tidan orom  beradigan) biron salqinni va biron ichimlikni topmaslar! 

25. Faqat qaynoq  suv va yiringnigina (toturlar)! 

26. (Mana shu ularning qilmishlariga) yarasha jazodir! 

27. Chunki ular (Qiyomat kunidagi) hisob-kitobdan umidsiz bo‘lgan kimsalardir. 

28. Ular bizning oyatlarimizni  butunlay  yolg‘on der edilar!

29. Holbuki,  Biz barcha  narsani hisob-kitob qilib,  yozib qo‘ygandirmiz!

30. Bas, (ey kofirlar, Bizning azobimizni) totib ko‘ringlar! Endi Biz sizlarga faqat azobnigina ziyoda qilurmiz!

31. Albatta taqvodor zotlar  uchun  (jannatda) najot manzili bordir.

32. Yana  bog‘lar va uzumzorlar.

33. (Yosh va husnda) tengdosh xushqad (hur)lar.

34. Va (sharob bilan) to‘la maykosalar bordir.

35. Ular u joyda biron behuda va  yolg‘on so‘z eshitmaslar.

36-37-38. (Bu) Parvardigoringiz tomonidan — osmonlar va yerning hamda ularning o‘rtasidagi bor narsalarning  Parvardigori bo‘lmish Mehribon  zot tomonidan (berilgan) mukofot,  yetarli marhamatdir. Ruh (Jabroil) va (barcha) farishtalar saf tortib turadigan Kunda  ular (insonlar) U zotdan (Allohdan) qo‘rqib biron so‘z aytishga qodir bo‘lmaslar. Ular so‘zlay olmaslar, faqat U Mehribon  zot izn bergan kishigina (so‘zlar) va (faqat) rost  so‘zni aytur.

39. Bu haqqi-rost Kundir. Bas, kim xohlasa, o‘z Parvardigori tomon qaytadigan yo‘lni tutur.

40. (Ey Makka kofirlari), darhaqiqat, Biz sizlarni yaqin(da voqe’ bo‘ladigan) azobdan ogohlantirdik. U Kunda (har bir) kishi o‘zi qilib o‘tgan narsani (ya’ni barcha yaxshi-yomon amallarini) ko‘rur va kofir kimsa: «Eh, koshki edi (qaytadan) tuproqqa aylanib ketsam-(u muhaqqaq boshimga tushadigan azobdan qutulsam)», deb qolur.


✍ Alouddin Mansur tarjimasi...

Report Page