Adidas

Adidas


Adolf Dassler 1900-yil 3-noyabrda Baferning kichik shaharchasi Gersogenourada dunyoga keldi. Uning otasi novvoy edi. Adi deb oilaviy davrada chaqiraladigan Adolf kamgap bola boʻlib oʻsdi. U 14 yoshga yetganida Germaniyada Birinchi jahon urushi boshlandi. Biroq Adi yoshi yetmaganligi sababli frontga bormadi. U buni xohlamasdi ham. Uning qiziqishi oʻsha vaqtlarda eng mashhur oʻyinga aylangan futbolda edi.

1918-yilda urush Germaniyaning magʻlubiyati bilan yakunlandi. Mamlakatda notinchlik va inflyatsiya hukmron edi.Frontdan qaytgan millionlab soldatlar ishsizlar armiyasini sonini koʻpaytirardi. Dasslerning oilasi uchun ham qiyin vaqtlar boshlandi. 1920-yilning boshida Dasslerlar oilaviy kengashda oilaviy ish sifatida oyoq kiyim tikishni tashkillashtirishga qaror qilishdi.

Gʻoyani amalga oshirishda Dasslerlar nemis tabiatidan kelib chiqib yondashishdi. Kashfiyotchilikni yaxshi koʻradigan Adi velosipeddan terini qismlarga ajratish uchun uskuna yasadi. Uning opa-singillari va onasi charmdan oyoq kiyim bichishardi. Adi, uning katta akasi Rudolf va otasi oyoq kiyimni tikishardi. Dasslerlar oilasining birinchi mahsuloti yotoqxona shippagi boʻldi. Ular uchun mato sifatida harbiy kiyimlarning eskilari xizmat qildi. Tagcharmni esa, avtomobillarning eski pokrishkalaridan kesib tayyorlashdi. Bu mahsulotni sotishni Rudolf oʻz boʻyniga oldi. Adi ishlab chiqarishni tashkil etish va yangi modellarni oʻylab topish bilan shugʻullanardi. 4 yil oʻtib 12 ta ishchi kuniga 50 juft oyoq kiyim ishlab chiqarishardi.

1924-yil iyulda “Aka-uka Dasslerlar oyoq kiyim fabrikasi” kompaniyasiga asos solindi. 1927-yilda Dasslerlar oʻzlarining fabrikasi uchun butun binoni ijaraga olishdi. Bu vaqtga kelib, ularning shtati 25 kishiga yetgan edi. Ishlab chiqarish esa, kuniga 100 juft oyoq kiyimga yetgandi. Tez orada Dasslerlar bu ijaraga olingan fabrikani sotib olishdi. Dassler kompaniyasining ishlari yaxshi rivojlanib borayotgan edi. Berlindagi Olimpiyadalar yilida “Aka-uka Dasslerlar fabrikasi”ning savdosi 400 ming nemis markasigacha oshdi. 1938-yilda Getsogenourada Dasslerlarning ikkinchi fabrikasi ochildi. Ularning korxonasi kuniga 1000 juft oyoq kiyim ishlab chiqarishni boshlagan edi. 1939-yil 2-jahon urushi boshlandi. Dasslerlar fabrikalari harbiy manfaatlarga xizmat qilish uchun olib qoʻyildi. Aka-ukalarning oʻzlari esa, frontga yuborildi. Nemislar fabrikalardan birida tanklarga qarshi qoʻlbola granatametlarni ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyishga harakat qildi. Biroq, fabrika asbob-uskunalari bunday ishlab chiqarishga qodir emasdi. Shuning uchun Adi nemis soldatlariga oyoq kiyimlar ishlab chiqarish uchun armiyadan bir yil oʻtib qaytarildi. Germaniya bu urushda yutqazdi. Adi ham milliy fojeadan oʻz ulushini oldi. Urush tugagach, bir yildan keyin Rudi harbiy asirlar lageridan qaytdi aka-uka oilaviy ishni yana boshidan boshlashga toʻgʻri keldi. Dassler oyoq kiyimlarni yana harbiylarning eski kiyimlari qoldiqlaridan ishlab chiqarishlariga toʻgʻri keldi. Yollanma ishchilar maoshni tabiiy shaklda - oʻtin va yigirilgan ip bilan olishardi. Aka-uka oʻrtasida bir-birini tushunish yoʻqolgan edi.



1948- yil bahorda otasining oʻlimidan keyin ular butunlay keskin urushib qolishda va oilaviy korxonani boʻlishga qaror qilishdi. Rudi oʻziga bir fabrikani oldi. Adi esa boshqasini. Shu bilan birga, aka-ukalar oilaviy korxonaning nomi va belgisidan foydalanmaslikka kelishib olishdi. Adi oʻz firmasini “Adidas” deb nomladi. Rudi esa, oʻzinikini “Ruda”. Biroq bir necha oy oʻtgach, Addas- Adidasga aylandi (Adi Dasslerning qisqartmasi). Ruda esa, Pumaga aylandi. Shunday qilib, oʻsha vaqtda butun dunyoga mashhur boʻlgan Dassler brendi oʻz yakuniga yetdi. Aka-ukalarning oʻzlari oxirgi kunigacha, oʻzaro kelishmovchilikning sababi haqida hech narsa deyishmadi. Ehtimol Rudi Adini urushdan keyin oʻzining amerikalik ofitserlar bilan tanishligidan foydalanib, uni harbiy asirlar lageridan chiqarib olmaganligini kechira olmagani boʻlgandir. Ehtimol ular shunchaki otasining merosini oddiy boʻlisha olmagandir. Har qanday holda ham oilaviy korxona boʻlinganidan keyin aka-ukalar bir-birlari bilan gaplashmay qoʻyishdi. Puma va Adidas esa, ashaddiy raqiblarga aylanishdi. Bundan tashqari, Puma va Adidas asoschilarining dushmanligi ularning tugʻilgan shahri Gersogenaurada ham koʻrinardi. Har bir kompaniya shaharda oʻzining futbol jamoasiga ega edi. Ularning xodimlari turli xil pivo ichishardi. Hatto xodimlarning bolalari boshqa-boshqa maktablarga borishardi. Ikkala kompaniyaning ham shtat kvartirasi hozirgacha Gersogenaurada joylashgan. Kompaniyalar oʻrtasidagi munosabatdagi keskinlik oldingiday boʻlmasa ham, biroq Adidas xodimlaridan biri mana bunday deydi: “Endi biz albatta bir-birimiz bilan gaplashyapmiz, biroq siz hech qachon meni ularning oyoq kiyimida koʻrmaysiz”. Akasi bilan ajralib, Adi oʻzi kompaniyasining yagona egasiga aylandi. Endi u hech kim bilan maslahatlashishi kerak emasdi. Bu “Hamma narsa mumkin”likdan foydalanib u bir yil oʻtib akasi bilan Dassler fabrikasining ramzidan foydalanmaslik boʻyicha kelishuvini osongina buzdi: Dassler firmasining emblemasidagi ikki chiziqni olib, unga uchinchi chiziqni qoʻshdi va uni Adidas ramzi sifatida patentladi. Akasiga oʻzidan oʻtib ketishiga imkon bermaslik uchun, Adi oʻzining sevimli ishi kashfiyotchilikka bor diqqatini qaratdi. 1949-yilda u almashtiriladigan rezina tishli butsalarni yaratdi. 1950-yilda yomon ob-havo sharoitida ham: qorda ham, muzlagan yerda ham futbol oʻynash uchun qoʻl keladigan futbol butsalarini chiqardi. Shu bilan birga u milliy olimpiya qoʻmitasi bilan eski aloqalarni tikladi. Helsinkida 1952-yildagi olimpiyadada koʻpchilik sportsmenlar Dasslerlerning oʻrniga Adidas oyoq kiyimlarini kiyishdi. Oʻsha olimpiyadada Adi sportsmenlarga Adidas markasidagi boshqa tovarlarni ham taklif qilish fikriga keldi. Bir necha oydan keyin sport sumkalari ishlab chiqarildi. Krossovkalar uning asosiy ishlab chiqarish mahsuloti boʻlib qolsa ham, Adi oʻziga kiyimlarni ishlab chiqarish masʼuliyatini oladigan hamkorni izlay boshladi. Toʻsatdan u bir oqshomda toʻqimachilik fabrikasining egasi Villi Zeltenrayx bilan tanishib qoladi. U bilan birga suhbatlashib, unga yeng qismida 3 ta chiziq bor mingta sport kostyumini buyurtma qiladi. Tovar yaxshi sotiladi. Hamkorlar bir-birini tushunishadi va tez orada Zeltenrayx faqat Adidas uchun tikishni boshlaydi.

Yildan yilga Adi Dassler oyoq kiyimlari yanada texnik va texnologik jihatdan murakkablashib bordi. Baʼzi bir raqobatchilar bunga javoban oʻzlarining reklamalarida oʻz modellarining oddiyligiga diqqat qarata boshlashdi va ularni vaqt davomida sinalganligiga urgʻu berishdi. Biroq 1952-yilda Xelsinkida olimpiyada oʻyinlarida Emil Zatopik adidas sport oyoq kiyimlarida bir hafta ichida 3ta oltin medal oldi. U 5000 metrli, 1000 metrli va marofonda yugurish boʻyicha gʻalaba qozondi. Bunday ketma-ket gʻalaba shu vaqtgacha kuzatilmagan edi. 1954-yilda adidas oyoq kiyimlari futbol boʻyicha jahon chempionatida raqobatda hammadan oʻzib ketadi. Germaniyaning terma jamoasi Adidas oyoq kiyimlarida birinchi marta futbol boʻyicha jahon chempioni boʻlishadi. Millat hayratga tushadi. Nemislar ikkinchi jahon urushidan keyin birinchi gʻolib boʻlishdi. Adi Berndagi hal qiluvchi oʻyinlarda shahsan qatnashadi. Har bir oʻyin oldidan futbolchilarning butsalari uning nazorati ostida tuproqqa va ob-havo sharoitiga, tishlarni almashtirishning yangi texnologiyalari yordamida moslashtiriladi. Bu gʻalaba Adiga toʻgʻridan-toʻgʻri stadionda reklama joylashtirish fikrini beradi. 1956-yilda u Melburndagi Oldimpiyada oʻyinlarida Adidas reklamasi haqida MOK bilan bitim imzolaydi. Shunda Adidas ishlab chiqarishda ham xalqaro ekspansiyani boshlaydi. Adi Gorvikda Norvegiya fabrikasi bilan litsenzion bitim imzolaydi. Tez orada Fransiyada ham Adidas ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyadi.


Adidasning “Oltin asri” boshlanadi. 1960-yilda Rimdagi Olimpiyadada koʻpchilik yengil atletikachilar Adidas oyoq kiyimlarini afzal koʻrishadi. Vilma Rudolf sprintda 3 ta oltin medal oladi. 1968-yilda Meksikada sportsmenlar Adidas oyoq kiyimida 37 ta oltin, 35 ta kumush va 35 ta bronza medallarini olishadi. 1972-yilda Adidas Myunxendagi olimpiya oʻyinlarining nufuzli xomiysiga aylanadi. FRG terma jamoasi futbol boʻyicha jahon chempioni boʻladi. Yana ikki yil oʻtib nemis futbolchilari ikkinchi marta jahon boʻyicha futbol chempioni boʻladi. Va yana Adidasda. 1975-yilda Adi Dassler “Amerika sport tovarlari birlashmasi”ning Amerikaliklar boʻlmaganlar orasida birinchi nufuzli aʼzosiga aylanadi.

1976-yilda Adidas rahbari televizorda Monrealdagi olimpiada oʻyinlarining 400 metrga yugurish boʻyicha musobaqasini tomosha qiladi.Toʻsatdan uning diqqatini kubalik yuguruvchi Alberto Xuantoreni harakatidagi kichik noaniqlik tortadi. Yugurish vaqtida u sezilar sezilmas oyogʻining chetiga ogʻishib yuguradi. Sportchi bu olimpiada uchun maxsus ishlab chiqilgan nazorat qilinadigan, almashtirish tishlariga ega “Spayks” Adidas krossovkalarida yuguradi. Adi Dassler darhol oʻzining olimpiada ishlari boʻyicha mashgʻul boʻlgan yordamchisiga qoʻngʻiroq qilib, sportchining oyoq kiyimini tekshirib koʻrishni buyuradi. Maʼlum boʻlishicha, kubalik sportchi oʻz tashabbusi bilan tishlarni nisbatan uzunrogʻiga almashtirgan boʻlib chiqadi. Monrealdan minglab kilometr uzoqda televizor ekrani oldida oʻtirgan Adolf Dasslerdan boshqa hech kim buni sezmaydi. Tishlarning holati toʻgʻrilanadi. Xuantorini esa, 400 metr va 800 metrga yugurish musobaqalarda oltin medalga ega boʻladi. Mana shu oʻyinda jami boʻlib Adidas oyoq kiyimida qatnashgan sportchilar 75 ta oltin, 86 ta kumush va 88 ta bronza medalini yutishadi. Bu rekordni hali hech bir kompaniya yangilamagan. 1978-yilda Adolf Dassler vafot etadi va kompaniya boshqaruvi uning bevasi Katarinaga oʻtadi. U bu vazifani oʻzining soʻngi kunigacha, 1984-yilgacha muvaffaqiyat bilan ado etadi. Undan keyin kompaniya Xorst Dassler, yaʼni Adi va Katerinaning oʻgʻliga oʻtadi. U xalqaro olimpiya qoʻmitasi va xalqaro futbol federatsiyasi bilan munosabatlarni yoʻlga qoʻyadi va korxonaga birinchi oʻzgartirishlarni kiritishga urinadi. Biroq uning erta oʻlimi bunga xalaqit beradi.51 yoshida Xorst vafot etadi. Uning opa-singillari korxona boshqaruvini olib borishga harakat qilishadi. Biroq, buni uddalay olishmasligini tushunishib, 1989-yilda oʻzlarining 80 foiz aksiyalarini bor yoʻgʻi 440 million nemis markasiga fransuz tadbirkori, oʻsha vaqtda “Olimpik-Marsel” futbol klubi egasi Bernard Tapiga sotadilar va shubhasiz, buni oʻz vaqtida bajargan boʻlib chiqishadi.


4D Brending kitob muallifi Tomas Gedning yozishicha Adidas oʻz vaqtidan oldin, kutilmaganda eskirdi. Uni qandaydir zerikarli, kechagi kunning uslubi sifatida qabul qila boshlashdi. 1990-yilda Adidasning ahvoli shunchaki fojeali boʻlib qoldi: Koʻrilgan zarar miqdori 100 million dollarga yetdi. Amerika Nike brendi va Britaniya Reebookining paydo boʻlishi kompaniyaga katta zarba boʻldi. Ular nisbatan yosh, yangiliklarga boy va qiziqarli brendlar edi. Biroq eng muhimi dunyo oʻzgardi. Shu bilan birga bozor ham. Lekin, firma belgisining oʻzi brendni qayta tiklash mumkinligini, Adidas kabi brend yarim yoʻlda qolib ketmasligini biladigan odamlar uchun qiziqarli oʻzgarishlarni taqdim etdi. 1993-yildan yangi guruh mutaxassislari Adidasning yangi tarixini yozishga kirishdi.Yangi menejmentning birinchi qilgan ishi Nike va Reebookdan bir nechta yaxshi menejerlar va dizaynerlarni oʻziga ogʻdirib olish boʻldi. Ikkinchidan, asta-sekinlik bilan ishlab chiqarish Germaniyadan chetga chiqa boshladi. Endilikda firma oʻzining asosiy raqobatchilari kabi Indoneziyada, Xitoyda, Taylanddagi korxonalarda oyoq kiyimlar ishlab chiqara boshladi. Uchinchi dunyo mamlakatlaridagi ishchi kuchining arzonligi evaziga tejamkorlik mahsulotni dunyo bozorlari raqobati orasida yanada chidamli boʻlishga yordam berdi. Adidasning butun boshli mutaxassislar armiyasi nafaqat professional sport bozoriga, balki haqiqiy sport dunyosiga oid barcha ommaviy bozorga shiddat bilan kirib borishga qaror qilishdi. Adidasda chakana savdo tarmoqlari bilan ishlashdan voz kechildi va bozorda oʻz mahsulotini har yerda uchratishni oldini olish maqsadida firma doʻkonlari tarmoqlari shakllantirildi. Innovatsion mahsulotlar va firma doʻkonlari tarmogʻini yaratish ustida ishlash natijalari 1996-yilda oʻzini ijobiy tomonini koʻrsatdi. Adidas olimpiya oʻyinlarining bosh homiysi sifatida maydonga chiqdi. Savdoning oʻsishi yiliga 50 foizni koʻrsatib boshladi. Oʻsish hozirgacha ham davom etmoqda, biroq eng asosiysi Amerika bozorida Adidas sport kiyimlari orasida 12 foiz ulushga, sport oyoq kiyimlari orasida esa 10 foiz bozor ulushiga egaligi tasdiqlandi. Har bir vaqtga mos boʻlish va oʻzining isteʼmolchisini topish uchun Adidas menejerlari yangi sport turlariga katta eʼtibor qaratishdi. Masalan, Yevropaga stritbolni olib kelishdi. Bugungi kunda Adidas bozorda eng keng assortiment tovarlariga ega kompaniya hisoblanadi. Uning mahsulotlari orasida basketbol krossovkalari va futbol butsalaridan tortib sport kiyimlari va sayohat uchun oyoq kiyimlargacha uchratish mumkin. 1997-yilda Adidas “Salomon” fransuz firmasini sotib oldi. U qishki sport tovarlarini ishlab chiqaruvchi yetakchi kompaniya edi va endilikda bu konsern “Adidas Salomon” aksionerlik jamiyati deb nomlanadi. Bu qadam firmaga sport tovarlarini “Nike”dan keyin dunyo boʻyicha eng yirik boʻlishga imkon berdi. Shunday qilib, Adidas Salomon AG da bevosita 14 mingga yaqin xodim mehnat qiladi. Kompaniyaning savdosi 6,267 milliard yevroni tashkil etadi. Foydasi 260 million yevroni. Konsenr Adidas, Salomon, Mavic, Bonfire, ArcʼTeryx, Taylor Made va Maxfli kabi savjo markalarini birlashtirib turibdi. Uning shtab kvartirasi hozirgacha Adi Dasslerning vatanida, Bover shahri boʻlgan Gersogenaurada joylashgan. Amerika shtab kvartirasi esa, Portlanda (Arigon shtatida) joylashgan.

Adidas logotipi tarixi

Koʻp yillardan buyon Adidas bilan bogʻliq yagona ramz - 3 ta barg (gul) hisoblanadi. “Uch chiziq” - Shubhasiz adidas ramzining kvintessensiyasi hisoblanadi. Adidas uchun bu birinchi belgi logotipini kompaniya asoschisining oʻzi Adi Dassler oʻylab topgan va birinchi marta 1949-yildagi oyoq kiyimlarda foydalangan. Dassler sportsmenlar uning oyoq kiyimlarini sport musobaqalarda kiyishganda darhol tanish mumkin boʻlgan belgini yaratdi. U oʻz kompaniyasiga “3 chiziqli brend” shiorini berdi. Kiyimlarda esa, “3 ta chiziq” 1967-yilda paydo boʻldi. Bugungi kunda bu belgi butun dunyoda Adidas kompaniyasining brendini esga soladi. 1960-yilning oxirida Adidas oʻzining sport kiyimlarini ham ishlab chiqib kengayishni boshladi. Bu Kate va Adi Dasslerni yangi qoʻshimcha tanilish belgisini izlashga undadi. 1971-yil avgustda 3 ta barg belgisi dunyoga keldi. Bu belgi Adidas mahsulotida birinchi marta 1972-yilda foydalanildi. Keyinchalik esa, Adidasning korporativ ramziga aylandi.


1997-yilda Adidas yangi korporativ dizaynni kiritishga qaror qildi va asosiy element sifatida yangi va eskirmagan butun dunyoga 3 toʻsiq logotipi sifatida tanilgan belgini tanladi. U 1990-yilda oʻsha vaqtdagi ijodiy direktor Piter Mur tomonidan ishlab chiqilgan edi. Bu shakl duch kelish mumkin boʻlgan vazifalar togʻi va shu bilan birgalikda yetishish kerak boʻlgan maqsad sifatida ifodalangan toʻsiq sifatida shakllantirilgan. “Adidas Stil Sport” logotipi 2001 yilda yaratildi. Bu logotipning yaratilishi uchun ilhom manbai boʻlib shiddatli va doimiy oʻzgaradigan dunyo boʻldi. Bu adidas stil va sport tamoyillarining barchasi uchun ilhom manbai ham boʻldi. Dunyo 3 ta chiziq bilan oʻrab olingan globus koʻrinishida taqdim etilgan. Bu yerda Adidas butun yer shari maydoni boʻylab mavjud va bizning dunyomiz kabi tez harakatlanayotgan 3 ta chiziqni anglatadi. Bugungi kunda Adidas kompaniyasi oʻzining mahsulotlarida bu uchala logotipdan ham foydalanadi.

Manba: incapital.uz


Report Page