Aaa

Aaa


5-sinfda o’qirdim, shekilli, Shukur Xolmirzayevning “Bodom qishda gulladi” hikoyasini o’qigandim. (Hikoyani o’qimaganlarga o’qishni tavsiya qilaman)

Hikoya qahramonlaridan biri bo’lgan vrach doim Usmon Nosirning she’rlarini ko’chirib olib, o’zi yozganligi haqida gapirar edi. Shunday she’rlardan biri “Sevgi sening shirin tilingdan, Kim o’pmagan, kim tishlamagan?” deb boshlanar ekan. She’r o’shanda menga juda yoqqanidan (5-sinf o’quvchisiga balo bormi bunday she’rlarni yoqtirib, deydigan odam bo’lmagan, shekilli🙊) qidirib topgandim. Ha, bu o’sha mashhur “Monolog” she’ri edi. Tezda she’rni yodlab olganman va maktabda ustozimiz kim she’r o’qiydi deganlarida berilib ifodali o’qib berib, yaxshigina so’kish eshitganman: “Bunaqa she’r o’qishga hali yoshlik qilasan!”

She’rning shu joylarini siz ham eslaysizmi:

Balki, guldan yaralgan pari

Toshko’ngilli Beatriche.

Gadosan deb qochmasa nari

Dante baxtli bo’lardi picha.

Shu darajada qiziqib yodlagan ekanmanki, hozirgacha yoddan ayta olaman. 

Zamon shunchalik tez o’zgarmoqdaki, hozirgi kunda Usmon Nosir ta’riflagan toshko’ngilli, guldan yaralgan pari bir dumalab Dezdemona bo’lib qolibdi. (To’g’ri-da, faqat bir kishini toshko’ngilli deb ayblayvermay, boshqalarni ham ayblash kerak-ku😏)

Ushbu fikr qayerdan chiqibdi deysizmi? Bugun butun respublikamizda o’tkazilgan 8-sinflar uchun ona tili va adabiyot olimpiadasidan. Bitta maktab yoki tumanda emas, respublikada o’tkaziladigan bunday tanlovlarga 20 ta testni eplab tuzib bera oladigan o’qituvchilar yo’qmikin?!


Dezdemonani qo’ya turing, 1968-yil vafot etgan Abdulla Qahhor, O’tkir Hoshimovning 1982-yil yozilgan “Dunyoning ishlari” asari haqida iliq fikrlar bildirgan ekan. Uyoqda antenna yaxshi ishlaydiganga o’xshaydi. 


Boshqa xatolar ham shunday davom etgan.

To’g’ri, bular bir qaraganda mayda-chuyda kamchiliklardir. Dunyo virus balosidan aziyat chekayotgan bir paytda sening o’ylagan narsangni qara deysizmi? Nima qilay? Bu mening fanim, mening soham. Shunday xato javobli testlarni berganlar esa hamkasblarim! Gapirmasdan tura olmadim!

Aytgancha, postni yozishdan maqsadim sizlarga yaxshi bir hikoya va she’rni tavsiya qilish edi. Doimgiday yana “o’tlab” ketdim🤦‍♀️. 

“Monolog” she’ri esa eng sevimli she’rlarimdan biri bo’lib qolaveradi:

“Ki, odamning o’ziniginamas,

Hissini ham xarob qilsa davr!

Qiynalaman!.. Yuragimda hovur...

Bu - qarshilik! Yo’q! Gina emas”.


Report Page