Startup Weekend: 54 soatda biznes g`oyadan haqiqiy kompaniyagacha…
@bizhamToshkentda 27-29-aprel kunlari o`z g`oyalariga ega bo`lgan yoshlarni qo`llab quvvatlovchi Startup Weekend ilk marotaba o`tkazildi.
Bu haftalik 70 ga yaqin ishtirokchilarni, 17 ta mentorlarni va ta 4 hay`at a`zolarini o`z ichiga oldi. Srartup Weekend tashkilotchilari va homiylari: MyTaxi, Ground Zero, Techstars, Super Dispatch, GoTaxi, Daryo, O`zbekiston Yoshlar Ittifoqi tashkilotlaridir.
Bu haftalik qatnashchilariga 54 soat davomida qanday qilib o`z g`oyasini rivojlantirish, biznes jarayonida bo`ladigan qiyinchiliklar, o`z guruhlarini qanday shakllantirish, vazifalarni to`g`ri taqsimlash, o`z mahsulotlarini prototipini tayyorlash haqidagi maslahatlar berib borildi.
Birinchi kuni qatnashchilar 1 daqiqa davomida o`z biznes g`oyalarini qisqacha tanishtirdilar. Barcha g`oyalar eshitilib bo`lingach, ovoz berish jarayoni o`tkazildi va eng ko`p ovozga ega bo`lgan 14 ta g`oya saralab olindi. Bu g`oya egalari o`z atrofida boshqa ishtirokchilarni o`z atrofiga yig`dilar, hamda o`sha kuniyoq vazifalarni bo`lishib oldilar.
Ikkinchi kuni esa ular o`z g`oyalari ustida ishladilar: Kimdir muammoni chuqurroq o`rganish uchun odamlar bilan savol-javob o`tkazgan bo`lsa, boshqalar o`z saytlari, dasturlari(mahsulotlari)ni boshlang`ich ko`rinishini yasashga kirishib ketdi. Har bir guruh bajargan ishlarini baholash uchun ularga mentorlar biriktirldi, ular avval har bir g`oyani eshitib ko`rishdi, hamda o`z fikrlarini bayon qilishdi. Ba`zi guruhlar mentorlarning maslahatlaridan so`ng, turli xil o`zgartirishlar kiritishdi, g`oyalarini rivojlantirishga to`sqinik qilayotgan ba`zi savollarga javob topishdi. Bir so`z bilan aytganda ikkinchi kun- biznesda bir yilda qilinadigan ishlarni rejalashtirish, qanday vazifalar bajarish haqida oz bo`lsada tasavvurga ega qilish uchun asos bo`lib xizmat qildi.
Uchinchi kuni esa, guruhlar o`zlari qilgan ishlarni xulosasi sifatida prezentatsiyalar qilishdi. Endi ular o`z g`oyalari haqida 1 daqiqa emas, balki 5 daqiqa davomida to`liq, barcha detallarini hisobga olgan holda gapirib berishlari lozim edi. Keyingi 3 daqiqa esa, hay`at a`zolari bilan birga bo`lgan savol javobni o`z ichiga oldi. Quyida siz birinchi kuni saralangan va prezentatsiya qilingan 14 ta g`oya haqida qisqacha tanishib chiqishingiz mumkin:
1.OQ (Online queue)- onlayn navbatda turishni tartibga soluvchi sayt va dastur;
2. Guide Me-sayyohlar uchun O`zbekiston shaharlari haqida amaliy ma`lumotlar beruvchi mobil dastur;
3. SWAP-o`zbek blogerlari va reklama beruvchilarni bog`lovchi platforma;
4.GreenGena- tozalash xizmatini ko`rsatuvchilar va shu turdagi xizmatdan foydalanish istagida bo`lganlarni bog`lovchi veb-sayt.
5.Cookers-Sizning ta`bingizga mos keluvchi ovqatlar va ular uchun kerakli masalliqlarni hisoblovchi dastur;
6.KujoGo- shahar bo`ylab borishga arzigulik joylar va tadbirlar haqida ma`lumot beruvchi dastur;
7.Tasker- Rahbarlar uchun vazifalarni tartibga soluvchi telegram bot;
8.Any Toys-Yosh bolali oilalar o`rtasida o`yinchoq almashish imkonini beruvchi dastur;
9.Epistem-Robototexnika va dasturlashga mo`ljallangan o`quv markazi;
10.HiCA(Hi Central Asia)- O`rta Osiyo shaharlari va u yerda bo`layotgan voqea-hodisalar, tadbirlar haqida ma`lumotlar beruvchi dastur;
11.CookBook-noodatiy va ekzotik taomlar retseptlari va ular tayyorlanish jarayoni haqida ma`lumot beruvchi dastur;
12.EVI- abiturientlar uchun onlayn o`quv kurslari;
13.Go Green-shahar ifloslanishiga qarshi ishlab chiqilgan aqlli axlat qutilari loyihasi;
14.Chego-siz joylashgan joy yaqinida yuz berayotgan tadbirlar haqida ma`lumot beruvchi veb-sayt.
Qatnashuvchilar shu kunlar davomida o`z kompaniyalarini tuzishdi, juda ko`plab do`stlar orttirishdi va biznes haqida boshlang`ich bilimga ega bo`lishdi.
Sizchi, dam olish kunlari nima bilan mashg`ul bo`ldingiz?