Ikkalamiz o‘rtoqmiz

Ikkalamiz o‘rtoqmiz

Javlon Juraev


Bu galgi suhbatni ajoyib ertak bilan boshlasak. Nima dedingiz?


Bir kuni bir bolakay zerikkanidan akasining rasm daftariga rasm chizib o‘tirgan ekan. Hamma bolalar kabi u o‘z o‘yinqaroq mashg‘ulotini qog‘ozga mitti odamcha rasmini chizishdan boshlabdi. Bola bari bir bola-da – mo‘jizalarga ishongani tufayli, uning tasavvurida u chizgan odamchaga jon kirib, u bilan suhbatga kirishibdi:


– Salom. Men kimman? – deb so‘rabdi odamcha.


– Sen mitti odamchasan, – javob beribdi bolakay, - Men seni zerikkanimdan chizdim.


– Zerikkaningdan? U nima degani? – tushunmabdi odamcha.


– Zerikish – bir o‘zing qolganingda nimadir qilishni qattiq xohlash.


– Unda men ham zerikar ekanman-da, - xo‘rsinibdi odamcha, - Axir, men ham yolg‘izman.


– Nega endi, - debdi bolakay, - men sen bilan har doim birga bo‘laman. Ikkimiz eng yaqin o‘rtoq bo‘lamiz.


– Rostdanmi? – xursand bo‘libdi odamcha, - Yashasin! Lekin, – yana xomush tortibdi odamcha, - men seni ko‘ra olmasam, faqat ovozingni eshitsam, qanday qilib sen bilan o‘rtoq bo‘laman? Demak, men bari bir yolg‘iz bo‘lar ekanman...


– Mayli, xafa bo‘lma, - debdi bolakay, - Men senga do‘st bo‘lishi uchun yana bir odamcha chizib beraman.


Shunday deb, bolakay mitti odamcha yoniga yana bir odamcha chizibdi. Bola tasavvuri unga ham jon ato etibdi.


– Salom. Men kimman? – deb so‘rabdi yangi odamcha.


– Sen ham mitti odamchasan, - deb javob beribdi bolakay sevinib, - Yoningdagi sening do‘sting. U yolg‘iz bo‘lmasligi uchun seni chizib berdim. Ikkingiz tanishib do‘stlashib olinglar. Hammamiz yaqin do‘st bo‘lamiz.


Bola ko‘z o‘ngida ikki odamcha do‘st tutinib, bir-biri bilan so‘zlasha boshlabdi. Bolakay ikki odamchani yana-da xursand qilish uchun, ular tepasiga quyosh, atrofiga gullar, kapalaklar chizib beribdi.


– Bu narsalar nima? – hayron bo‘libdi odamchalar, - Ular juda chiroyli ekan.


– Bular gullar, - javob beribdi bolakay, - Men ularni sizlar uchun chizdim. Gaplashib zerikkanda, ikkingiz ular orasida bekinmachoq o‘ynashingiz mumkin.


– Sen istagan narsangni chiza olasanmi? – hayron bo‘lishibdi odamchalar, - Biz nega chiza olmaymiz?


– Istasangiz, men sizlarga o‘rgataman, - debdi bolakay, - Bu juda oson.


– >Istaymiz, albatta istaymiz, - sevinchdan sakrashibdi odamchalar.


Shunda bolakay ikki odamchaga rasm chizishni o‘rgatibdi. Odamchalar avvaliga o‘zlariga o‘xshash odamchalarni chizishni o‘rganibdilar. Bu yangi odamchalarga ham bolakay tasavvuri jon ato etaveribdi. Odamchalar o‘zlari chizgan odamchalarning “Men kimman?” degan savoliga o‘zlari bilgancha javob berishibdi. Asta-sekin ular uychalar chizishga o‘tishibdi. Bir zumda rasm daftar varag‘i mitti odamchalar va ularning uychalariga to‘lib ketibdi.


Odamchalar istagan narsalarini chizish va bir-birlari bilan gaplashishga shu qadar berilib ketibdilarki, bolakay haqida tamoman unutishibdi. Bolakay ularning o‘yiniga qo‘shilishni istab aytgan gaplari tinmay vijir-vijir qilayotgan odamchalar shovqinida eshitilmay qolibdi.


Vaqt o‘tib odamchalar ko‘p narsani o‘rganishibdi. Endi oddiy uychalar emas, katta-katta shaharlar chizishni bilib olishibdi. Ba’zi odamchalar nafaqat chizishni – chizilgan narsani o‘chirishni ham o‘rganibdilar.


Shu orada odamchalar orasida “Men kimman?” degan savolga boshqa odamchalar bergan javob bilan qoniqmagan, bunga to‘liqroq va chuqurroq izoh izlaydigan odamchalar paydo bo‘libdi. Bunday izlanuvchan odamchalarning ba’zilari ko‘p ilmlarni kashf qilishibdi.


Ammo hamma qabul qilgan andaza haqiqatlarni qabul qilishni istamay, oliy haqiqatni izlagan ko‘plab ilmsevar odamchalar boshqa odamchalar qahriga duchor bo‘lib, o‘chirilib tashlabdilar.


Ba’zi odamchalar “Men kimman?” degan savollariga “men mitti odamchaman” degan javobni topibdilar. Shunda ular bu ertakning boshida turgan bolakayni eslabdilar. Unga doim do‘st bo‘lib qolish va’dasini berganliklari yodlariga tushibdi. Va ular atroflaridagi shovqin-suron ichida bolakay gaplarini eshitishni o‘rganibdilar. Ular bolakay bilan yana do‘stlashib, birga o‘ynay boshlabdilar...


Ertakning yakunini bilmayman. Chunki u hali tugallanmagan. U hali ham davom etyapti. Mitti


odamchalar hali ham o‘z bilganlaricha yashashda, bolakay bilan do‘st bo‘lish va’dalarini buzishda davom etishyapti. Bilganlarning aytishicha, bir kunmas bir kun odamchalarning bu ishidan toqati toq bo‘lgan bolakay rasm daftar varag‘ini yirtib olib, g‘ijimlab, uni bir chetga uloqtirib tashlar emish. Yana kim bilsin.


Ikki o‘lchamli odamchalar-ku mayli – “Men kimman?” degan savolga siz qanday javob topdingiz? Topgan javobingiz sizni qanchalik qanoatlantirdi? Topgan javobingiz sizga nimalarni anglab yetishga yordam berdi?


Ikki o‘lchamli odamchalarga “hoy, mittivoylar, sizlarning olamingizdan tashqari uchinchi o‘lcham ham bor” desangiz, ular buni tushuna olishi, tushunsa ham – bunga ishonishi juda qiyin. Siz bilan bizga uch o‘lchamli fazo tushunchasi juda oddiy tuyilgani bilan, doimiy fikrlashi ikki o‘lcham doirasida bo‘lgan mavjudotlarga buni yetkaza olmaysiz.


Agar men sizga bizning dunyoda biz ko‘ra biladigan uch o‘lchamdan tashqari to‘rtinchi o‘lcham ham bor desam, bunga qanday qarar edingiz? Olamimizda cheksiz ko‘p o‘lchamlar bor desam-chi? Axir, bolakayning rasm daftari ko‘pvaraqli bo‘lishi mumkin.-ku. Buni tasavvuringizga sig‘dirishingiz qiyin, shundaymi? Ikki o‘lchamli odamchalarga uchinchi o‘lcham haqida gapirilsa, ular ana shu tasavvur qila olmaslik holatini boshdan o‘tkazadilar.


O‘zlikni anglab, kuchli shaxs bo‘lishning eng oliy mukofoti – inson yangi kengliklarni kashf qilishidir. Shaxsiy kuch sizga to‘rtinchi va undan ko‘p o‘lchamlar eshigini ochib beradi. Intuitsiyangiz rivojlanib, dunyoga vaqt va fazoga tobe bo‘lmagan holda qarashni o‘rganasiz.


Juda xayolparast gaplardek tuyilmayaptimi sizga bular? Agar shunday tuyilayotgan bo‘lsa – demak aqlingiz mantiq yordamida hali ham sizni nazoratda saqlayapti ekan. Axir, yuqoridagi gaplarni imkonsiz xayollar sirasiga qo‘shgan aynan mantiq.


Men intuitsiya (ya’ni qalb bilimi) haqida bejiz gapirmadim. Maqsadlarimizga oson erishishda intuitiv bilimlarning ahamiyati katta. Intuitsiya esa shaxsiy kuchi ko‘p odamlarda kuchli bo‘ladi.


Biz – uch o‘lchamli odamlarmiz. Ammo bizga shu uch o‘lcham chegaralaridan tashqariga chiqish qudrati berilgan. Shunday imkoniyatimizga ishonmaganlar mana shu yerda bizni tark etishlari mumkin. Insonning cheksiz imkoniyatlariga ishonganlarga esa meni hali aytadigan gapim ko‘p.


"7QADAM - 3"

@yettiqadam_buyurtma

Report Page