«Eng nufuzli universitetlar diplomi imtihonsiz tan olinadi, lekin...» - xorijiy OTMga o‘qishga kiruvchilar uchun tavsiyalar

«Eng nufuzli universitetlar diplomi imtihonsiz tan olinadi, lekin...» - xorijiy OTMga o‘qishga kiruvchilar uchun tavsiyalar


Xorijda o‘qish istagidagi yoshlar ko‘pchilikni tashkil qiladi. Shu bilan birga, chetdagi biror OTMga hujjat topshirib, aldanib qolgan yoki ta'limni tugatib qaytgach, diplomini O‘zbekistonda tan olish bilan bog‘liq muammolarga duch kelayotgan yoshlar ham oz emas.

Foto: Unsplash

Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasining Ta'lim to‘g‘risidagi hujjatlarni legallashtirish, tan olish va nostrifikatsiya qilish bo‘limi boshlig‘i Nizomjon Ishanqulov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda xorijdagi ta'lim muassasalariga hujjat topshirish istagida bo‘lgan yoshlar nimalarga e'tibor berishlari kerakligi, masofaviy ta'lim shaklida olingan hujjatlarni tan olish borasida kutilayotgan o‘zgarishlar haqida ma'lumot berdi.

Xorijdagi universitetga hujjat topshirishdan avval...

— Avvalo, chet davlatda o‘qish istagida bo‘lgan yoshlar o‘zi tanlagan OTM faoliyat yuritishga ruxsat beruvchi hujjati (litsenziyasi) bor-yo‘qligini tekshirishi lozim.

Aksariyat davlatlarda OTMlarning faoliyat yuritishi uchun ruxsat beruvchi hujjat sifatida litsenziya amal qiladi. Demak, abituriyent xorijiy davlat universitetining litsenziyaga ega ekani yoki vakolatli organ tomonidan faoliyat yuritishi uchun ruxsat berilganini tekshirishi lozim.

Keyingi eng muhim talab esa ta'lim muassasasi berayotgan hujjat (diplom) o‘zi joylashgan mamlakat hududida tan olinishi bilan bog‘liq. Buning uchun esa OTM va uning ta'lim dasturlari vakolatli organlar tomonidan akkreditatsiyadan o‘tkazilgan bo‘lishi lozim.

Bundan tashqari, talabgor tanlagan OTMning o‘qitish shakli va ta'lim dasturlari O‘zbekiston qonunchiligiga mos kelishini o‘rganishi kerak. Masalan, amaldagi «Ta'lim to‘g‘risida»gi qonunga ko‘ra, bakalavriat kamida 4 yil, sirtqi ta'lim kamida 5 yil, magistratura esa kamida 2 yil muddat qilib belgilangan.

Foto: Unsplash


Top-1000talikka kirgan OTMlar hujjatlari sinovsiz tan olinadi, lekin...

— O‘zbekistonda xalqaro tan olingan tashkilotlarning OTMlar reytinglarida birinchi 1000 o‘rinda bo‘lgan universitetlarning diplomlari hech qanday sinovlarsiz to‘g‘ridan to‘g‘ri tan olinadi.

Lekin ba'zi fuqarolar tomonidan «Xorijiy davlatlarda ta'lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish tartibi haqida»gi Nizom normalarini noto‘g‘ri talqin qilish holatlari ham kuzatiladi.

Nizomda har yili tasdiqlanadigan xalqaro e'tirof etilgan tashkilotlarning (Quacquarelli Symonds World University Rankings, Times Nigher Education, Academic Ranking of World Universities) reytingida OTMlar orasida birinchi 1 000 o‘rinni egallagan xorijiy OTMlarda ta'lim olgan talabgorlarning hujjatlari sinovlarsiz to‘g‘ridan to‘g‘ri tan olinishi belgilangan.

Bu holatda talabgorning hujjati ekspertiza qilinib, komissiya tomonidan ta'lim hujjatini tan olishga tavsiya etilishi yoki tan olinishi rad etilishi mumkin.

Agar ekspert komissiyasi tomonidan talabgorning ta'lim hujjatini tan olishga tavsiya etiladigan bo‘lsa, talabgor hech qanday sinovlarda ishtirok etmaydi va hujjati sinovlarsiz to‘g‘ridan to‘g‘ri tan olinadi.

Lekin buning uchun aynan top-mingtalik ro‘yxatga kirgan universitetlarda o‘qiganlarning hujjati ham O‘zbekiston ta'limi qonunchiligiga mos shaklda bo‘lishi kerak. Masalan, ayrim top-mingtalik universitetlarida ham bakalavriat 4 yil emas, 2 yoki 3 yil bo‘lishi mumkin. Ba'zi hollarda esa sirtqi ta'lim shaklida 3 yil tahsil olgan yoki masofaviy ta'lim shaklida tahsil olgan bo‘lishi mumkin va bunday paytda talabgor ta'lim olgan OTM top-mingtalikka kirgan bo‘lsa ham talabgorning hujjatlari tan olinmaydi.

Bundan tashqari, xorijiy OTMning o‘quv rejalari va dars soatlari O‘zbekiston ta'lim standartlaridan keskin farq qilsa ham, hujjatlar tan olishga tavsiya etilmaydi.

Tajriba Yevropa va Sharqiy Osiyoning ta'limi rivojlangan davlatlarida bakalavriat 4 yil bo‘lmasa-da, o‘qilishi kerak bo‘lgan dars soatlari xalqaro standartlarga mos kelishini ko‘rsatadi. Lekin ayrim hollarda qo‘shni davlatlardagi ba'zi OTMlar belgilangan hajmdagi o‘quv soatlarini tugatmasdan diplom beradigan holatlarga ham duch kelinmoqda.

Masofadan o‘qib olingan diplomlar qachon tan olinadi?

Ayni paytda karantin cheklovlari tufayli o‘tgan o‘quv yili aksar OTMlarda o‘qish masofaviy tarzda yakunlandi.

Yangi o‘quv yili ham onlayn boshlanishi ehtimoli yuqoriligi, sentabr oyidan boshlab bakalavriat va magistraturaning yuqori kurs talabalari hamda akademik litseylarning 2-kurs o‘quvchilari uchun 2020/21 o‘quv yilini masofaviy shaklda boshlash rejalashtirilayotgani ham ma'lum qilindi. Ta'limda pandemiya tufayli kuzatilgan keskin burilish endi O‘zbekistonda ham masofaviy ta'lim tan olinishi mumkin, degan taxminlarga sabab bo‘ladi.

Bu masalaga Nizomjon Ishanqulov quyidagicha izoh berdi.

— «Ta'lim to‘g‘risida»gi qonunda ta'lim turlari va shakllari belgilangan. Masofaviy ta'lim hali amaldagi qonunchilikda mavjud bo‘lmagani sababli xorijiy OTMlarda masofaviy ta'lim olgan fuqarolarning hujjatlari O‘zbekistonda tan olinmasdan kelinmoqda. Lekin ayni paytda amaldagi «Ta'lim to‘g‘risida»gi qonunning yangi tahriri ishlab chiqilib, joriy yilning may oyida Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilinib, Senatga yuborilgan.

Yangi tahrirga ko‘ra, masofaviy ta'lim shakli ham O‘zbekistondagi ta'lim turlari ro‘yxatiga kiritilmoqda. Biroq buning o‘zi xorijda masofaviy tarzda olingan diplomlar ham tan olinadi, degan ma'noni anglatmaydi.

Sababi «Ta'lim to‘g‘risida»gi qonun yangi tahrirda qabul qilingandan so‘ng ta'limga oid qonunosti hujjatlarini unga moslashtirish ishlari olib boriladi. Bunda quyidagi ishlar qilinishi kerak bo‘ladi:

  • Masofaviy ta'lim shakli «Ta'lim to‘g‘risida»gi qonunda belgilangach, mamlakat OTMlarida ham masofaviy ta'lim shakli bo‘yicha qabul kvotalari belgilanishi;
  • Masofaviy ta'lim mexanizmi ishlab chiqilishi va amaliyotga joriy etilishi;
  • Qator qonunosti hujjatlar ishlab chiqilishi, mavjudlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilishi zarur bo‘ladi.

Davlatda masofaviy ta'lim shaklida o‘qitish mumkin bo‘lgan yo‘nalishlar belgilangach, xorijda olingan masofaviy ta'lim ta'lim shaklidagi hujjatni tan olish uchun normativ baza shakllanadi.

Foto: Unsplash


Ma'lum muddat uchun masofaviy ta'lim shakli

— Pandemiya tufayli ko‘plab davlatlarda ma'lum semestrlar onlayn tarzda tashkillashtirildi va tashkillashtirilishi mumkin. Shunday bo‘lishiga qaramay, aslida talabalar kunduzgi, kechki yoki sirtqi shaklda o‘qish uchun hujjat topshirishgan va to‘liq o‘quv dasturini shunday tugatishadi.

Yuzaga kelgan vaqtinchalik murakkab holatda talabalarning ma'lum davrni masofaviy o‘qishgani ular keyinchalik ega bo‘ladigan oliy ma'lumot to‘g‘risidagi hujjatlarning tan olinishi uchun muammo bo‘lmaydi.

Bo‘lajak talabalarga tavsiyalar

— Hujjat topshirish jarayonida tanlangan universitetning akkreditatsiyadan o‘tkazilgani, litsenziyaga ega ekanini tekshirish juda muhim. Oliy ta'limga oid har qanday ma'lumot faktcheking qilinishi zarur.

Bundan tashqari, chet davlatdagi ta'lim muassasasiga hujjat topshirayotganda ta'lim shakli, davomiyligi O‘zbekiston ta'lim dasturlariga to‘g‘ri kelishini bilib olish ham lozim.

Shuningdek, ta'lim berish sifati yuqori bo‘lgan OTMni tanlash ham maqsadga muvofiq. Bu keyinchalik mehnat bozorida munosib o‘rin topishga yordam beradi.



Report Page