46

46

@sahihi_buxoriy

Barro ibn Ozib o‘z hoshtasidagi masjidida jamoat bilan namoz o‘qidi. 

Mahmud ibn ar-Rabi’ rivoyat qiladilar: «Utbon — Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning, Badr urushida birga qatnashgan ansoriy sahobalaridandir. U Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga kelib: «Yo Rasululloh, ko‘zim xiralashib qoldi. Men o‘z qavmimning imomiman. Yomg‘ir yog‘ganda mening uyim bilan qavmim o‘rtasidagi vodiyda suv to‘planib, ularning masjidiga borib namoz o‘qib bera olmayabman. Yo  Rasululloh sallallohu alayhi va sallam, sizdan iltijo qilaman, menikiga borib, uyimda namoz o‘qisangiz, men o‘sha joyni o‘zimga namozgoh qilib olsam!» — dedi. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam unga: «Inshoolloh, shunday qilaman»,— dedilar.

Utbon aytadilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam va Abu Bakr Siddiq erta bilan quyosh bir oz ko‘tarilgach, keldilar. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam kirishga ruxsat so‘radilar. Ularni hovliga taklif qildim. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam uyga kirgach, o‘tirmasdan: «Uyingning qay yerida namoz o‘qib berishimni istaysan?» —  dedilar. Men uyimning bir tomonini Rasulullohga ko‘rsatdim. U zot o‘sha yerda namozga takbiri tahrima aytdilar. Biz orqalarida saf turib, u kishiga iqtido qildik, ikki rak’at namoz o‘qib, keyin salom berdilar. Biz Rasulullohni, u kishi uchun tayyorlangan «xazira» degan  taomni yeb keting, deb qo‘ymadik. Mahallamdagilar (Rasululloh sallallohu alayhi va sallam kelibdilar, deb) ketma-ket uyimga kirib kelishdi.

Ulardan biri: «Molik ibn Duxshin qani?» — dedi.

Kimdir: «U munofiq, Alloh va uning Rasulini yaxshi ko‘rmaydi»,— dedi. 

Shunda Rasululloh: «Unday demangiz, u Allohning rizoligini tilab, «La ilaha illallohu Muhammadun Rasululloh»,— deganku, bilmaysizlarmi?» — dedilar.

Kimdir: «Alloh va uning Rasuli yaxshiroq bilgaydir»,— dedi. Yana kimdir: «Biz uning munofiqlarga  yondoshayotganini, ularning yonini olayotganini ko‘rayotirmiz»,— dedi. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Allohning rizoligini istab, «La ilaha illallohu Muhammadun rasululloh»,— degan kishiga Alloh do‘zax o‘tini harom ayladi»,— dedilar.

Ibn Shihob az-Zuhriy: «Keyin ushbu hadisni al-Husayn ibn Muhammaddan so‘radim. U Baniy Solim qabilasining nufuzli kishilaridan biri bo‘lib, mazkur hadisni tasdiqlaydi»,— deydilar».

Report Page